Gormonal dorilar kista paydo qiladimi?

15:48, 25 noyabr

«Turmushga chiqqanimga bir yarim yil bo`ldi. Ammo hali homilador bo`lmadim. Turmush o`rtog`im bilan birgalikda davolandik. Barcha analizlarim yaxshi chiqdi, gormonlar miqdori ham joyida. Shifokor 3 oy davomida «Diane-35» gormonal kontraseptiv vositasi qabul qilishni tavsiya etdi. Uning aytishicha, gormonal kontraseptiv vositasi homilador bo`lishni tezlashtirar ekan. Bu dorini uch oy emas, ikki oy ichdim. Dori ichishni to`xtatganimga 3 oy bo`ldi. Ammo hanuzgacha homilador bo`lganim yo`q. Yaqinda chap biqinimda og`riq his qila boshladim. UTT tekshiruvidan o`tganimda shifokor chap tuxumdonimda katta o`lchamdagi follikula yorilaman, deb turganini, og`riqning sababi esa endometriod kista ekanligini aytdi. Shuningdek, bazal haroratim ham avvalgidan ko`ra ancha past. Boshqa bir shifokorning so`zlariga qaraganda, bazal harorat 37.0 dan oshmasa, follikula yorilmas, etilgan bo`lsa-da orqaga qaytib ketar ekan. Organizmimda sodir bo`layotgan bu o`zgarishlarga o`sha gormonal dori vositasini ichganim sabab bo`layaptimi?»

Marhabo, Samarqand  viloyati, Oqtosh shahri

Tahririyatimizga murojaat qilgan ushbu muxlisamizning savollariga javob berish maqsadida tibbiyot fanlari doktori, endokrinolog-ginekolog Dinara AZIZOVAga murojaat qildik.

Hali farzandli bo`lmagan yosh ayol gormonal kontraseptiv vositalarni ichishi mumkinmi? Bu ularning salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatib, keyinchalik homilador bo`lishiga to`sqinlik qilmaydimi?

— Agar ayolning organizmida gormonal o`zgarishlar bo`lsa, gormonal kontraseptiv vositalar ayolning gormonal fonini yaxshilash maqsadida shifokor tomonidan belgilanadi. Ya`ni shifokor tavsiyasi bilan bu kabi kontraseptiv vositalar qabul qilinsa, u ayolning salomatligiga aks ta`sir ko`rsatmaydi va homilador bo`lishiga to`sqinlik qilmaydi.

Ba`zi shifokorlarning fikriga ko`ra, gormonal kontraseptiv vositalarni ma`lum bir vaqt ichish homilador bo`lishni tezlashtirar ekan. Shu fikr to`g`rimi?

— To`g`ri. Ayol organizmida uncha chuqur bo`lmagan gormonal o`zgarish bo`lsa, bu kontraseptiv vositalarni qabul qila boshlaganida, shifokorlar tili bilan aytganda, rebaund ta`siri sodir bo`ladi. Rebaund ta`sir, bu – 3 oy davomida ayol gormonal kontraseptiv vositasini qabul qiladi. Bu vaqt mobaynida ayolning tuxumdonlari dam oladi. Dori ichish to`xtatilishi bilan tuxumdonlar faol ravishda ishga kirishadi. Bu asosan, farzand ko`rmayotgan ayollarga nisbatan qo`llaniladi. Ammo bunday muolaja qilishdan avval, albatta ayolning butun gormonal salomatligini tekshirish kerak. Ayolda gormonal dori ichish uchun biror-bir qarshi ko`rsatkichlar bo`lsa, ushbu muolaja qo`llanilmaydi. Ba`zi hollarda ayollar o`zbilarmonlik bilan gormonal kontraseptiv vositalarini qabul qilishadi. Bu noto`g`ri. Ayrim gormonlar, masalan, prolaktin gormonining miqdori baland bo`lsa, bu kabi kontraseptiv dorilar ichish mumkin emas. Shuning uchun bu kabi muolajalarni, albatta shifokorning tavsiyasi asosida amalga oshirish kerak.

Gormonal kontraseptiv vositalari endometriyga oid kistaning kelib chiqishiga sabab bo`lishi mumkinmi?

— Kontraseptiv vositalari endometriyga oid kistani hosil bo`lishiga sabab bo`lolmaydi. Gormonal dori vositalari ba`zi hollarda endometriyga oid kistaning rivojlanishini to`0tatishi mumkin. Bu kistaning kelib chiqishining asl sababi hali aniqlanmagan. Bu borada ko`pgina nazariy fikrlar mavjud, ammo ular o`z tasdig`ini topmagani bois, bu kista rivojlanishining aniq sababini aytish mushkul.

