Otasidan ayro yashayotganlar dardi

12:11, 25 noyabr

Ajrashish — er-xotin o`rtasida yuz beradigan jarayon. Bundan farzandlar eng ko`p jabr chekadi. Ular ikki o`t orasida qolishadi: yo otasini, yo onasini tanlashi kerak. Bu majburiy «tanlov» esa bolalarning ruhiyatiga, kelajak hayotiga ta`sir o`tkazmasdan qolmaydi... Ushbu mavzu yuzasidan murojaat qilgan mushtariylarimizga ham ma`nan, ham ruhan ko`maklashish uchun sahifamizda bu gal ruhshunos maslahatlarini ham berdik...

 

«Bolalarim tashlab ketishidan qo`rqaman…»

Gulsara, 44 yosh, Urganch shahri:

— Uch nafar farzandim bor. Qaynonam bilan chiqisha olmaganim sababli turmushim buzilgan. Aslida erim yaxshi inson edi, ammo hech qachon yonimni olmas, uyda janjal bo`lsa, doim meni ayblardi. Oxiri, ota uyimga ketdim. «Men kerak bo`lmasam ham, erim bolalari uchun bizni olib ketib, alohida uyda yashaydi», deb o`ylagandim. Afsuski, xato qilibman. Birorta jiddiy muammo bo`lmasa ham, biz ajrashdik. Erim esa uylandi. Bu menga qattiq ta`sir qilgani uchun farzandlarimni otasiga qarshi ruxda tarbiyalamoqchi bo`ldim. Ularga doim sobiq erimni yomonlardim. Uchrashishlariga esa umuman yo`l qo`ymasdim, chunki farzandlarim meni tashlab, otasi bilan ketishlaridan qo`rqardim. Mana, bolalarim katta bo`lib qolishgan.

O`g`limning o`qishi, xulqi yaxshi edi. Ajrashuvimiz yomon ta`sir qildimi, bebosh bo`lib o`sdi. Qizlarim ham mendan yashirincha ammalari, amakilari bilan aloqa o`rnatishgan. Hozir sobiq erim yoki uning qarindoshlari haqida yomon gap gapirgudek bo`lsam, qizlarim «Ular bizning qarindoshlarimiz. Dadam bilan siz ajrashgansiz, biz emas! O`shanda urishmay yashaganingizda, biz ham otamiz bilan bir uyda yashardik. Otam ham, ammalarim ham siz aytgandek yomon odamlar emas ekan. Doim bizni mehr bilan kutib olishadi. Urishishmaydi, yaxshi ko`rishadi. Nega endi ularni yomon ko`rishimiz kerak?» deyishadi. Bu gaplardan keyin juda qiyin ahvolda qoldim. Yaqinda o`g`lim bir kun uyga kelmadi. «Qaerda eding?» desam, «Dadamnikida, kichkina ukamning tug`ilgan kuniga borgandim», deb javob berdi. «Nega shuni bir og`iz aytmading?», degan so`rog`imga «Ruxsat so`raganim bilan baribir «boraver» demasdingiz-ku!», deydi. Farzandlarimning bunday munosabatidan keyin o`ylanib qoldim. Nahotki, bir boshim bilan katta qilayotgan bolalarim menga qarshi bo`lib qolishgan?! Ba`zan erimning singillari ularni issiq-sovuq qilib, o`zlariga isitib olishganmi, deb o`ylab qolaman. Bu vaziyatda nima qilay? Maslahat bering?..

Maslahat: — Avvalo, xato o`zingizdan o`tgan. Axir, nimagadir erishish uchun hayotning qaysidir sinoviga chidash kerak. Endi esa yana xatoga yo`l qo`ymoqchisiz. Bolalaringizni ota mehridan judo qilib, nimaga erishasiz?! Unutmang, ona otaning o`rnini bosolmaydi. Farzandlaringiz otasini qo`msashgan. Buni shuncha yil boqib katta qilganingizga qarshi javob deb noto`g`ri tushunmang. Ularga otasi bilan munosabatlarni tiklashiga ruxsat va imkoniyat bering.

