Shubhali yo`lovchi

14:41, 24 noyabr

Cho`ntagidagi nashani  uyga tashlab chiqish esidan chiqibdi

- Toshkent, bir kishi, Toshkent!...

Angren markazidan poytaxtga jo`naydigan taksilar qo`nalg`asida etib kelgan Diyorbek  so`nggi yo`lovchini kutib turgan haydovchi tarafga yurdi. Narxni kelishib, mashinaga o`tirdi. Mashina ichidagi qolgan uch yo`lovchi ham engil nafas oldi. Axir ular ham yarim soatdan beri oxirgi  to`rtinchi hamrohlarini  kutib turishgandi-da!

 Mana, qirmizi rangli Neksiya tungi Angren ko`chalari bo`ylab elib bormoqda. Diyorbek ham boshqa hamrohlari qatori tezroq manzilga oshiqardi. Yigirma besh yoshli bu yigitcha Toshkentdagi oliy o`quv yurtlaridan birining talabasi. Kechki payt poytaxtdagi nufuzli restoranlardan birida barmenlik qiladi. Har qalay o`z kundalik xarajatlari uchun pul topib yuribdi. Faqat...

 Diyorbek cho`ntaklarini paypaslab ko`rarkan, muhim narsani uyda qoldirib chiqmaganini anglab, ko`ngli xira tortdi. Kiyimini almashtirgan paytda eski shimining cho`ntagidagi narsalarni uyga tashlab chiqish esidan chiqibdi. Endi ortga qaytishning iloji yo`q. Nima bo`lsa bo`lar...

 ...Toshkentga kiraverishdagi blokpostda yo`l harakati xavfsizligi xodimlari mashinani to`xtatishgan chog`da Diyorbekning ichiga g`ulg`ula tushdi. Obbo, ishqilib tekshirib ko`rishmasin-da!

 Ayagan ko`zga cho`p tushadi, deb bekor aytishmas ekan. Yigitchaning olazarak boqishlari YPX xodimining o`tkir nigohini chetlab o`tolmadi.

- Iltimos, bir daqiqa pastga tushsangiz!

- Menmi? - talmovsiradi Diyorbek.

- Ha, ha, siz!

 Tamom o`yladi u blokpost binosiga kirib borarkan. Huquq-tartibot xodimlari uni tintish jaryonida cho`ntagidan ikkita Kent sigaretasi qutisini topishdi. Agar qutida odatdagidek sigaretalar bo`lganida-ku hech kim hech narsa demasdi. Ammo... qutilar ichidan olti grammga yaqin marixuana topildi...

 Keyingi jarayonlar o`quvchiga ma`lum. Giyohvand modalarini noqonuniy olib yurish ham jinoyat sanaladi va tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo`ladi.

- Men bu moddani o`zim uchun olib yurgandim, - dedi Diyorbek Rafiqov sud majlisida ko`z-yoshlarini tiyolmay.  Ancha yilgari uyimiz yaqinidagi anhor bo`yida o`sib yotgan yovvoyi nasha o`simligini ko`rib, uni yulib uyga opkeldim. Uydagilardan yashirincha quritib, chekib ko`rdim. Keyin yana ikki-uch marta marta yashirincha chekdim. Qolganini qutichalarga qadoqlab eski shimimning cho`ntagiga qolib qo`ygandim. Toshkentga kelayotib, ularni uyda qoldirib kelishni unutibman...

 Har qalay bu Diyorbening shaxsiy e`tirofi. Tergov-surishtiruv davomida bu giyohvand moddani kimdandir olgani yo kimgadir etkazib bermoqchi bo`lgani aniqlanmadi. Shu bilan birga tibbiy tekshiruv Diyorbek Rafiqovni giyohvandlik dardiga mubtalo bo`lganini ham tasdilamadi. Kim bilsin, o`z vaqtida uning siri fosh bo`lmaganida, ehtimol, ana shu dardi bedavoga yo`liqib, ham o`zi, ham yaqinlari, ham jamiyat uchun katta xavf tug`dirgan bo`lmarmidi?

 Har bir xatti-harakat qonuniy jazosini olishi lozim. Diyorbek ham giyohvand moddani qonunga xilof ravishda saqlab kelgani va olib yurgani uchun tegishli jazosini oldi.

Giyohvanndik  jamiyat taraqqiyotiga bolta uruvchi eng mudhish illatlardan biri. Diyorbek ham o`zining bu nojo`ya harakati bilan o`z sha`niga dog` tushirib qo`ydi. Ammo, hali umid bor. Shoyadki, bu xatosidan tegishli xulosa chiqarib, kelgusida har bir qadamini o`ylab bossa...

Sohib Ixtiyor

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!