Agar “shopogolik kasalligi”dan qutulolmayotgan bo`lsangiz...

10:37, 26 noyabr

Shopogolizm (xaridni sevish, buyum sotib olishdan o`zini tiya olmaslik) “kasalligi”dan qutulolmayapsizmi? Bu odat faqat hamyoningizga emas, hayot tarzingizga ham salbiy ta`sir qilayaptimi? Unda darhol chora ko`rish lozim! 

Shopogolik ekanligingizni quyidagi testlar yordamida aniqlang.

Har bir savol qarshisiga “ha” yoki “yo`q” so`zini yozib boring.

  1.  Uzoq vaqt do`kon yoxud bozorga bormasangiz, kayfiyatingiz tushib ketadi, atrofdagi hamma narsaga befarq bo`la boshlaysiz.
  2. Buyum do`koniga kirishingiz bilan sizda g`ayritabiiy kuch paydo bo`ladi.
  3. Ul-bul narsa sotib olish istagidan xalos bo`lolmaysiz.
  4. Biror buyum xarid qilsangiz, ko`nglingiz tinchib, engil tortasiz.
  5. Sotuvchining “oling, yarashdi”,  degan “bosimi”ga qarshi tura olmay qiynalasiz.
  6. Siz, odatda, do`konga biror narsa sotib olishni aniq ko`zlab borasiz.
  7. Siz do`konlardagi chegirmalardan (skidka) quruq qolishdan cho`chiysiz.
  8. Dam olish kuni bo`sh vaqtingizni qanday o`tkazish haqida o`ylaganingizda xayolingizga do`kon aylanishdan boshqa fikr kelmaydi.
  9. Siz, odatda, maoshingizni nimalar uchun sarflaganingizni eslay olmaysiz.
  10. Kiyim javoningizda hali kiymagan liboslaringiz juda ham ko`p.

Natija: Agar “ha”, degan javob olti yoki undan ortiq bo`lsa, siz — shopogoliksiz. Albatta, siz kabi pulni o`ylamay sarf qiluvchilardan tejamkorlik talab qilib bo`lmaydi. Lekin, har qanday holatda ham o`z-o`zingizni idora qilishni o`rganish siz uchun muhim. Xullas, quyidagi qoidalarga amal qilishni maslahat beramiz.

BIRINChI: Faqat naqd pul!

Xarid uchun doim naqd pul to`lashga harakat qiling. Plastik kartalardagi pul ko`zga ko`rinmas bo`lgani bois, uning qanchasini ishlatib qo`yganingizni bilmay, sarflab qo`yasiz.

IKKINChI: Vaqtdan foydalaning.

Agar do`konga borishni juda ham istayotgan bo`lsangiz, boring, aylaning, liboslarni kiyib ko`ring. Ammo, biror nimani yoqtirib qolsangiz, darrov sotib olishdan o`zingizni tiying. Sotuvchidan o`sha buyumni ertagacha, hech bo`lmaganda, bir necha soat mobaynida sotib yubormasligini so`rang. Bu vaqt oralig`ida esa fikringiz o`zgarib, xarid istagi yo`qolishi ham mumkin.

UChINChI: Reja tuzib, so`ng xarid qilish kerak.

Do`konga faqat nimadir zarur bo`lganidagina boring. Avvaldan zaruriy narsalar ro`yxatini tuzing. Uyga yana bir qancha keraksiz yaltir-yultirlar bilan qaytmaslik uchun ro`yxatga amal qilgan holda buyum sotib olishni unutmang.

TO`RTINChI: Boshqa sevimli mashg`ulotlar ham bor...

Doim do`kon aylanish, uzluksiz xaridlar umringizni bo`shliqqa aylantiradi. Shu bois, hayotingizni xilma-xil yorqin taassurotlar bilan boyitishga harakat qilib ko`ring. Sevimli mashg`ulotingiz, mehmondorchilik, dugonalar bilan uchrashuv va boshqalar borliqning haqiqiy go`zalliklarini anglashda yordam beradi. Bir zumlik o`tkinchi havasni haqiqiy orzu va quvonchga almashmang.

MASLAHAT: Uydan o`zingiz bilan kam miqdorda pul olib chiqing. Bu sizni keraksiz xaridlar xavfidan asraydi.

QIZIG`I shundaki, ingliz olimlari noo`rin xaridlarning sababini o`rganish maqsadida 400 nafardan ziyod xotin-qizlar orasida tadqiqot o`tkazdilar. Tahlillardan ma`lum bo`lishicha, ayollarning 65%i menstrual sikl (hayz ko`rish)davrida keraksiz xaridlarni amalga oshirar ekan. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!