Ruhshunos maslahati: — Sizda alamzadalik bor. Arzimagan sabab tufayli oilangiz darz ketgan. Biroq bu his-tuyg`ungizni bolalaringizga bildirmasligingiz kerak. Bolalaringiz ayni otasi bilan sizni taqqoslaydigan yoshda. Qo`rquv, hadik, alam bilan ularni o`zingizdan uzoqlashtirasiz. Buning o`rniga sobiq turmush o`rtog`ingiz va uning yaqinlari haqidagi farzandlaringizning ijobiy fikrlarini «Balkim bolam, to`g`ri gapirayotgandirsan. Otang hayotni tushunib qolgandir», deb tasdiqlang. Ular hozir o`z tarozilarida hammasini o`lchashadi. Tarozining pallalarini teng tutish esa sizning qo`lingizda. Otasi haqidagi salbiy fikrlar bilan endi hech narsani o`zgartirolmaysiz. Faqat bolalar uchun sog`lom muhitni yarating. «Bolalar otasi taraf bo`lib ketayapti», degan salbiy fikrlarni xayolingizdan chiqarib tashlang. Bu sog`ligingizga ham zarar.

 

 

«Dadamni kechiraymi?»

Umid, 27 yosh, Surxondaryo viloyati:

— Dadam bundan o`n yil avval bizni tashlab, bir ayolga uylanib, poytaxtga ko`chib ketgan. Ikkinchi turmushidan farzandlari yo`q. Onam bir boshi bilan bizni katta qildi. Uylantirdi, qizlarini uzatdi. Bolalagimizda otasizlikdan juda qiynalardik. To`g`risi, onamning ezilganlarini ko`rib, qalbimda dadamga nisbatan nafrat uyg`ongan. To`rt yil davomida poytaxtda o`qigan bo`lsam-da, biror marta na dadam meni, na men dadamni yo`qlamadik. Bunga menda xohish ham yo`q edi. Qolaversa, onam ham yosh bolalarining kelajagini o`ylamagan dadamiz bilan ko`rishishimizga qarshi edi. Otasizlik sabab ro`zg`or yukini juda erta bo`ynimga oldim. Bolaligimda men ham boshqalarga o`xshab otamning soyasida yurishni istardim. Afsus…

Dadam tumanimizga yilda bir-ikki marta kelib turadi. Faqat bizning uyga kelmaydi. Biz ham u kishi bilan to`y-ma`rakalarda quruq salom-alik qilamiz, xolos. Birortamizning to`yimizga onam dadamni chaqirmagan. Yaqinda eshitsam, dadam betob ekan. Hozir poytaxtda shifoxonada davolanayapti. Bobom «Borib, dadangning holidan xabar ol. Sen katta o`g`ilsan! Ilk murodisan. O`tgan ishlarga salovat», deb aytdi. Nima qilishni bilmay boshim qotgan? Hozir hayotda o`z o`rnimizni topganmiz. Endi u kishini kechirsak, onamning ko`ngliga qattiq botmasmikan?..

Maslahat: — Oilasini tashlab ketgan, biror marta «bolam» deb yo`qlamagan bo`lsa-da, u otangiz! Imkoniyatingiz bor ekan, albatta otangizning holidan xabar oling. Bu — farzandlik va insoniylik burchingiz. Onangiz sizni tushunadi. Otangiz ham boshi yostiqqa tekkach, o`tmishini taxlili qilgandir, xatolarini tushungandir. Sizlardan boshqa yo`qloguvchi farzandlari yo`q ekan. Albatta otangizni kechirib, u kishidan xabar oling.

