Baxtning doyasi

16:53, 29 noyabr

Ko`zim ilinibdi. Dahlizdagi oyoq tovushlari, ertalabki hol-ahvol so`rashishlardan uyg`onib ketdim. Kam fursat uxlagan bo`lsam-da, ruhim tetik. Qarasam, telefonimga «SMS» kelibdi. «Yaxshi etib kel. Kalit har doimgi joyda».

Telefon qilib, bezovta qilishga ko`zi qiymagan. O`rnimdan turib, navbatchilikni topshirdim va uyga shoshildim. Ko`chaga chiqqach, biroz yayov yurgim keldi. Bolalar maktab-bog`chaga, turmush o`rtog`im ishga jo`nab ketgan, uyqum ham kelmayapti. Kechasi bilan yomg`ir yoqqan, havo biram toza edi. Yomg`ir yog`sa, doim rahmatli buvimni eslayman. U kishining oyoqlari havo bulutlashgandan og`rib boshlardi. Men esa jajji qo`llarim bilan oyoqlarini bosardim. U kishi doim «Munira, sen doya bo`lishing kerak», derdi. Maktabimizda oq xalatli kishini ko`rsam, partaning ostiga yashirinadigan menday quyonyurakdan doya chiqishiga ko`zim etmasdi. Bu gapdan negadir qo`rqardim-da, ko`zlarimni javdiratib buvimga tikilardim. «Ha, nima? Doya bo`lsang, yomonmi? Mittivoylarning eson-omon tug`ilishiga xizmat qilsang, ularni ilk bor sen qo`lingga olsang-a? Gapimni ikki qilmaysan!» derdi qat`iy ohangda. Indamay turaverardim. Birozdan keyin buvim mayu`s va past ovozda so`z boshlardi. «Bizning paytda hamma uyda tug`ar, bir qishloqda bitta doya bo`lsa bor, bo`lmasa yo`q edi. Ular ham hech qaerda o`qimagan, onameros kasb egalari. O`shanda sharoit yaxshi bo`lganda, Hasan-Husanlarim omon qolib, men ham o`g`il to`ylar ko`rarmidim. Bobong rahmatli qor kechib qishloqning u burchagidan doya olib kelguncha, men sho`rlikning ko`zim yorib, bolalarim nobud bo`lgandi-da», deya ko`zda yosh bilan kuyinib gapirardi.

Maktabni tugatganimda buvim rahmatli hayot edi. Otam poytaxtga jo`natmayman deganida, u kishi bilan talasha-tortisha meni o`qishga yubordi. «Doya bo`lib keladi, qizim» deya o`qishga kirmasimdan oldin hammaga maqtanib, faxrlanib yurdi. Duolari ijobat bo`ldi. O`qishga ham kirdim, tugatdim ham, doya ham bo`ldim. Ammo buvim bu kunlarni ko`rmadi.

Shularni eslayman-u, ko`zim yoshlanadi. ham sog`inchdan, ham quvonchdan. haqiqatda, judayam baxtliman. Necha-necha ayollarning eng baxtli onlariga, inson atalmish mavjudotning dunyo yuzini ko`rishiga guvoh bo`layapman. Bu jarayonlarda bevosita ishtirok etayapman.

Mana, kecha Umida ismli ayolning ko`zi yoridi. Asli uni ko`pdan taniyman. Ilk bor qaynonasi bilan kelgandi qabulimga.

— Muniraxon, olti yildan buyon kelinimning bo`yida bo`lmayapti. O`g`lim ajrashamanga tushib qolgan. Mana, kelinimni etaklab shifokorma-shifokor olib yuribman, — dedi. Umida bilan suhbatlashdim, tahlil uchun qon topshirishni tayinladim. Natija yaxshi chiqdi. Endi turmush o`rtog`ini ko`rikdan o`tkazish kerak edi. Ammo qayta-qayta tayinlasam ham kuyov kelmadi. Shu bilan to`rt yil o`tibdi-a? Qaynonasi bolalarining oilasini asrash uchun tabibu shifokorga qatnar, ammo o`g`li «menda ayb yo`q» deya davolanishga ro`yxushlik bermasdi. Orada necha marta Umida sho`rlikni ota uyiga haydadi. O`tgan yili tasodifan Rashid bilan uchrashib qoldim. O`shanda ham yomg`ir yog`ayotgandi. Navbatchilikka kelayotsam, mashinasini to`xtatdi.

— Munira opa, shifoxonagami? O`tiring, yo`lim shu tomonda, tashlab o`taman, — dedi.

Taklifini qabul qildim. Hol-ahvol so`rashdim. Umidani so`ragandim, boshini quyi soldim. Tushundim, yana “ajrashish” tashvishiga tushgan bu yigit.

