«Rafiqam bilan ajrashishni istamayman, ammo...»

14:43, 29 noyabr

Oilaning buzilishini hech kim hech qachon istamaydi. Lekin shunga qaramay qanchadan qancha oilalarning darz ketayotganiga guvohmiz. Bunga goh er, goh xotin, gohida qaynona-qaynotalar ham sababchi bo`ladi. Er-xotin bir-birini sevadi, bir-biri uchun yashaydi. Faqat bular ro`zg`or va farzandlar tashvishi  orqasida qolib ketgan. Hayot sinovlari ikki qalb o`rtasidagi ilohiy tuyg`uni uzmay, aksincha, mustahkamlaydi. Bunga bardosh bera olish esa har kimning o`z qo`lida...

Muxlislarimizga O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mahmud ISMOILOV javob beradi:

 

«Poezdda opasinikiga jo`navoribdi»

Turg`unbek, 38 yosh, Jizzax viloyati:

O`n besh yil avval ota-onam tanlagan qizga uylanganman. Ular sovchilikka borgan qiz menga ham yoqqan. Toshkentda universitetda o`qiganman, xotinim esa maktabni bitirib, chevarchilik hunarini egallagan. Ayolim saranjom-sarishta, ota-onamga va oilamdagilarga mehribon. Ikki farzandimizni ham oq yuvib, oq tarab katta qilyapti. Bir qarashda hamma bizni baxtli oila deb o`ylaydi. Lekin aslida unday emas... Hammaga mehri cheksiz ayolim menga kelganida doim baqiroq, injiq, kayfiyatsiz bo`lib qoladi. Men bilan hech ham ochilib gaplashmaydi. Ish buyursam ko`nglimdagidek bajarmaydi, doim gap qaytaradi. Undan ko`p narsa talab qilmayman, ishdan kelganimda kulib kutib olsin, yonimda gaplashib o`tirsin deyman. Hech kimdan kam joyi bo`lmasa. Tinimsiz mehnat qilayotgan erining ko`ngliga qarash shunchalik qiyinmi? Sabr kosamni yaqinda qilgan qilig`i to`ldirdi. Uzoq viloyatga kelin bo`lib tushgan opasi qiz chiqaryapti. To`ydan yigirma kun oldin ketamanga tushdi. Shuncha ertadan borib senga nima bor, to`yga to`rt-besh kun qolganida birga boramiz desam jahl qildi. Keyin ishdan qaytsam, narsalarini yig`ishtirib, poezdda opasinikiga jo`navoribdi. Bolalarni esa qarovsiz tashlab ketibdi. Rosa jahlim chiqdi. Bunday xurmacha qiliqlaridan to`yib ketdim, xotinimni yo`lga solishning iloji yo`q deb o`ylayman…

Maslahat: — O`n besh yil birga yashab, hamon bir-biring fe`l-atvoriga ko`nikmaganlari va moslashmaganlari meni hayron qoldirdi. Sizga yagona maslahatim, ayolingiz bilan gaplashib oling. Suhbatingiz davomida baqirmasdan, tinchgina gaplashishga harakat qiling. Bu suhbat bolalar ishtirokisiz o`tgani yanada ma`qul. Bir-biringizdan nima istayotganingizni oshkora ayting, nima qoniqtirmayotgani, nimalar sizning jahlingizni chiqarishini istihola qilmasdan gapiring. Shundagina o`rtadagi tushunmovchiliklar barham topadi. Endi sizlar o`zingizni emas, aksincha voyaga etkazayotgan farzandlaringiz haqida o`ylashingiz kerak.

 

«Sevgan qizimni ko`rib qoldim»

Asqar, 29 yosh, Sirdaryo viloyati:

— Institutni bitirib, poytaxtda qoldim. Yaxshi ishga joylashdim. Ishxonada birga ishlaydigan bir qizni yoqtirib qoldim. U avval turmushga chiqib, eri bilan uch oy birga yashab, ajrashgan ekan. Onam yo meni deysan, yo o`sha qizni deganida chorasiz ahvolda qoldim. Tez orada tumanimizdan birovning uyiga sovchilikka borib, men ko`rmagan, bilmagan qizga unashtirishdi. Turmush qurganimizga uch yil bo`ldi, poytaxtdagi ishimdan bo`shab, yoqtirgan qizim bilan ham aloqalarimni uzganman. Viloyatimizdan ish topib, shu erda ishlayapman. Ayolim chiroyli, esli-hushli. Pazandaligi onamni juda xursand qiladi. Kelinlarini doim maqtab o`tiradilar. Xotinim o`g`il tug`ib berganidan keyin ko`nglim iligandek bo`ldi. Lekin yaqinda ishxonamdan Toshkentga safarga bordim. Ish yuzasidan bir tashkilotga borganimda, o`zim yoqtirgan qizni ko`rib qoldim. Biroz gaplashib turdik, suhbat davomida uning hali ham turmushga chiqmaganini, mendan umidini uzmaganini bildim. Poytaxtda ishim bo`lmasa-da, shu qizni deb yana uch kun ushlanib qoldim. Bu voqea xayolimni, to`yg`ularimni ostin-ustun qilib yubordi. Maslahatga muhtojman...

Maslahat: — Erkak kishi ayolini nikohiga olar ekan, uning kelajakdagi hayoti, taqdiri uchun mas`uliyatni o`z bo`yniga oladi. Ana shu mas`uliyatni unutib qo`yibsiz. Ayolingiz sizga o`zini bag`ishlab, oilangizning xizmatini qilib yuribdi, sizni “Ota” degan sharafli nom bilan siylabdi, eng keraklisi, ota-onangizning ko`ngillaridan joy olibdi. Siz-chi? Shularning evaziga uni tashlab ketmoqchimisiz? Xayolingizni, fikrlaringizni tartibga keltiring. O`tkinchi havasga berilmang. His-tuyg`ularingizni deb, farzandingizni etim, ota-onangizni norozi, ayolingizni bebaxt qilmang. Maslahatim, oilangizga sodiq bo`ling.

 

«Kelinoyim bilan janjallashadi»

Javlon, 28 yosh, Urganch shahridan:

— Ota-onam uylanish haqida gap ochishganida yoqtirgan qizim borligini aytganman. Oilamdagilar qarshilik bildirishmagan, “Sevganing bo`lsa undan ham yaxshi, bir-biringni tushunib yashaysanlar”, deb onam xursand bo`lgandi. Sovchilikka borganlarida yoqtirgan qizimning oyisini onam unchalik xushlamagan. Baxtimdan sarmast holda osmonlarda uchib yurardim. Lekin kelinchagim to`yimizga bir oy bo`lmasdan katta kelinoyim bilan arazlashib, uyiga ketib qoldi. Ayb kimdan o`tganligini bilmayman. Kelinoyim to`rt yildan buyon biz bilan yashaydi. Shu vaqt davomida hech birimizga yomon gapirmagan. Onam bilan ayolimni olib keldik. Ayolim tez orada homilador bo`ldi. Ko`pincha tobi bo`lmaydi, uni asrab-avaylayapmiz. Biroq kelinoyim bilan hanuzgacha til topisholmadi. Akam men uylanishimdan avval o`zi uchun er sotib olib, hovli qurishni boshlagandi. Hovlisi bitib qolganini eshitgan xotinim shu uyga biz ko`chib chiqamiz, deb uyda janjal boshlagan. Sevganim bo`lsa ham, uning erkaliklaridan, onasining hamma ishimizga aralashuvidan charchab ketdim. Nima qilishga hayronman...

Maslahat: — Xalqimizda yozilmagan qoida bor, ota-ona bilan kenja farzand qoladi degan. Ayolingizga shuni eslatib qo`ying. Hamma o`z mehnatiga yarashasini oladi. Akangiz va kelinoyingiz mehnat qilib, uy qurishibdi, endi ular o`sha uyda rohatlanib yashashga munosiblar. Xotiningiz aka-uka, ota-ona va farzand o`rtasiga sovuqchilik tushirishni istamasa, bu qiliqlarini yig`ishtirsin. Qaynona-qaynotasining xizmatidan og`rinmasin. Agar ayolingizga sizlarning gaplariingiz og`ir botsa, uni faqat o`z ota-onasi yo`lga sola oladi. Buning uchun siz qaynotangiz bilan bafurja gaplashing. Uyingizdagi janjal faqat kelinlar o`rtasida bo`lsa, akangiz oilasi bilan ko`chib ketsa, bu janjallar ham barham topadi. Arzimagan muammolarni deb oilangizning tinchligini buzmang. Sizga va ayolingizga faqat sabr qiling deb ayta olaman.

 

Dilnoza MIRTOLIPOVA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!