Ruhshunos maslahati: — Bir narsani unutmang, bu dunyoga kelishingizga shu ota sabab bo`lgan. Kechirish — insoniy fazilat bo`lish bilan birga, ruhingizni engil his qildiradigan xislat. Sizda alam bor, ammo bu nafrat emas. Mehr ko`zda deyishadi. Otangizni borib ko`ring. Ertaga ota bo`lsangiz, dadangizni tushunasiz. Yillar o`tgan, onangizning ko`nglidagi yara ham bitib ketmagan bo`lsa-da, usti qoplangan. Uni tirnamasdan, otangiz tomon qadam tashlang. Ertaga otangizga bo`lgan munosabatlaringiz farzandlaringizga o`rnak bo`lishi kerak.

 

«Otamning qo`shnisi bilan kursdoshman…»

Mavluda, 16 yosh, Xorazm viloyati:

— Ota-onam olti yoshimda ajrashgan. Sababini aniq bilmayman. Bilganim shuki, uyda janjal bo`lgudek bo`lsa, onam darrov oyisiga qo`ng`iroq qilar, keyin buvim kelardi. Va oxir-oqibat buvim bizni olib ketdi. Shu kundan boshlab otam haqida faqat yomon gaplar eshitib, katta bo`ldim. Meni ularga ko`rsatishmasdi. Maktabga otam yoki u kishining biror yaqini ko`rishga borsa, qochib ketardim. Onam bilan buvim: «Otang bilan ham, uning qarindoshlari bilan ham uchrashma. Ular seni olib qochib ketadi. Keyin onasiz qolasan», deb qo`rqitishardi. Hozir kollejda o`qiyman. Kursdosh dugonam otamning qo`shnisi ekan. U bilan tanishgach, otamning oilasiga, hayotiga qiziqa boshladim. Dugonam oyisiga mening otamning hayotiga qiziqayotganimni aytgach, «Qizim, bu haqda men emas, o`z yaqinlari bilan gaplashgani yaxshi edi. Bobosi bilan buvisi ham qarib qolishgan. Kelib ularning duosini olsin. Shunda bo`lib o`tgan voqealarni o`z yaqinlaridan eshitar...» debdi. Men bu haqda onamga aytishga qo`rqayapman. Dugonamning aytishicha, otam ham, uning aka-ukalari ham ziyoli, mahallada hurmat topgan insonlar emish. To`g`risi, men ham tengqurlarim kabi otam bo`lishini istayman! U kishini ko`rgim, suhbatlashgim, «Otajon» deb suyangim keladi... Lekin onamning otamga bo`lgan munosabati bunga to`sqinlik qiladi. Nima qilay? Otamni, qarindoshlarimni ko`rishga boraymi? Shunday yo`l tutsam, to`g`ri bo`ladimi?..

Maslahat: — Bu vaziyatda onangiz, kattaroq yoshli yaqinlaringiz bilan maslahatlashing. «Onam meni urishadi» degan hadiklarni ko`ngligingizdan chiqarib tashlang. His-tuyg`ungizni oshkor eting. Onangizdan yashirincha aslo ish qilmang. Otangizning o`zi dugonangizning onasidan qizi haqida  eshitib, sizni  izlab topar. Yoki onangiz, yo biror qarindoshingiz munosabatlaringizni tiklashga ko`mak berar. Lekin hech qachon ota-onangizga nisbatan qalbingizda salbiy tuyg`u uyg`onmasin.

Ruhshunos maslahati: — Siz o`smir yoshdasiz, shu sabab birinchi qadamni otangiz qo`ygani ma`qul. Dugonangizning onasimi yoki birorta yoshi kattaroq inson otangizga siz uni izlayotganingizni bildirishi kerak. Ayni paytda otangiz sizni qanday qabul qiladi, u qay ahvolda, bu tomoni ham bor.

Shu o`rinda ushbu muxlisamizning onasiga aytar gapim bor: Qizingizga umuman bunday munosabatda bo`lmang. Uning harakatlarida kamchilik topsangiz, otasini ro`kach qilib gapirmang. Bu ona-bolani o`rtasiga sovuqchilik tushiradi. Qizingiz otasi bilan sizni qiyoslaydi. Va natijada sizga nisbatan qo`rquv uyg`onadi. Shundan ehtiyot bo`ling.

 

Shoira ShAGIAHMEDOVA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!