So`nggi lahzalarda omon qolgan baxt

12:03, 26 noyabr

Tush ko`rdim, g`alati tush. To`yimda kiygan oppoq tuflim eskirib, rangi uniqib ketganmish. Onam: «Endi kiyib bo`lmaydi, tashlab yubor», debdilar. Tashlayman desam, joyida yo`q. Shu payt erimni ko`rib qolibman va undan poyabzalimni so`rabman. U bo`lsa: «Tuflingni ta`mirlatib qo`ydim, yangidek bo`ldi. Kelsang, kiyib yuraverasan», – dermish…

Besh kundan keyin onamnikiga kelganimga olti oy to`ladi. Aytishlaricha, er-xotin olti oy birga yashamasa, taloq tusharmish. Shuni o`ylab, ezilib yurgan kunlarim bu tush yuragimni battar siqdi. Nima qilishga ham hayronman.

O`n sakkiz yoshimda yor-yoru o`lanlar bilan ota uyimni tark etib, kelinlik ostonasiga qadam qo`yganimda, shu xonadonda uvali-juvali bo`lib, unib-o`sib ketaman deya niyat qilgandim. Ammo niyatning o`zi kifoya emas ekan. Katta dargohda qaynona-qaynota, ovsinu qayin-bo`yinlar bilan til topishib ketishning o`zi bo`lmadi. Bu har bir kelinning boshida bor narsa, men ham ko`nikdim, epladim. Biroq Yaratganning amriga bog`liq ishlar borki, inson qanchalar urinmasin, ojiz bo`lib qolaverarkan. Ikki yarim yil davomida bo`yimda bo`lmadi. Ovsinlarim kelin bo`lib tushganiga bir yil to`lar-to`lmas tug`ib bergani uchun men o`z-o`zidan «bepusht», «tug`mas», «qisir sigir»ga chiqdim. Hatto mendan keyin tushgan ovsinim ham farzandli bo`ldi. Orada gap-so`z ko`paydi. Munosabat ham umuman o`zgardi. Men shunchaki bir xizmatkor, tilsiz-zabonsiz qul edim. Qaynonam yonida ovsinlarimni yal-yal yashnatib turli yig`inlarga olib borar, men esa ularning bolasini boqib o`tirardim. Ovsinlarim har ikki haftada onasinikiga ketib, uch kunlab qolib ketishardi, men esa bir oyda bir marta zo`rg`a borardim. Hech kim meni biron marta bo`lsin shifokor yoki tabibga ko`rsatish haqida o`ylamasdi. Avvaliga imo-ishorayu turli xatti-harakatlar bilan tug`masligimni yuzimga solsalar, oxirgi paytlar ochiq-oydin aytadigan va bu xonadonni tark etishimni talab qiladigan bo`ldilar. Erim bilan munosabatimiz yaxshi bo`lgani bilan ishga erta ketib, kech qaytgani uchun asl ahvolni bilmas, onasi va kelinoyilarining aytganlariga ishonib ketaverardi. Oxiri sabrim tugab, bir kuni tongda tugun-tersagimni ko`tardimu, onamnikiga ketvordim. Bu bilan erimga ahvolning naqadar og`irligi haqida aytmoqchi, jar solmoqchi edim. O`ylashimcha, u «jonidan o`tib ketibdi-da, bekorga ketmagan» deb o`ylaydi va meni olib ketgani keladi. Shunda men ota-onam bilan birga unga hammasini aytib beraman.

Afsuski, unday bo`lmadi. Mana, oradan olti oy o`tsa hamki, darak yo`q.

Kelganimga bir hafta to`lgach onam meni shifokorga olib bordi. Tekshiruvlardan ma`lum bo`lishicha, men yigirma birga to`lmagan durkungina ayol bo`lganimga qaramay, ichki a`zolarim hali balog`atga etmagan, onalikka tayyor emas ekanman. Ma`lum muolajalar va dori-darmonlardan keyin tuzalib ketishim va hali bir etak farzandli bo`lishimni aytib, quvontirdi. Darhol davolashni boshlab yubordik, lekin kelinlik uyimdan sado chiqmadi. Ota-onam ham xor qildirib qo`yadigan qizimiz yo`q, deb meni u yoqqa yuborishmadi. Aksincha, eri bilan ajrashdi, deb gap chiqarishdi. Vaholanki, na «taloq» so`zi tilga olingan va na pasportimga ajrashish muhri bosilgan edi. Shunga qaramay ostonamizga sovchilar kela boshladi. Axir, men endigina yigirma birga to`layotgan, yosh va go`zal qiz edim. Buning ustiga farzandim ham yo`q. Biroq kelayotgan sovchilarni ko`rib xo`rligim kelardi. Qirq yoshlardagi bir kishi odam jo`natibdi, xotini o`pka kasalidan vafot etgan, besh farzandi bor emish. Menga boshqa farzand kerak emas, shu bolalarimga onalik qilsa bas, debdi. Ammo men hali ona bo`lishdan umidimni uzmagan yosh ayolman-ku. Qanday qilib mendan farzand ko`rishni istamayotgan insonga turmushga chiqishim va uning bolalariga onalik qilishim mumkin? Yana biri bo`lsa shunchaki xotin ustiga so`rab kelibdi. Aytganimni muhayyo qilarmish, nikoh ham o`qitarmish, faqat xotinidan ajrashmasmish. Axir, men hali birovning xasmi xaloliman-ku. Birovning xasmiga ko`z olaytirgan insonning xalol yashashiga ishonish mumkinmi?!

