“Mabodo tirik qolsang, seni yaxshi ko`rishimni unutma!”

16:16, 29 noyabr

Yaponiyada ro`y bergan zilziladan so`ng qutqaruvchilar vayronaga aylangan uylardan birining tirqishidan qarab, ayol kishining tanasini ko`rishdi, deb xabar qildi “Rrostoudivitelno.ru” nashri.

U tiz cho`kib, xuddi iltijo qilayotganday, qo`lidagi nimanidir bag`riga bosib, g`alati alfozda turardi. Vayrona bo`laklari uning elkasi va boshiga kelib tushgandi.

Qutqaruvchilar qiyinchilik bilan tuynukni kengaytirib, ayolni olib chiqishga harakat qilishdi. Ular ayolni tirik bo`lsa kerak, degan xayolga borishdi. Ammo uning muzlashga ulgurgan tanasi halok bo`lganidan darak berib turardi. Shunda qutqaruvchilardan biri diqqat bilan razm solib, ayolning qo`lida bola borligini ko`rib qoldi va hayratdan “Bola! Uni qutqarish kerak!” deb qichqirib yubordi.

Barcha qutqaruvchilar guruhi ayolni bosib qolgan vayronalardan tozalashga kirishdi va ayol uch oylik chaqaloqni qutqarish maqsadida gavdasi bilan pana qilib, halok bo`lganiga guvoh bo`lishdi. Qutqaruvchilar chaqaloqni qo`lga olganda, u hech nimadan xabarsiz, pishillab uxlab yotardi. Bola o`ralgan adyol ochib ko`rilganda, ichida uyali aloqa telefoni yotardi. Unda “Mabodo tirik qolsang, seni yaxshi ko`rishimni unutma!” degan matnli xabar yozilgandi. Telefon qutqaruvchilar orasida qo`lma-qo`l bo`ldi.

Ona muhabbati ulkan ishlarga qodir...

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!