Xatamjon Ketmonov sirdaryoliklar bilan uchrashdi

23:05, 28 noyabr

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 28 noyabr kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A.Qirg`izboev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Toshmatov yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Sirdaryo viloyati o`zining yuqori iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati, geografik joylashuvi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida o`ziga xos muhim o`rin tutadi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida mustaqillik yillarida viloyatda ana shu salohiyatni yanada oshirish yo`lida katta yutuqlar qo`lga kiritildi. Viloyatda yalpi hududiy mahsulot 2010 yildan buyon 1,6 barobar oshdi, keyingi besh yilda uning tarkibida sanoat mahsulotlari 1,6 marta o`sdi. Bu borada ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali katta ahamiyat kasb etayotir. 

Dasturda mamlakatning ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida o`sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta`minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilgan. 

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikning katta qiziqishiga sabab bo`ladigan masalalar bo`yicha qaror qabul qilishdan avval ushbu masalalar yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvlari o`tkazishning majburiyligini belgilash, “Keksalarimiz uchun munosib pensiya ta`minoti!”, “Biz keksalarimizning farovon hayoti uchun mas`ulmiz!” shiorlari negizida mamlakatimiz ravnaqi, ulg`ayib kelayotgan yosh avlodga ozod va obod Vatan qoldirish borasidagi ishlarga o`z hissasini qo`shgan keksa avlodning turmush sharoitini yanada yaxshilash g`oyasi ilgari surilgan. 

O`qish uchun shartnoma pullarini to`lashga qiynalayotgan kam ta`minlangan oilalar farzandlarining shartnoma pullarini to`layotgan korxonalarni, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag`batlantirish bo`yicha ustuvor vazifalar belgilangan. 

Uchrashuvda O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo tumani kengashi raisi M.Ahmedov, partiya Guliston tumani kengashi raisi M.Mamatkarimova, Sirdaryo tumani xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limi mudiri o`rinbosari Sh.Yo`ldosheva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz kelajagini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!