Xatamjon Ketmonov Qashqadaryo viloyati mamlakatimiz iqtisodiy rivojida alohida ahamiyatga ega ekanligini ta`kidladi

17:25, 25 noyabr

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 25 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qarshi shahar kengashi raisi R.Murtazoev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili O.Ravshanov yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi.

Qashqadaryo viloyati yuksak iqtisodiy salohiyati, rivojlangan sanoati va qishloq xo`jaligi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. Mamlakatimizda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, g`allaning 13 foizdan ortig`i, paxtaning 14 foizdan ziyodi ushbu viloyat hissasiga to`g`ri keladi. Yurtimizda sanoat mahsulotlarining 9,5 foizi aynan shu viloyatda ishlab chiqarilmoqda.

“Sho`rtanneftgaz”, “Muborakneftgaz” korxonalari, “Sho`rtan gaz-kimyo" majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli o`g`itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi, “Hisor-neftgaz” kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz iqtisodiy rivojida alohida ahamiyatga ega.

Nomzodning saylovoldi dasturi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga qat`iy amal qilish, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta`minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O`zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo`shilish, jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallashga qaratilgani ta`kidlandi.

Kam ta`minlangan oilalarga har oyda to`lanadigan moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni oshirish, o`z biznesini tashkil etishi uchun maqsadli foydalanish sharti bilan, tegishli davrda to`lanadigan mablag`lar summasini bir martalik to`lov shakliga o`tkazish mexanizmini joriy etish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati samaradorligini yanada oshirish orqali narxlar va tariflarning o`sishi inflyasiya darajasidan yuqori bo`lmasligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilgan.

Uchrashuvda Qarshi shahridagi 3-oilaviy poliklinika bosh shifokori M.Bozorova, Qarshi sanoat kasb-hunar kolleji direktori B.Ashurov, Qarshi shahridagi 29-umumta`lim maktabi direktori J.To`raqulova, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi xotin-qizlar ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish sektori mudirasi Sh.Xudoyqulova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz kelajagini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!