Toshkent bojxona xodimlari katta miqdordagi kosmetika mahsulotlari noqonuniy aylanmasining oldini oldi

14:45, 29 noyabr

Respublika bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo`lmagan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining olib o`tilishiga qarshi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmatiga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda.

Yaqinda Toshkent bojxona xodimlari tomonidan katta miqdordagi parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi.

Jumladan, «Keles» temir yo`l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Moskva—Toshkent yo`nalishidagi poezdning yo`lovchisi fuqaro Sh.Muxamedov (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) umumiy qiymati 8 million so`mdan ortiq 240 dona turli xil kosmetika tovarini vagonning hufiyona joyiga yashirib, olib kelayotgani aniqlandi.

Shunga o`xshash holatda Olmaota—Nukus yo`nalishi bo`yicha kirib kelgan poezd yo`lovchisi, qo`shni davlat fuqarosi T.Saidovning qo`l yuklari orasida umumiy qiymati 10 million so`mdan ortiq jami 246 dona turli xil parfyumeriya va kosmetika tovarini yo`lovchi bojxona deklarasiyasida hamda bojxonachilarning og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmagan.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Chuqursoy» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari xorijdan Farg`ona viloyatida faoliyat yurituvchi xususiy tadbirkorlar nomiga keltirilgan temir yo`l konteyneridagi tovarlar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o`tkazilganda, mazkur konteynerda tegishli yo`l hujjatlarida ko`rsatilganidan ortiqcha bo`lgan 6 turdagi salkam 32 ming dona parfyumeriya va kosmetika tovari hamda oshxona anjomlari borligi aniqlandi. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra ushbu tovar moddiy boyliklarning umumiy narxi 160 million so`mni tashkil qiladi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!