Toshkentda yosh tadbirkorlar biznes-forumi boshlandi

11:50, 25 noyabr

Toshkentda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida yosh tadbirkorlar biznes-forumi boshlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Respublika yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash markazi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo`mitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi hamda O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 120 yosh tadbirkor ishtirok etmoqda. 

O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o`rinbosari vazifasini bajaruvchi N.Dadaxonova, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi o`rinbosari O`.Shukurov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, buning uchun zarur sharoitlar yaratish, yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuksak samaralar berayotganini ta`kidladi. 

2016 yil 14 sentyabrda imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonun mazkur yo`nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko`tardi. 

"Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yigit-qizlarda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirish, ularning biznes g`oyalarini qo`llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Yosh tadbirkor – kelajakka poydevor”, “Mening biznes g`oyam” kabi loyihalar yoshlarning biznes loyihalarini ro`yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. 

Tadbirda soha mutaxassislari tomonidan yoshlar uchun biznesni tartibga soluvchi me`yoriy-huquqiy hujjatlar, kichik biznesning yuridik maqomini tanlash, tijorat banklarining kredit siyosati, biznes-reja tuzish talablari, kichik biznes texnologiyalarini topish, sotib olish va olib kelish shartlari bo`yicha ma`lumotlar berildi. 

Forumda yosh tadbirkorlarning g`oya va tashabbuslari taqdimotlari bo`lib o`tdi. Axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, turizmni rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoyalash, yoshlar tadbirkorligiga oid huquqiy-me`yoriy hujjatlarni yanada takomillashtirishga oid taklif va mulohazalar ekspertlar tomonidan ko`rib chiqildi. 

Forumda yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish, zamonaviy texnologiyalarni o`zlashtirish, eksport-import operasiyalarini rivojlantirish, yoshlar tadbirkorligiga oid soliq siyosati, yosh soliq to`lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, yosh tadbirkorlarga bo`sh turgan bino va inshootlarni ajratish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!