Oshxonada uyalib qolmasligingiz uchun 25 ta maslahat

10:12, 25 noyabr

Oshpazlarning mahorat siri nimada ekanligini bilasizmi? Maxsus resept yoki antiqa aralashmalarda deb o`ylasangiz, adashasiz. Aslida mazali taom tayyorlashning maxsus resepti yo`q. Shunchaki qonun-qoidasiga to`g`ri amal qilish va oshxonada tajriba o`tkazishdan cho`chimaslik kerak. Ana shunda mahoratingiz oshib, taomu eguliklaringiz ta`mi og`izda qoladigan bo`ladi. Demak, oshxona bekasi bo`lishning ba`zi sir-asrorlari siz uchun qiziq bo`lsa, maslahatlarimizga diqqat qiling.

Biskvit korji

Biskvit oson tayyorlangani bilan biroz «qaysar»roq. Hatto mikserda tuxum oqini uzoqroq ko`pirtirib yuborsangiz ham shishib chiqmay qoladi. Agar un solganingizdan so`ng xamir suyuqroq chiqqandek tuyulsa, aslo un qo`shib quyuqlashtirmang. Xamirga yarim choy qoshiq iste`mol sodasi aralashtiring-da, gaz pechiga qo`ying. Soda yordamida suyuq biskvit xamiri keraklicha ko`tariladi.

Iste`mol sodasi

Pishiriqqa iste`mol sodasi ishlatayotgan bo`lsangiz, sirka yoki limon sharbati bilan aralashtirib, so`ng foydalaning. Yo`qsa, pishiriqdan sodaning taxir mazasi va yoqimsiz hidi bilinib qoladi.

Pirog usti qizarib, ichi pishmay qolsa...

Pishayotgan pirogning ustki qismi ichiga nisbatan avvalroq pishib qolsa, o`simlik yog`i surtilgan pishiriq qog`ozi (folga) ni  pirog ustiga yoping-da, pishirishdan davom eting. Shunda xamirning ustki qismi ortiqcha qizarib ketmay, ichidagi xamiri maromida pishadi.

Pechenelarning tagi kuyganda...

Tashlab yuborishga shoshilmang! Tagi kuygan pechenelarni mayda tishli qirg`ichda qirib, qoramtir qismidan tozalash mumkin. Tozalangan pechenelarning qirilganini yashirish uchun qand upasi sepib bezasangiz bo`ladi.

Shokoladli glazur

Tort ustiga quyiladigan glazurdan foydalanayotganingizda oqib ketmasligi uchun ozgina kraxmal solib aralashtiring. Glazurni tort korjiga tekis surtish uchun pichoqni avval issiq suvga botirib, keyin ishlating.

Krem tayyorlashda....

Quyuq qaymoqdan krem tayyorlab bo`lmaydi. Shu sabab qaymoq quyuq bo`lsa, ozgina sut aralashtirib, keyin foydalansangiz, krem bir tekis surtiladi.

Yumshoq sufle tayyorlashda....

Agar tvorog yoki djem qo`shilgan pirog ustini shakar bilan ko`pirtirilgan tuxum oqi bilan bezamoqchi bo`lsangiz, aralashmaga 1-2 osh qoshiq limon sharbati yoki kukunidan qo`shing. Shunda bize yumshoq sufle ko`rinishida bo`lib, bize singari qotib qolmaydi.

Pirojki

Oshirma xamirdan tayyorlangan pirojkilarni gaz pechidan olgach, issiqligida ustiga sariyog` surting. Issiqligida xamir sariyog`ni shimib olib, ust qismi yaltillab, ishtahaochar ko`rinish beradi.

Sariyog` qoraymasligi uchun…

Agar pishiriq uchun sariyog`ni eritish kerak bo`lsa, tovaga ozroq tuz sepib, aylanasi bo`ylab tarqating. Shunda eriyotgan sariyog` qorayib ketmaydi (bunda mayda tuzdan foydalangan ma`qul).

Qo`ziqorinni pishirishda...

Quritilgan qo`ziqorinlarni pishirishdan oldin 1-2 soat tuz qo`shilgan sutga solib qo`ying. Shundan so`ng ularni suvda qaynatsangiz, tez pishadi, yumshoq va mazali bo`ladi.

Ko`katlar

Agar muzlatgichingizdagi ko`katlar so`lib qolgan bo`lsa, ularni qayta tiriltirish mumkin. Buning uchun muzdek suvga ozroq sirka aralashtirib, ko`katlarni bir-ikki marotaba botirib, so`ng silqing. Qarabsizki, barra ko`katlar yana foydalanish uchun shay.

Sabzavotlarni qaynatgach....

