Qo`rqoq, arazchi, yolg`onchi bolakaylarni qanday tarbiyalash kerak?

16:37, 25 noyabr

Britaniyalik olimlar bolalarning sayr vaqtidagi ruhiy o`zgarishlarini tahlil qilish maqsadida ularni aravachalarga turlicha holatda o`tqazdilar: birini ota-onasining yuziga qaratib, ikkinchisini esa aksincha, tevarak-atrofga yuzlantirishdi. Ma`lum bo`ldiki, ikkinchi holatda do`mboqchalar o`zlarini noo`ng`ay his etisharkan: kattalar tomonga o`girilib olishga harakat qilishadi, yig`laydi, o`yinchoq berilsa ham ko`nmaydi... Ro`parasida ota-onasini ko`rib o`tirgan bolakaylar esa ko`p jilmayadi, qo`llarini silkitadi, o`ynaydi va yaxshi kayfiyatda uxlab qolishadi. Ruhshunoslar bolalardagi bu o`zgarishlardan quyidagicha xulosa chiqarishdi: ota-onasi bilan etarlicha muloqotda bo`lmaydigan bolalar o`zlarini xavfsiz his eta olmay, yig`lab, xarxasha qilishadi. Bolalarning bunday «isyon»dan maqsadi ota-onasining e`tiborini o`ziga qaratishdir. Yoshi kattaroq bolalar ham bunday vaziyatlarda o`zlari haqida eslatib qo`yishga urinadilar. Faqat ularning yolg`izlik signallari ancha jiddiyroq «jaranglaydi».

Qo`rquv hissi

Aslida qo`rquv tabiiy va normal hodisa, bu o`z-o`zini himoyalash instinktining namoyon bo`lishidir. Biroq vaqt o`tgani sayin bolaning fobiyalari oshib boraverar ekan, uning qo`rquvi bizni ham qo`rqitishi mumkin. Agar qo`rqinchli ertak eshitganidan so`ng bolada qo`rquv hissi kuzatilsa, bu tushunarli. Biroq hech bir sababsiz paydo bo`ladigan qo`rquv bolaning asabini taranglashtirib, hurkak qilib qo`yadi.

Sabablar. «Hech qanday sababsiz qo`rquv»ning ham o`z sabablari borligi yodimizdan ko`tarilmasin. Bu nafaqat qo`rqinchli ertaklar, dahshatli filmlar, balki noto`g`ri tarbiyaning ham ta`siridir. Bu qo`rquv ota-onalar e`tiborsizligi yoki o`ta avaylab «papalashi» oqibatida tug`iladi. Ruhshunoslarning kuzatishicha, to`liq bo`lmagan oilalardagi bolalar ota-onasi bilan yashaydigan tengdoshlariga nisbatan ta`sirchan, qo`rqoqroq va ko`ngilchanroq bo`lishar ekan.

Maslahat. Kichkintoydan qog`ozga o`zi qo`rqayotgan narsaning suratini chizishini iltimos qiling. Keyin suratni birgalikda maydalab yirtib tashlang yoki qo`rqitayotgan narsaga kulgili detallar chizib, uni go`yo «kuchsizlantiring». Katta yoshdagi bolalar bilan esa qo`rquvi haqida ochiq suhbatlashish, muhokama qilish darkor. Zinhor «shundan ham qo`rqasanmi?» deb uning qo`rquvi ustidan kulish mumkin emas.

Agressiya

Bolalar tajovuzkorligi turli ko`rinishda bosh ko`taradi: qo`pollik, tixirlik, xarxashalar, tap tortmaslik, janjalkashlik, tengdoshlari bilan kelishmaslik...

Sabablar. Aksariyat hollarda bolaning agressivligi, janjalsevarligiga genlar emas, tarbiya bosh sababchidir. Bu tarbiyadan quyidagi belgilar namoyon: bolaga hurmat bilan qaramaslik, ota-onalar egoizmi, qattiqqo`llik, shafqatsizlik, so`z va harakat bilan haqorat qilish, urish... Bularning hammasi bola ruhiyatiga shikast etkazadi va u ham taqlidan, alamini olish uchun boshqalarga atay yomonlik qila boshlaydi.

Maslahat. Agar agressiya signallari bir-ikki chalinib qolsa, vahima qilish shart emas, bola ulg`aygani sayin aqli kirib, o`zini tutishni o`rganadi. Agar bola har bir bahsni mushtum bilan hal qilishga urinayotgan ekan, diqqat qiling, u aslida o`ziga yordam so`rash uchun sizga SOS signali yuborayapti. Bunday vaziyatlarda darhol jazolash emas, farzandingiz bilan gaplashib, unga ko`proq mehr berishingiz kerak. Agar o`zini sevimli va kerakli deb hisoblasa, undagi tajovuzkorlikka bo`lgan ichki talab kamayib boradi.

Yolg`on

Bolalar vaqt o`tgani sayin yolg`onga o`rganib boradilar. Agar u fantaziya dunyosiga ko`ra yolg`onlarni qalashtirayotgan va atay sizni hayratga solish, o`ziga jalb qilish uchun yolg`on gapirayotgan bo`lsagina xavotirga tushishingiz mumkin.

Sabablar. Bola jazodan saqlanish uchun, sizdan qattiq qo`rqqani uchun ham yolg`onchiga aylanib qoladi. Bu holat asosan avtoritar oilalarda kuzatiladi.

Maslahat. Bolangizga qo`ygan katta talablaringizni yumshating va kamaytiring. Uni qanday bo`lsa, shundayligicha yaxshi ko`ring. Axir u hamma fandan 5 bahoga o`qib, ham musiqa maktabiga, ham sport to`garagiga haftasiga 5 kun qatnashni har doim ham istamasligi mumkin.

Xafagarchilik

Bolalarda xafa bo`lib arazlash uchun sabablarning son-sanog`i yo`q: shokolad eyishga ruxsat etishmadi, TVda multfilm qo`yib berishmadi, o`yinchoq sovg`a qilishmadi... Bola dunyo faqat uning atrofida aylanayotgandek his qiladi. Biroq yoshiga yosh qo`shilgani sari dunyoda yakka o`zi emasligini, boshqalarning ham xohlaydigan va xohlamaydigan narsalari borligini tushunadi.

Sabablar. Agar bolakay ota-onasi u bilan kam o`ynayotganidan o`ziga xos shikoyat qilsa, deylik, ular qo`lidan tortqilab, o`yinchoqlari tomon etaklayversa, bu oddiy xarxasha emas, unga haqiqatan ham iliq muloqot etishmayotgan bo`ladi. E`tibor bersangiz, bolangizning o`yiniga qo`shilgan paytingiz uning kayfiyati ham, shijoati ham yorqinlashib, ildamlashadi. Aka va opalaridan xafa bo`lishiga esa ota-onasini rashk qilishi («meni ularga qaraganda kamroq yaxshi ko`rishadi») sabab bo`ladi. Ko`p hollarda bolaga xafa bo`lish, arazlash va gina qilishni me`yoriga etmagan muhabbat yoki oshib ketgan e`tibor o`rgatadi.

Maslahat. Bolaga xafagarchilikni bartaraf qilishga yordamlashing. Chunki u sizning ovutishingizni va aytganini qilishingizni kutib turadi. Biroq «arazlasam, erishishim mumkin ekan» degan fikrga kelib qolmasligi uchun uni quchoqlang, boshqa narsalarga chalg`itishga urining.

Aziza QURBONOVA

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!