2017 yilda 70 gektar maydonda "Toshkent Siti" barpo etila boshlaydi

13:48, 28 noyabr

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 24 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Nomzodning uchrashuvdagi nutqi to`liq holda "Toshkent oqshomi" gazetasida chop etildi, deb yozadi “Uz24.uz”.

Nutqda qayd etilishicha, Toshkent shahrining eski shahar qismidagi Zarqaynar mahallasi ko`chalarida dunyoning boshqa ko`plab mamlakatlaridagi kabi, xususiy tadbirkorlarning faoliyati va milliy me`morchilik namunalari asosida "Eski Toshkent" nomli tarixiy-madaniy va dam olish markazini tashkil etiladi.

Bu, bir tomondan, shu hududda yashaydigan aholi uchun o`z biznesini tashkil qilishga va yangi ish o`rinlarini yaratishga imkon beradi. Ikkinchi tomondan, chet ellik mehmonlar orasida bizning an`ana va urf-odatlarimizni targ`ib etishga xizmat qiladi.

Ushbu markazdagi ob`ektlarning qurilishi xususiy tadbirkorlar tomonidan Milliy bankning imtiyozli kreditlarini jalb qilgan holda moliyalashtiriladi.

Shuningdek, 2017 yilda tadbirkorlar va tijorat banklarining jami 1 milliard dollargacha bo`lgan mablag`lari hisobiga "O`qchi Olmazor" massivida umumiy maydoni 70 gektar bo`lgan "Toshkent Siti" ishbilarmonlik hududi bosqichma-bosqich quriladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!