Sabzavotlarning po`stini archib, tuzli suvda qaynatsangiz, pishgach, suvini to`kib yubormang. Undan sho`rva yoki go`sht qiymasini qovurishda foydalansa bo`ladi. Sazavotlar qaynayotib, tarkibidagi foydali vitaminlari suvga chiqadi. Shu sabab qaynatilgan suvini bemalol ishlatish mumkin.

Kartoshkali garnir uchun

Tozalangan kartoshkalarni 10-15 daqiqaga tuzli issiq suvga soling. So`ng sochiq ustiga yoyib quriting-da, yog`da qovuring. Bunday jarayondan so`ng kartoshkaning mazasi xushta`m, o`zi qarsillagan bo`ladi.

Qizil lavlagi

Boshqa sazavotlardan farqli ravishda qizil lavlagini tuzsiz suvda, alohida qaynatish kerak. Tuzli suvda qaynatilgan lavlagi ta`mini yo`qotadi. Salat tayyorlashda lavlagini to`g`rab, ozgina o`simlik yog`i bilan aralashtirsangiz, salat ko`rinishi chiroyli chiqadi.

Gulkaram

Qaynatilgan gulkaramning rangi ba`zi vaqt sarg`ayib qoladi. Buning oldini olish uchun olovga qo`yishdan oldin gulkaram solingan idishga bir bo`lak limon ham qo`ying. Limon gulkaram rangini sarg`ayishdan himoyalab, oppoq ko`rinishini saqlab qoladi.

Baliq go`shti

Baliqni qovurishdan avval yarim-bir soatlarga limon, tuxum va tuz solingan aralashmaga solib qo`ysangiz, go`shti yanada yumshoq va mazali bo`ladi.

Keks xamiri

Pishirayotgan keksingiz chiroyli sarg`ish rangda chiqishi uchun tuxum sarig`iga ozgina tuz solib, muzlatgichga qo`ying. Bu ishni pishiriq tayyorlashdan 1 soat oldin qilish kerak.

Pirogga mayiz solsangiz...

Pishiriq xamiriga mayiz qo`shsangiz, uni avval issiq suvga botiring yoki un bilan aralashtirib, so`ng xamirga qo`shing. Shunda mayizlar pishiriq tagiga cho`kib qolmaydi.

Tuxum o`rniga…

Pishiriq ustiga surtish uchun tuxum qolmagan bo`lsa, bu ishni qatiq yoki oddiy suv bilan ham bajarish mumkin. Qatiq yoki suvni pishiriq ustiga surtilganda pishgach, tuxum kabi qizg`ish rang beradi.

Mazali kotlet tayyorlash uchun

Qiymali bo`laklarni non talqoniga botirib qovuring. Non talqoni nafaqat kotletga xush ta`m beradi, balki ortiqcha yog`ni o`zida ushlab qolib, qiyma mazasini ta`minlaydi.

Limon

Agar taom yoki pishiriqqa limon qo`shmoqchi bo`lsangiz, ishlatishdan avval issiq suvda chaying. Bunday usulda limon yanada xushta`m bo`ladi.

Piyozni qizartirishda…

Garnir uchun piyozdan foydalanmoqchi bo`lsangiz, avval uni un bilan aralashtirish kerak. Shunda piyoz rangi qizarib, mazali ta`mga ega bo`ladi.

Eskirgan sariyog` ta`mini sozlashda…

Muzlatgichda sariyog` uzoq vaqt turib qolsa, tabiiy ta`mini yo`qotadi. Uning asl ta`mini qaytarish uchun 1-2 soat sariyog` solingan idishga bir bo`lak sabzi soling. Qarabsizki, sariyog` ta`mi yana tabiiy holiga qaytadi.

Non qotib qolganda....

Nonushta uchun non qotib qolsa, aslo xavotir olmang. Nonni suvli bug`da 10-15 daqiqa ushlab tursangiz, yumshab, o`z holiga qaytadi.

Oshirma xamir

Oshirma xamir tayyorlashda bir qo`lingiz bilan masalliqlarni solsangiz, ikkinchisi bilan to`xtatmay aralashtirib turing. Xamirning ko`tarilishi ana shu jarayonga bog`liq. Sutning haroratiga ham ahamiyat bering. Issiq sutda xamir yaxshi ko`tarilmaydi.

Suyuq taomlar

Qaynatma yoki qovurma sho`rva tayyorlaganda tuzni tayyor bo`lishidan oldin soling. Dafna (lavr) bargini ham ovqat suzishdan 15-20 daqiqa avval solsangiz, sho`rva o`z ta`mini saqlab qoladi.

Choy, qahva...

Damlangan ichimliklarga yoqimli ta`m berish uchun ular saqlanadigan idishga limon yoki apelsin bo`laklaridan soling. Mazasi yanada xushta`m bo`ladi.

Samira ULUG`BEKOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!