Endometriyga oid kista – tuxumdonlarda avvaliga endometriy o`choqlari hosil bo`ladi, keyinchalik esa bu to`qimalar kistaga aylanadi. Bunday kistani faqat jarrohlik yo`li bilan olib tashlash mumkin. Dori vositalari yordamida davolab bo`lmaydi. Gormonal vositalar faqatgina uning o`sib, kattalashib ketishini to`xtatib turishi mumkin.

— Hali farzandli bo`lmagan ayollar ham bunday amaliyotni boshidan kechirishi mumkinmi?

— Hozirgi kunda bunday kistalarni endoskopiya deb nomlangan jarrohlik yo`li orqali olib tashlanadi. Endoskopiya yordamida tanada uncha katta bo`lmagan kesish hosil qilinib, u orqali turli kista va tuxumdon o`smalarini, bachadon miomasi olinadi. Shunda jarohatning bitishi tezlashib, chandiq (spayka) ham kam qoladi. Endometrioz kistasi olib tashlangandan so`ng ayolda kuzatilgan gormonal buzilishlar ham normallashadi.

Yuqorida murojaat qilgan ayolga kelsak, agar ularda endometriozga oid kistaning borligi o`z tasdig`ini topsa, endoskopiya bilan birgalikda laparoskopiya ham o`tkazish tavsiya etiladi. Chunki ba`zi hollarda naylarning o`tkazuvchanligi yaxshi bo`lsa-da, shamollash sababli ularda chandiqlar yuzaga kelishi mumkin. Bu chandiqlar urug`langan tuxumhujayraning bachadonga borib tushishiga to`sqinlik qiladi. Laparoskopiya yordamida naylarning o`tkazuvchanligi va unda shamollash sababli hosil bo`lgan chandiq (spayka)lar tekshiriladi hamda davolanadi. Ya`ni, davolovchi va tashxis qo`yuvchi endoskopiya bo`ladi.

— Kista hosil bo`lishiga organizmdagi gormonal o`zgarishlar sabab bo`ladimi?

— Albatta. Kista ikki xil bo`ladi: yallig`lanish natijasida yuzaga kelgan kista va gormonal kista. Ayolning organizmidagi gormonal o`zgarishlar sabab gormonal kista yuzaga kelishi mumkin.

Gormonal dorilarni qabul qilish ayolning bazal haroratiga ta`sir qilishi mumkinmi? Bazal harorat 37.0 dan oshmasa, follikula yorilmaydimi?

— Hayz sikli ikki davr (faza)dan iborat. Birinchi siklda organizm kuchli estrogen gormoni ishlab chiqaradi. Estrogen follikulaning o`sib, etilishiga ta`sir qiladi. Mana shu birinchi davrda ayolning bazal harorati past bo`ladi. Follikula yorilgandan so`ng hayzning ikkinchi davri boshlanadi. Bunda ayol organizmida progesteron gormoni ko`payadi. Agar follikula yorilmasa, bu tuxum etilmaganidan dalolat beradi. Ya`ni organizmda progesteron miqdori ham, bazal harorat ham ko`tarilmaydi.

Bazal harorat – har bir ayolda turli xilda bo`lishi mumkin. Bu ayol organizmining o`ziga xosligiga bog`liq. Masalan, ba`zi ayollarda bazal harorat - 36.2 bo`lishi mumkin. Tuxumdon etilganida, ya`ni hayzning ikkinchi davrida esa, bu harorat 4 ga ko`tariladi. Ya`ni 36.6 bo`ladi. Bu esa ayolning normal bazal harorati hisoblanib, uning organizmida ovulyasiya va tuxum etilganini bildiradi. Ayolda hayzning birinchi va ikkinchi davridagi bazal harorat 4 darajaga farq qiladi. Ko`rib turganingizdek, ovulyasiya sodir bo`lishi uchun aynan bazal haroratning 37.0 bo`lishi shart emas.

Normal bazal haroratni bilish uchun ayol 3 oy mobaynida har kuni bazal haroratini o`lchashi lozim. Aynan mana shu 3 oylik kuzatishga ko`ra, ayolning normal bazal haroratini aniqlash mumkin.

Murojaat qilgan singlimizga esa endokrinolog-ginekolog shifokor nazoratidan o`tib, yuqorida aytib o`tilgan holatlarni ham tekshirtirishlari lozim. Tekshiruvlar natijasiga ko`ra muolaja belgilanadi.

Kavsar ASHOBOVA

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!