Narimon Umarov Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

22:56, 28 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 28 noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videomuloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi raisi R.Tolipov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M.Berdiqulova yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar samarasida Toshkent viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati yuksaldi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining qariyb 15 foizi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarining 12 foizdan ortig`i, iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investisiyalarning taxminan 10 foizi, yalpi ichki mahsulotning 9,7 foizi ayni shu viloyat hissasiga to`g`ri kelmoqda. 

Narimon Umarov saylovchilarni o`z saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari bilan tanishtirar ekan, unda ilgari surilgan g`oyalar “Adolat” sosial-demokratik partiyasining ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat, ma`naviy va axloqiy etuk adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi dasturiy maqsad va vazifalariga asoslanganini ta`kidladi. 

Investisiya takliflarini chuqur o`rganish va investorlarning ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, raqobatbardosh, yuqori qo`shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta`minlash bo`yicha majburiyatlarini qat`iy nazoratga olish asnosida korxona va muassasalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish siyosatini davom ettirishga alohida e`tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati L.Koshelapova, Toshkent viloyati ko`p tarmoqli markaziy shifoxonasi bosh shifokori B.Qosimov, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati K.Hamidova, “To`ytepa Agro Maks” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari U.Shoumarov, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati kapital qurilish direksiyasi rejalashtirish bo`limi etakchi mutaxassisi E.Ablaeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida fikr bildirib, saylovga tayyorgarlik jarayoni milliy qonunchiligimiz va umume`tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq o`tayotganini ta`kidladi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!