Umuman, bular ikkinchi darajadagi gaplar. Asosiysi, men ko`z ochib ko`rganim – turmush o`rtog`imni sevardim. Qarindoshlariga xo`rlatib qo`ygani, yonimni olmagani, ortimdan kelmagani, olti oygacha sog`inmagani – bularning barini onam bot-bot yodimga solib tursa-da, o`zimni boshqa inson bilan tasavvur ham qilolmas, faqat uni derdim. O`ylayverganim uchun bo`lsa kerak bugun shu tushni ko`rdim. Endi bir qarorga kelgandim. Onamga shifokorga ketayapman, dedimu erimnikiga yo`l oldim. U erda meni qanday xabar kutib turganini bilmasdim xali.

O`sha kuni 12 mart edi. Bir paytlar oppoq libos bilan qadam qo`yganim ushbu xonadon bu safar meni tantana bilan kutib olmasligini bilardim. Ammo 24 martda, ya`ni yana o`n ikki kundan so`ng erimning uylanayotganidan bexabar edim. Ha, men ana shunday noqulay bir paytda qaytib keldim. Qaynona-qaynotam, ovsinlarim bor gapni aytib, uydan ketishimni talab qilishdi. Mening ham o`jarligim tutdi. Qolaversa, suyukli yorimni jangsiz birovga berish niyatim yo`q edi. Avvaliga o`shanda gap-so`zlarga chiday olmay, erim bilan bir og`iz maslahatlashmay ketganim uchun hammadan kechirim so`radim. Keyin hali ham shar`an va qonunan uning xotini ekanimni, hali erimga bir etak bola tug`ib berishimni aytib, xonamga o`tirib oldim. Bu xabar tushayotgan kelin tomonga etib borgach, bo`lajak (aniqrog`i, endi bo`lmaydigan) qudalar etib kelib, to`yni buzib ketishdi. Erim va qarindoshlari bir muddat menga yovqarash qilib yurishdi, ayniqsa, qaynonam har ikki gapining birida qaytib kelganimni yuzimga solar, baribir tug`masligimni aytib, erimni meni taloq qilishga undardi. Lekin u taloq qilmadi. Birga yashab ketdik. Buni qarangki, Yaratganning marhamati bilan oradan ikki oy o`tib homilador bo`ldim.

Birin-ketin uch qiz ko`rdik. Erimning boriga ham, yo`g`iga ham ko`nib yashadim. Qiynalgan paytlari ruhan qo`llab-quvvatlab turdim. Hech qachon «Senga tegib nima ko`rdim, boqishni eplolmasang, uylanib nima qilarding?» degan gaplarni og`zimga olmadim. Vaqt o`tishi bilan hammasi izga tushib ketdi. Erim ham o`zini o`nglab oldi. Faqat…

O`g`li yo`qligidan bir oz xafaligini sezardim. Qaynonam va ovsinlarim yana otni qamchilay boshlashdi. «Buning faqat qiz tug`adi, o`g`il ko`rmay o`tib ketasanmi? Shuncha davlating bor, o`g`il tug`ib beradiganiga uylan!» — degan gaplar bilan uning qulog`ini qomatga keltira boshlashdi. Bir kuni yana shundan gap boshlanganda, oynadan eshitib qoldimu, shartta kirib aytdim:

– Qanaqa noshukursizlar-a o`zi? Tug`maysan, dedinglar, bir emas uchta tug`dim. Endi o`g`il tug`maysan, deb yana erimni mendan sovutmoqchisizlar? Axir, Xudoning amriga kim qarshi bora oladi?! Agar bizning birga bo`lishimizni istamasa, Alloh uchrashtirarmidi, shuncha gap-so`zdan keyin qayta topishtirarmidi? Mana shu uch qiz ham sizning avlodingiz-ku! Qaysi vijdon bilan ularni otasidan ayirmoqchisiz?

Shunday deb yig`lab yubordim. Erim «chiq-chiq» deb meni olib chiqib ketdi. Negadir o`sha kunlarda juda asabiy va injiq edim. Oradan ikki kun o`tgach sababini bildim: homilador ekanman.

Bu safar o`g`il ko`rdik. Endi baxtimiz to`kis bo`ldi. Lekin bu to`kis baxtga erishish uchun erim ikkimiz rosa mashaqqat chekdik. Ba`zida u hazil aralash: «O`shanda bir aqling ishlab, zap qaytib kelgansan-da, xotin», – deb qo`yadi.

Oilaviy baxt shunday narsaki, o`rni kelganda unga erishish uchun past tushish, yon berish, o`zingiz ishongan haqiqatlardan voz kechib, yangilarini yaratish kerak. Mening holatimda esa hatto ota-ona ra`yiga qarshi borishga ham to`g`ri keldi. Ammo hozir ular mening baxtimdan quvonib o`tirishibdi. Hech qachon ajrashish masalasida shoshmaslik, oilani turli mayda-chuyda gap-so`zlarga qurbon qilmaslik lozim. Ajrashish – bu eng so`nggi choradan keyingi chora, balki umuman chorasizlikdir.

Shahnoza SOATOVA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!