Oshqozoningiz ishlashdan «bosh tortayaptimi»?

10:49, 28 noyabr

Kichikligimizda «nechta tishing bo`lsa, shuncha marta chayna» deyishardi. Hozirgacha hazm qilish bilan bog`liq ma`lumotga to`qnash kelsam, ana shu o`git esimga tushadi. Ozuqa moddalarini parchalab, ularni boshqa hazm a`zolariga etkazuvchi eng asosiy a`zo — oshqozon ham ba`zan «ta`tilga chiqishni istaydi». Shundanmi, ancha «dangasalashib» qoladi. Me`daning risoladagidek ishlashdan «bosh tortishi» tibbiyotda funksional dispepsiya yoki «dangasa oshqozon sindromi» deyiladi.

Boshqa oshqozon kasalliklaridan farqli o`laroq, funksional dispepsiyani gastrokopiya yoki boshqa tashxislash usullari orqali aniqlash mumkin emas. Chunki u oshqozon tuzilishida o`zgarish sifatida yuzaga chiqmaydi-da! Tahlil va turli tadqiqot usullari bemordagi oshqozon og`rig`i, og`irlik va noqulaylik nimadan ekanini tushuntirib bera olmaydi. Shuning uchun ham uni «ko`rinmas kasallik» deya ta`riflashadi.

Hammasi asabdanmi?

Funksional dispepsiyada oshqozon avvalgidek bir maromda va batartib qisqarmaydi, eguliklar yaxshi maydalanmaydi. Natijada ozuqa oshqozonda uzoqroq turib qoladi va odam o`zini noxush his qiladi. Afsuski, bu kasallik bugungi kunda juda ko`p uchrayapti. Xastalikni keltirib chiqaruvchi sabablar aniq emas. Ammo mutaxassislar «dangasa oshqozon sindromi» bo`lgan bemorlarni ko`zdan kechirganda, ko`pchiligining asab tizimi joyida bo`lmaganini qayd etishgan. Shuning uchun ham gastroenterologlar oshqozonni davolayotib, tinchlantiruvchi dorilarni ham yozib berishadi. Shuningdek, oshqozon dispepsiyasining kelib chiqishiga ko`p ovqat eyish, noto`g`ri ovqatlanish, dorilarni pala-partish ichish, zararli odatlar ham sabab bo`ladi.

Ba`zan ichaklardagi qo`zg`alish bo`lsa ham oshqozon dispepsiyasi kelib chiqadi. Bunda kasallik ich ketishi yoki qabziyat bilan kechadi.

Belgilari

Oshqozon dispepsiyasining asosiy belgilariga quyidagilar kiradi:

  • ovqat egandan so`ng qorin tepa qismida og`riq va noqulaylik;
  • oshqozonda og`irlik hamda to`lib ketganlik hissi;
  • qorin shishishi;
  • qayt qilish;
  • jig`ildon qaynashi.

Bu hol bir yil davomida 12 marotaba qaytalasa va shifokor hech qanday organik kasallik alomatlarini topa olmasa, demak, oshqozon dispepsiyasiga chalinganingizga shubha qilish mumkin. Funksional dispepsiya 2 turga bo`linadi:

  • yaraga o`xshash (bunda qorin ochganda oshqozonda og`riq turadi);
  • dismotor (oshqozonda noqulaylik, yuk, to`lib ketganlikni his qilish, ko`ngil aynishi kuzatiladi).

Darvoqe, oshqozon dispepsiyasida boshqa belgilar qatorida ovqatlanishni boshlash bilan tez to`yganlik hissini tuyish ham kuzatiladi.

O`zingizga yordam bering!

Kasallik avj olgan paytda oz-ozdan tez-tez ovqatlaning. Oshqozon shillig`ini qo`zg`atuvchi ziravorlar, qayla, dudlangan va marinadlangan mahsulotlarni me`yorida iste`mol qiling. Bunday paytlarda oshqozonni yurishtirib yuborish uchun antasid va sekresiyaga qarshi vositalarni ichishni buyurishadi. Agar og`riq bezovta qilmayotgan bo`lsa, oshqozonning harakatini kuchaytiruvchi dorilar ichiladi. Ko`rik davomida xelikobakter infeksiyasi aniqlansa, antibakterial terapiya ham olishga to`g`ri keladi. Albatta psixonevrolog mutaxassis bilan maslahatlashish lozim.

Eng muhim qoidalar

Oshqozon funksional dispepsiyasi xavf tug`dirmasligi uchun quyidagi eng oddiy ovqatlanish qoidalariga amal qiling:

  • kletchatkaga boy meva, sabzavot va donli mahsulotlarni iste`mol qiling.
  • Kuniga 50-80 gr.dan ortiq yog`ni taomnomangizdan chiqarib tashlang. Ko`proq go`shtli ovqatlar iste`mol qiling.
  • Hech qachon keragidan ortiq va uxlashdan oldin ovqatlanmang. Ovqatlanish mahallarini aniq bir vaqtga belgilasangiz, oshqozon ham shunga o`rganadi.
  • Me`yorida turli salatlar, murch, sirka, qalampir ham oshqozon ishini yaxshilaydi.
  • Parhez kunlari o`tkazing. Dietologlar haftada bir kun engil tamaddi bilan kifoyalanish kerakligini aytishadi.
  • Ko`proq xona haroratidaga suv iching. Ayniqsa, har ertalab bir stakan gazlanmagan suv ichsangiz, bu oshqozon faoliyatini rag`batlantiradi.
  • Hamisha harakatda bo`ling. Yugurish, kechki sayr, suzish, akvaaerobika, jismoniy mashqlar ovqat hazm bo`lishini yaxshilaydi.
  • Zararli odatlarni tashlang. Haddan ziyod alkogol va nikotin eng baquvvat oshqozonni ham ishdan chiqaradi.
  • Eng asosiysi, behuda asabiylashmang. Kayfiyatingiz oshqozoningizga ta`sir qilmay qolmaydi.

Tibbiyot fanlari nomzodi, jarroh-endoskopist, gastroentrolog Shuhrat ShAYXOV bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Dilnoza UMAROVA

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!