— Rashidjon, nega tibbiy ko`rikdan o`tishni istamaysiz? Bu sizga “bepushtlik” tamg`asini bosmaydi. Juftliklar birga davolanishi kerak. Shuni tushuning. Farzandli bo`lishni istasangiz, siz ham harakat qiling, — dedim.

Shu bilan biz qayta uchrashmadik. Bir qulog`imga chalingandek bo`ldi: Rashid bilan Umida davolanayotgan ekan. Sal o`tmay Umida homiladorlar ro`yhatiga yozildi. Farzandi tug`ilganda ularning quvonchidan mening ko`zlarim yoshlandi. Rashid esa tug`ruqxona derazasining tagidan ketmadi. Sevinchidan dunyoga sig`mas, goh quchog`i to`la gul, goh mevalar, tansiq taomlar olib kelardi. Otalik baxtidan ko`klarda parvoz qilardi u.

Kecha Umida bilan yana bir ayolning ko`zi yoridi. Sanamjon opa. Yoshi qirqlarga borib qolgan juvonning bu to`rtinchi qizi. O`g`il tug`aman, deb jonini xatarga qo`ydi ayol sho`rlik. Sog`ligi ham unchalik yaxshimasdi. Chaqaloq qizligini bilgach, ayol yostiqqa boshini qo`yib yig`lashga tushdi. Birinchi marta xafa bo`lib ketdim bu chillaxonada. Uni ovutishga ham so`z topilmasdi. Axir ovutiladigan voqea bo`lmadi-ku! Bola sog`-salomat dunyoga keldi. Ammo... qiz bolaligi uchun... Ayolning qo`rquvini erining zug`umidan deb o`yladim. Ota bo`lmishga xabarni aytishni o`z zimmamga oldim. Chiqsam, turibdi. Uning umidvor ko`zlarini ko`rib, avvaliga dovdirib qoldim. Nima deyishni bilmadim. Birinchi marta bu holga tushishim edi. Baxtimga o`zi so`z boshladi:

— Tug`ruq yaxshi o`tdimi? Omonmilar?

— Ha... Umarjon aka, qizmi, o`g`ilmi, Allohning ne`mati, farzand... hali qizlaringiz... — dedim kalovlanib.

— Ming o`g`ilning o`rnini bosishadi, — ilib ketdi aytolmagan gapimni Umar aka. — Kirib, qizim, ayolimni ko`rsam maylimi?

To`g`risi, u kishidan bunday munosabatni kutmagandim. Ko`zlari chaqnayapti. Boyagi havotirimdan o`zim hijolat tortdim.

To`g`ri, bu dargohda turli insonlarni uchratdim, turfa taqdirlarga guvoh bo`ldim. Ba`zan jahldor otalar, noshukr onalar, tushunmaydigan qaynonalar bilan to`qnash kelganman. Bayram, tug`ilgan kunlarni navbatchilik bilan qarshilaganman. Tungi navbatchilik sabab turmush o`rtog`im bilan o`rtamizda kelishmovchiliklar yuz bergan, ro`zg`orga, bolalarga ulgurmay qaynonamdan dakki ham eshitgan paytlarim bo`ldi. Og`irroq tug`uruqlar jarayonida yuragimni hovuchlab turardim. Ammo barchasi yangi tug`ilgan go`dakning ifori dimog`imga urilganda, uni bag`rimga bosgancha volidasining qo`liga tutqazganimda unut bo`lar va menga cheksiz baxt bag`ishlardi. Ha, baxt! Bu baxtni his qilib yashayotganimga shukronalar aytaman!

Ana shunday o`ylar og`ushida uyimizga qanday etib kelganimni bilmay qolibman. Aytilgan joydan kalitni olib uyga kirdim. Qorong`i ekan. Chiroqlarni yoqdim. Yoqdim-u, hayratdan ko`zlarim katta ochildi. Uy sharlar bilan bezatilgan. Mehmonxona devoriga esa katta plakat osilgan. Unga bir nimalarning surati chizilgan, yaqinroq borib qarasam, men, tug`ruqxona, chaqaloqlar rasmi. To`g`ri, ularni bir-biridan ajratib olish, nimalagini aniqlash qiyin, besh yoshli o`g`ilchamning san`at asarlari. Surat tepasiga katta harflar bilan “TABRIKLAYMIZ!” deb yozilgan. Nima munosabat bilan ekan, deb hayron qoldim. Stoldagi guldonda qizil atirgullar. Shoshib qoldim. Erimga qo`ng`iroq qildim. Hayratimdan u kishi hayron bo`ldi.

— Iya, Munira, eslay olmaysanmi? Bugun tug`ruqxonada ish boshlaganingga o`n yil bo`ldi-ku! — dedi.

Esimda ham yo`qligini qarang. U kishiga rahmat ayta-ayta “syurpriz”larga javob tariqasida biror tansiq taom tayyorlashga tushib ketdim...

Shoira VAFOEVA qog`ozga tushirdi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!