Ro`zg`ordagi 5 muammoning oddiy echimi

11:25, 28 noyabr

Ro`zg`ordagi mayda noxushliklar kayfiyatimizga ta`sir qila olmaydi. Chunki biz ularni bartaraf qilish yo`lini yaxshi bilamiz. Boshlaymiz!

 

Devordagi chiziqlar

Aytaylik, farzandingiz devordagi gulqog`ozlarga flomaster bilan chizib qo`ydi. Suv asosida tayyorlangan flomaster izlarini o`chirish osonroq. Asosi spirtdan iboratlariniki esa qiyinroq. Flomasterlar qadog`idagi yozuvni diqqat bilan o`qing, unda mahsulotning tarkibi aniq yozilgan bo`lishi kerak. Agar gulqog`ozga suv asosli flomaster bilan chizilgan bo`lsa, paxta tolali matoni perekis-vodorod eritmasida ho`llab, chiziqlarning ustidan to ular o`chib ketguncha ehtiyotkorlik bilan yurg`izib chiqing (markazdan chetga qarab yo`naltiring). «Spirtli» flomasterda chizilganlarini esa tibbiy spirtga ho`llangan paxta yordamida o`chirishingiz mumkin.

Muhim! Ko`zga tashlanadigan joydagi chiziqlarni o`chirishdan avval shkaf yoki divan ortidagi pana joyda tanlagan vositangizni qo`llab ko`ring.

 

Linoleumga zelyonka to`kilib ketsa…

To`kilgan zahoti uni biron matoga ehtiyotkorlik bilan shimdirib oling, toki polga yoyilib ketmasin. Agar zelyonka qurib, linoleumga singib ketishga ulgurgan bo`lsa, uni benzin yoki kerosin vositasida o`chirishga harakat qilib ko`ring. Lattaga benzin yoki kerosin quyib, dog` ustida 10 daqiqa qoldiring, keyin sekingina artib oling. Muammoni istalgan kislorodli oqartuvchi vosita (kislorodny otbelivatel) vositasi ham hal qilish mumkin. Uni dog`ning ustiga sepib, ustidan ozgina suv tomizing va 30 daqiqaga shu holda ivitib qo`ying. Keyin eski tish cho`tkasi yordamida yaxshilab ishqalab, so`ng latta bilan artib oling.

 

Jun matodan tikilgan kiyimlar yuvilgach kirishib qolsa...

Agar sevimli jemperingiz yuvgandan keyin oz-moz cho`zilgan bo`lsa, soch uchun mo`ljallangan kondisioner qo`shilgan iliq suvda yuving. Keyin jemper ho`lligida unga kerakli shaklni berib (ya`ni zarur darajagacha cho`zib), yassi kenglikka (masalan, stol ustiga) yoyib qo`ying. Agar jemper yaxshigina kirishgan bo`lsa, unga ozgina suv sepib ho`llang va ustiga nam mato yopgan holda dazmollang. Dazmollash jarayonida jemperni zarur o`lchamgacha tortib boring. Jemperni yaxshilab quriguncha dazmollash kerak.

 

Oshxonadagi shkaflarda noxush hid paydo bo`lsa...

Shkafni avval ichkaridan, keyin tashqaridan avvaliga ho`l, keyin quruq latta bilan arting. So`ng shkaf tokchalariga yangi limon yoki apelsin po`stini surting. Buni oyiga bir marta amalga oshiring.

Yana bir maslahat: muzlatkichdagi noxush hidni bartaraf etish uchun paxtani achchiq damlangan qahvada ho`llab olib, kichkina piyolaga soling va muzlatkich tokchalaridan biriga qo`ying.

Kichkintoy divan yoki gilam ustiga «yozilib» qo`ysa…

Yarimta limonning suvida ho`llangan gubka bilan nam joyni yaxshilab arting. Noxush hidni yo`qotishda sirka va suv aralashmasi (1:4 nisbatda) ham yaxshi yordam beradi. Eritmani ho`l bo`lgan joyga purkagich yordamida yaxshilab purkang va 5-10 daqiqaga qoldiring. Keyin ortiqcha namlikni hojatxona qog`oziga shimdirib oling.

Shahnoza SOATOVA tayyorladi

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!