Yuzdagi tuklarni terdirish mumkinmi?

10:48, 26 noyabr

Biz ayollar tashqi ko`rinishimizdan kamchilik topishga usta bo`lamiz. Kipriklarim kalta, lablarim etarlicha qizilmas... Yuzdagi tuklar ham mana shunday kompsleklarimiz sirasiga kiradi. Hatto, ko`pchilik ularni terdirish kerak degan qarorga kelib, terining tabiiy himoya qatlamidan xalos bo`lishga qat`iy kirishganlar. Biz esa o`ylanib qoldik, yuzdagi tuklar aslida ham shu qadar katta muammomi? Bu haqda kosmetolog Mahbuba MAMANOVA ma`lumot beradi. 

«VOY, SOQOLGA AYLANADIMI?»

Aslida, har bir insonning terisini mayda, ko`z ilg`amas tukchalar qoplab olgan. Yuz ham bundan mustasno emas. Ular yuzning nozik terisini chang, quyosh nurlari kabi tashqi ta`sirlardan himoyalab turadi. Ammo buni tushunmagan ko`pchilik ayollar o`z himoyachilariga «xujum»ga o`tadilar. Chunki, bu qarorlari teriga ziyon etkazishi mumkinligi haqida o`ylamaydilar. Qanday qilib deysizmi? Hammasi oddiy, muntazam ravishda yuzdagi tuklarni terish teri ostidagi keratin qavatiga ziyon etkazadi. Natijada xizmatini o`tab bo`lgan xujayralar tushib ketmaydi va teri dag`allashib qoladi. Yuzdagi tuklar ham qattiq va to`q rangli bo`lib chiqa boshlaydi. Oxir-oqibat terish amaliyotini muntazam o`tkazib turishga majbur bo`lasiz. Vaziyat murakkablashmasidanoq muammolarning oldini olganingiz ma`qul.  

MUTAXASSISGA MUROJAAT QILING

Agar yuzdagi tuklar ko`p miqdorda va to`q rangda chiqayotgan bo`lsa-chi? Ko`pincha bu holat labning ustida mo`ylov tarzida uchraydi. Agar bu hol siz va yaqinlaringizni tashvishga solayotgan bo`lsa, albatta, endokrinolog shifokorga murojaat qilishingiz lozim. Chunki, odatda organizmda gormonlar muvozanatining buzilishi shu turdagi muammolarni keltirib chiqaradi.  

TERIGA ZIYoN ETKAZADI

Ayollar o`rtasida yuzdagi tuklardan ip yoki vosk yordamida xalos bo`lish keng tarqalgan usullardan hisoblanadi. Agar ip bilan terib tashlamoqchi bo`lsangiz, bilingki, mexanik ta`sir natijasida teringizda ziyon etishi, natijada qizarish, qichishish va yallig`lanish asoratida paydo bo`ladigan husnbuzarlar paydo bo`lishi mumkin. Buning oldini olish uchun amaliyotdan avval terini antiseptik vosita yoki oddiy furasilin eritmasi bilan tozalab olish talab etiladi. Tuklardan xalos bo`lgach esa tinchlantiruvchi niqoblar va kremlardan foydalanish lozim. Dorixonalarda sotiladigan chaqaloqlarning nozik terisi uchun mo`ljallangan kremlar ayni muddao. Ikkinchi usul – vosk yordamida tuklarni olib tashlash yozning quyoshli kunlarida aslo tavsiya etilmaydi. Bu amaliyotdan keyin terining melonin qavati ochilib qoladi. Bu esa quyosh nurlari ta`sirida yuz terisida pigment dog`lar paydo bo`lishiga olib keladi. Agar teriga ziyon etishining oldini olishni istasangiz, bu amaliyotni kechki payt bajaring.

LAZER YoRDAMIDAChI?

Lazerli epilyasiya ham bugungi kunda keng qo`llaniladigan usullardan biri hisoblanadi. Ammo bizning quyoshli kunlarimizda bu usulning teriga foydasidan ko`ra zyoni ko`proq. Shuning uchun yozning jazirama kunlarida unga murojaat etish tavsiya etilmaydi.

Saodat tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!