“Dizayn”ning tanqidiga javob bergan, tomoshabinni yig`latgan, siyosiy jarayonni ham unutmagan Bahrom Nazarov (Video va foto)

14:42, 28 noyabr

“Istiqlol” san`at saroyida 26-27 noyabr kunlari xonanda Bahrom Nazarovning “Baxt uchun” deb nomlangan konsert dasturi taqdim etildi.

Konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlar undan bir nafasda chiqib keta oldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Yangi bo`lsada, muxlislar qalbidan bir eshitishda joy ololgan taronalar, ularga sahnalashtirilgan betakror raqslar guldastasi, bularning barchasi Bahrom Nazarovning konsertida jam bo`ldi.

“Tumor” raqs dastasi raqqosalari tomonidan ijro etilgan raqslar guldastasi va xonandaning taronalari shu qadar uyg`unlashib ketdiki, ulardan bir on chalg`ishning ham imkoni yo`q edi.

Xonandaning hazilomuz, tarbiyaviy ahamiyatga ega taronalari ham alohida ta`kidlash joiz. Xonandaning onasiz qolgan etim bolalar haqida kuylagan taronasi tashrif buyurgan har bir tomoshabin ko`ziga yosh kelishiga sabab bo`ldi. Bahrom Nazarov ijrosidagi horazmcha, surxoncha yo`nalishlarda kuylangan taronalar, ulug` adiblarimizning ijodlaridan o`rin olgan asarlarga yaratilgan qo`shiqlar alohida e`tirofga sazovor.

Konsert davomida “Dizayn” jamoasining hazillari yig`ilganlarga ko`tarinki kayfiyat bag`ishladi. Jamoa yigitlari Bahrom Nazarovni jonli konsert bermaganini tanqid qilishgan ham ediki, bunga javoban xonanda shu zahoti jonli ijroda ustozi O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning “Majnuntol” taronasini kuylagani zalda gulduros qarsaklarga sazovor bo`ldi.

Bahrom Nazarov barcha muxlislarining ko`nglidan joy olgan “Ayrildim”ni kuylaganida esa tomoshabinlar fonuslar ko`tarib, uni o`zgacha qarshi olishdi. 

Bundan tashqari xonanda konsert davomida O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni ham xotirlab, “Biz hech kimdan kam emasmiz!” degan iqtiboslarini alohida ta`kidlab, so`nggi paytlarda tarixiy shaxslarning hayotlarini o`rganayotganini va bunga o`zi ham yana bir bor guvoh bo`layotganini ta`kiladi.

Darvoqe, Bahrom Nazarov konsert so`nggida bugungi kechayotgan siyosiy jarayonga ham o`z munosabatini bildirib, barchani 4 dekabr kuni Prezident savlovida ishtirok etishga va kelajagimiz uchun ovoz berishga chaqirdi. 

Bahrom Nazarov nafaqat san`ati balki samimiyligi, tomoshabinga mehr ulashib tura olishi bilan barchaning ko`nglidan birday joy olishga muvaffaq bo`lgan xonandalardan. 

Konsertga tashrif buyurgan xonandaning muxlislari anchaga ta`tigulik ma`naviy ozuqa olganligi tabiiy. Konsert rejissyori Farhod Badalov ham o`z ishini mahorat bilan uddalagani ko`rinib turibdi. Bir so`z bilan aytganda, konsertga tashrif buyurgan har bir tomoshabin xonandaning keyingi konsertini ham intiqlik bilan kutishi aniq. 

Xonandaning “Baxt uchun” deb nomlangan taronasi tomoshabinga haqiqiy ma`noda baxt ulasha oldi desak mubolag`a bo`lmaydi.




















Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!