O`zbekistonda ilk marotaba saylovni yorituvchi “Press Club: Elections.uz-2016” tashkil etildi(Foto)

16:56, 28 noyabr

4 dekabrda  joriy yilning asosiy siyosiy voqeasi – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`lib o`tadi. O`zbekiston Prezidenti saylovini keng yoritish uchun  Markaziy saylov komissiyasi qoshida 1300 dan ortiq  xorijiy va milliy OAV vakillari akkreditasiya qilindi.  

Xorijiy va milliy OAV vakillarining professional  faoliyatlari uchun  xalqaro standartlarga  mos keladigan qulay infratuzilma va sharoitlar yaratish, interfaol axborot media-maydoni  tashkil qilish va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish  jarayonining borishi to`g`risida xolis kontentni shakllantirish,   xalqaro kuzatuvchi  va  ekspertlarni, shuningdek media-hamjamiyati vakillarini respublikamiz erishgan yutuqlar bilan tanishtirish maqsadida  nodavlat media-sektorning mustaqil  vakillari tomonidan O`zbekistonda birinchi «Press-ClubElections.uz-2016» («Saylov.uz-2016» press-klubi)tashkil etish haqidagi fuqarolik tashabbusi ilgari surildi. Press-klub o`z multimedia maydonida xorijiy va milliy mediasoha vakillarini birlashtirishi ko`zda tutilgan. Klub tadbirlari «International Hotel Tashkent» mehmonxonasining “Billur” zalida  o`tkaziladi. Ayni  paytda  bu erda  2016 yilning 30 noyabrida bo`lib o`tadigan  klubning tantanali ochilish marosimiga  tayyorgarlik ishlari  olib borilmoqda. 

Mazkur loyiha ijtimoiy-fuqarolik  tashabbusi hisoblanadi. Bu multimedia maydoni O`zbekiston Elektron OAV Milliy  assosiasiyasi, «Uzbekistan Today» axborot agentligi, «Mening Yurtim»telekanali,  «Sevimli-tv.uz» internet-telekanali, «Uzreport-TV» telekanali, «Darakchi inform servis», «O`zbekiston kabel televideniesi», «Poytaxt», «Vodiy sadosi» radiostansiyalari va boshqalar   tomonidan  tashkil etildi.  O`zbekiston  Respublikasi  Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi loyihani texnik jihatdan qo`llab-quvvatlaydi.  “Biz mulk  shaklidan qat`iy nazar barcha  xorijiy va milliy  OAV uchun  mutlaqo ochiqmiz. Bu multimedia maydonida ilg`or texnologiyalar jamlangandi: yuqori tezlikdagi internetga ega bo`lgan 80 dan ortiq zamonaviy  kompyuterlar o`rnatildi, IT-texnologiya, dizayn va multimedia sohasidagi eng so`nggi yutuqlardan  foydalanildi.  Bular natijasida  ilg`or dunyo standartlariga mos  keluvchi klub tashkil etishga muvaffaq bo`lindi. Press-klub wi-fi aloqasi bilan ta`minlangan,  mamlakatdagi 10 ta  hududiy nodavlat  telestudiyalar, EOAVMA studiyalari  bilan onlayn-bog`lanish, shuningdek, alohida uzatuvchi telestansiya o`rnatiladigan Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazi bilan bevosita onlayn  aloqa yo`lga qo`yildi.  Shunday qilib, ko`plab jurnalistlar  press-klubda turib, ta`bir joiz bo`lsa, O`zbekiston saylov  jarayoni voqealari markazida bo`ladilar», – deb  aytdi  press-klub rahbari, EOAVMA boshqaruvi raisi, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov.

Press-klubning samarali faoliyat olib borishi uchun   parlament a`zolari, partiyalar, vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek,  xalqaro kuzatuvchilar  ishtirokida brifinglar, matbuot anjumanlari va turkum tematik tadbirlar  tashkil etishni  ko`zda tutuvchi kundalik dastur-jadval ishlab chiqildi. Klubning ochilish marosimida  va keyingi uchrashuvlarda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi  raisi Mirza-Ulug`bek Abdusalomov,  O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  Senatining  tashqi siyosat masalalari qo`mitasi raisi Sodiq Safoev, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazi  direktori Akmal Saidovlar  ishtirok etadilar. Ular    press-klub ishiga maslahat yordami  ko`rsatadilar.

Brifinglarda  «Mamlakatning siyosiy modernizasiyasi, Davomi bor», «Milliy qonunchilikka xalqaro huquqlar me`yorlarini implementasiya qilish, xalqaro  xamkorlik jihatlari», «Real bellashuv, sog`lom  siyosiy raqobat va elektorat bilan ishlashga  yangicha yondashuvlar», «OAV va saylovlar: feedbackni ta`minlash» kabi  turli mavzular muhokama qilinadi.  Press-klub  ishi  doirasida taniqli  xorijiy  kuzatuvchilar va xalqaro  tashkilotlar vakillari bilan intervyular  tashkil etish ham  rejalashtirilgan. Klub  tadbirlariga  turkum  televizion  loyihalar  muallifi va prodyusseri, OAV sohasi  eksperti Bobur Alixonov, taniqli jurnalist, blogger, siyosatshunos Sherzod Qudratxo`jaev, «Meningovozim» va «Moy golos» tok-shoulari  boshlovchilari Sevara O`rinboeva, Mukaddas Fayozova va Nasiba Faxriddinovalar moderatorlik qilishadi.  

Press-klub  dasturidan shuningdek,  xalqaro kuzatuvchilar  va OAV vakillarini  O`zbekistonning an`anaviy madaniyati va san`ati bilan tanishtirishga  qaratilgan  madaniy  tadbirlar ham o`rin  olgan.   Jumladan,  Ijtimoiy reklama milliy  festivali, Baynalminal  Madaniy markaz bilan hamkorlikda «O`zbekiston  umumiy uyimiz» kitobining kengaytirilgan taqdimoti,  shuningdek, Respublika “Hunarmand” assosiasiyasi  bilan birgalikda  xalq amaliy  san`ati  buyumlari ko`rgazma-yarmarkasi va “Mustaqil O`zbekiston ustalari” kitob-albomi  taqdimotini  o`tkazish ko`zda  tutilmoqda. 

«Press-ClubElections.uz-2016»ning  rasmiy ochilish  marosimi 2016 yil 30 noyabrda  bo`lib o`tadi.







Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!