Chustda Sarvar Otamuratovning saylovoldi dasturidagi eng muhim yo`nalishlar haqida so`z yuritildi

17:27, 25 noyabr

O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning ishonchli vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakili O.Mamadaliev Namangan viloyati Chust tumani saylovchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturi, undagi eng muhim yo`nalishlar haqida so`z yuritdi.

Nomzodning dasturida xalqaro miqyosda e`tirof etilgan va bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan mashhur besh tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini ta`minlash, boy tarixiy, madaniy, ma`naviy-axloqiy qadriyat va an`analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni yuksaltirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

O`zbek xalqining yuksak madaniyati va iste`dodini namoyish etadigan, estetik qimmatga ega bo`lgan qadimiy milliy hunarmandlik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, hunarmandlik maktablari an`analarini saqlab qolish, oila, meros, uy-joy da`vosi va boshqa nizolarni sudgacha hal etish tizimini rivojlantirish, turistik faoliyat manzillarida, aeroport va vokzallarda ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan davlat dasturini qabul qilish, milliy axborot xavfsizligini ta`minlash masalalari ham alohida e`tiborda ekanini ta`kidladi.

Uchrashuvda Chust qishloq xo`jaligi kasb-hunar kolleji o`qituvchisi M.Muxtorxonova, Xalqaro Qizil Yarim oy jamiyati Chust tumani bo`limi rahbari N.Toshxonov va boshqalar Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi va unda ilgari surilgan vazifalar xususida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ishonchli vakil saylovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!