Kichkina qizaloq besh kishiga hayot baxsh etib, o`limdan qutqardi, ammo o`zi...

14:02, 29 noyabr

Qizaloq dunyoga kelganda, ota-onasining quvonchi cheksiz edi, unga Oliviya deb ism qo`yishdi, ammo oradan bir necha yil o`tgach, vrachlar qizchaning miyasida xavfli o`sma paydo bo`lganligini aniqlashdi, deb xabar beradi “Nonbox.ru” nashri.

O`simtani operasiya qilishning ham, kimyoterapiya bilan davolashning ham iloji yo`q edi.

Uch yoshli Oliviya Svedberg har chorshanba kuni gimnastika mashg`ulotiga borar, multfilm tomosha qilishni, malika libosini kiyishni yoqtirardi. Yuzidan tabassum arimaydigan Oliviya ota-onasi — Lauressa va Brokning faxri edi. U tug`ilganida dunyodagi eng sog`lom chaqaloqlardan biri edi. Ammo saraton kasalligi barchasiga nuqta qo`ydi. Oliviyaning ota-onasi davolash besamarligini eshitib, umrining so`nggi daqiqalarini qizi oila davrasida, baxtli o`tkazishini istashdi.

Oliviya uchun hisobsiz kechalar va ballar, dengiz sayohatlari tashkil etildi. Qizcha hatto dengizda delfinlar bilan ham suzdi. Bunday ko`ngilochar tadbirlar Oliviyaning kayfiyatini ko`tardi. Ammo bularning bari uni ajal komidan qutqarib qololmadi. Oliviya hayotdan ko`z yumib, besh insonga hayot hadya etdi. 

Oliviyaning ahvoli og`irlashib qolganda, uning onasi Lauressa qo`shni palatada yotgan Lukas Geller ismli bolakayga jigar ko`chirib o`tkazish zarurligini, uning ahvoli og`irligini eshitib qoldi. Bolaning o`lim bilan olishayotganini eshitgan Oliviyaning ota-onasi taqdirlariga tan berib, uning jigarini Lukasga ko`chirib o`tkazish kerak, degan qarorga kelishdi.

Oliviya vafot etgan kunning ertasiga uning jigari Lukasga, yuragi, buyragi, oshqozon osti bezi, ichaklari, hatto ko`zlari ham boshqa bemorlarga ko`chirib o`tkazildi. Uning buyragi 22 yoshli yigitni, yuragi bir yoshli go`dakni, oshqozon osti bezi va ichaklari kichkina Anjeloni hayotga qaytardi, ammo vrachlarning o`zi uni bedavo dard changalidan qutqara olmadi.

Uning jigari ko`chirib o`tkazilgan Lukas ikki yil mobaynida gospitalda davolandi. Ilgari yurolmaydigan Lukas, ayni kunlarda tengdoshlari qatorida o`ynab, yugurib yuribdi. Oliviyaning ota-onasi bu qarorga kelishlari qanchalik og`ir bo`lganiga qaramay, qizi tufayli hayotga qaytgan odamlarni ko`rib, to`g`ri yo`lni tanlaganlariga amin bo`lishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!