“Lokomotiv” ham, “Nasaf” ham kubok bahslarida bir martadan zafar quchishgan

10:10, 28 noyabr

Toshkentning “Lokomotiv” klubi O`zbekiston Kubogi-2016 yarim finalida ikki o`yin natijasiga ko`ra “Bunyodkor”ni 2:0 hisobida mag`lub etib, mamlakat kubogi finaliga yo`llanmani qo`lga kiritdi.

Shu tariqa, “Temiryo`lchilar” o`z tarixida ikkinchi marta O`zbekiston kubogi finalida o`ynaydigan bo`lishdi. Finalda esa “Loko”ga kubokning amaldagi sohibi – Qarshining “Nasaf” jamoasi raqiblik qiladi.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, “Nasaf” o`tgan yili “Bunyodkor”ni 2:1 hisobida mag`lub etib, o`z tarixida ilk bor kubokka ega chiqqan edi. Qiziq jihati shundaki, “Lokomotiv” ham o`z hisobida hozircha yagona bo`lib turgan mamlakat kubogiga ikki yil avval aynan “Bunyodkor”ni mag`lub etgan holda erishgandi. Shu tariqa, kubok bellashuvlarida bir martadan zafar quchgan ikki klub bu safar o`zaro bahs yuritishadi.

Finalchilarning O`zbekiston kubogini qo`lga kiritgan yili:

“Lokomotiv” – 1 marta (2014 yil)

“Nasaf” – 1 marta (2015 yil)

Eslatib o`tamiz, 2016 yilgi O`zbekiston kubogi final uchrashuvi 30 noyabr kuni Samarqand shahridagi “Dinamo” o`yingohida bo`lib o`tadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!