Mashhurlarning eng antiqa irimlari

15:59, 24 noyabr

Irimlarga ishonasizmi? Yo`lidan qora mushuk kesib o`tsa, iziga qaytadigan yoki “tumor omad keltiradi” deydiganlar sirasidanmisiz? «Ha» deb javob bersangiz ham, aslida ich-ichingizda bu irimlar bo`lmagan gap ekaniga ishonasiz. Biroq oshkora tan olishga kelganida ojizlik qilib qo`yasiz, nimadir xalal beradi. Buni qarangki, dunyo yulduzlari ham juda antiqa irimlarga ishonishar ekan. O`zimiznikilar ham ulardan qolishmaydi. Fikrlar moddiylashadi, degani shu bo`lsa ajabmas...

Homiladorlikdagi hangoma
Amerikalik aktrisa Jessika Alba 2008 yil to`ng`ich farzandiga homiladorligida juda irimchi edi. Tug`ruqqa qadar do`stlariga duo o`qilgan charm bilaguzuklarni tarqatib, “Bolam tug`ilmaguncha qo`lingizdan echmang!” deya iltimos qilgan. Yo`qsa, farzandiga salbiy ta`sir ko`rsatishiga ishongan. 

Turmush o`rtog`iga tuz uzatmaydi
Aktrisa Ketrin Zeta-Jons sira grim xonasida kuylamas, hushtak ham chalmas ekan. Bordiyu bexosdan hushtak chalib yuborsa, elka osha tuflab qo`yarkan. Bundan tashqari aktrisa dasturxon atrofida o`tirganida urishib qolish belgisi, deya hech kimga, ayniqsa, turmush o`rtog`iga tuz uzataydi.

Omadsizlik keltiradi…
Aktyor Robert Pattison qora mushuk va 13 raqamidan qo`rqadi. Robert bularni omadsizlik belgisi sifatida qabul qiladi.

O`ng va chap oyoqning xosiyati
Amerikalik aktrisa Salma Xayek bolaligidan o`ng oyoq bilan ostona hatlashni irim qiladi. Chap oyog`i bilan qadam tashlasa, omadsizlikka duch kelar ekan.

Qiyshaygan mix va tanganinig siri
Opera xonandasi Luchano Pavarotti hech qachon cho`ntagida egilgan mix va oyoq kiyimiga solingan tangasiz sahnaga chiqmaydi. Bu uning muvaffaqiyatli chiqish qilish belgisi.

Daraxtni taqillatadi
Aktrisa Nikol Kidman yomon hayollar haqida o`ylagani yo bemavrid biron gap aytib yuborganida doim daraxtni taqillatadi. Xonanda va aktrisa Peris Xilton ham xuddi Kidman kabi yo`l tutadi. Shuningdek, 11:11 raqamini ko`rib qolsa, albatta niyat qiladi. Chunki bunday holda niyati amalga oshishiga ishonadi.

Charm ryugzak
Aktrisa Natali Portman birinchi gonorariga harid qilgan charm ryukzagidan sira ayrilmaydi. Bu aktrisaga yangi-yangi rollar “yomg`ir”ini olib kelar ekan.

Britni Spirs Megan Foksni o`limdan saqlaydi
Aktrisa va fotomodel Megan Foks samolyotda uchishdan qo`rqadi. Uchishga to`g`ri kelib qolsa, to manziliga etguncha Britni Spirsning qo`shiqlarini tinglaydi. Bu xonandaning albomini tinglagan odamning qismatiga halokat rahna solmaydi degan  fikrda. 

Omad keltiruvchi oyoq kiyimlar
Aktrisa Reychel Vays oyoq kiyimlarini irim qiladi. Noto`g`ri tanlangan tufli o`sha kuni unga baxtsizlik olib kelar ekan. Qiziq, qaysi oyoq kiyim unga omad olib kelishini qaerdan biladi?!

Ledi Gagani chindan sevmasa…
Pop malikasi Ledi Gaga ijodining muvaffaqiyatli bo`lishida uyquni sababchi deb biladi. Agar yonida yurakdan yaxshi ko`rmaydigan yaqini uxlamasa, san`atdagi omadini boy berib qo`yar ekan. “Ular mening quvvatimni olib qo`yadi”, deydi.

Maykl Jordanning kererasini yaratgan kiyim
Basketbol bo`yicha dunyo yulduzi Maykl Jordan uchun «23» omadli raqam ekan. Ikkinchidan, uning eski ko`k shortisi doim unga omad olib kelar ekan. Basketboldagi karerasiga ham shu kiyimini sababchi deb biladi. 

Baskovni uyga qamagan baxtsizlik
Xonanda Nikolay Baskov qora mushuklardan qo`rqadi. Kunlarning birida mushuk sabab to`rt chaqirim masofani piyoda bosib o`tishiga to`g`ri kelgan. Buvisi sovg`a qilgan kumush taqinchoqni o`g`irlatib qo`ygani uchun bir necha kun uyidan chiqmagan. Aytishicha, bu baxtsizlik belgisi emish.

Koroleva nima sabab familiyasini o`zgartirdi?
Rossiya estrada xonandasi Natasha Koroleva 13 raqamidan qo`rqqani uchun hatto familiyasini ham o`zgartirgan. Undan avval asl familiyasi — Porvay bilan ijod boshlagandi. Xonandaning yaqinlari “Ism-sharifing 13 ta harfni tashkil etar ekan”, deyishi bunga sabab bo`lgan. Natashaning aytishicha, taxallus bilan ish boshlagach, omad u bilan izma iz yurgan.

Allegrovani sahnada rasmga olish mumkin emas
Xonanda Irina Allegrova konsert vaqtida rasmga olishlarini yoqtirmaydi. “Sahnada baliqdek suzayotgan vaqtimda rasmga tushirishsa, menga ko`z tegadi”, deydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!