Sochlar ham «kasal»lanadimi?..

17:19, 29 noyabr

Oramizda soch to`kilishidan shikoyat qilmagan ayolning o`zi bo`lmasa kerak. Chunki homiladorlik va emizish davrida bu muammoga deyarli barchamiz duch kelamiz. Hayz va klimaks paytida esa yana soch to`kilishi kuzatiladi. Trixologlar fikricha, bunga organizmdagi gormonal buzilish va boshqa shu kabi omillar sababdir. Ularning eng ko`p uchraydiganlari bilan tanishing:

  1. Stress. Jismoniy charchoq, uyqusizlik, asabiylashish, ruhiy zo`riqish tufayli soch follikulasi o`sishdan to`xtaydi. Bu holat stress natijasida bosh terisidagi kapillyar tomirlar torayishi va qon aylanishining buzilishi bilan bog`liqdir.
  2. Parhez. Ozish uchun doimiy och yurish, turli parhezlarga zo`r berish, organizmda temir moddasi etishmovchiligi kabi sabablar ham soch ildizini zaiflashtiradi. Ma`lumki, yog` to`qimalari organizmimizda ayollik gormonini ishlab chiqarishga javobgar. Shu bois, zudlik bilan ozishni maqsad qilgan bo`lsangiz, buning teri, tish, tirnoq va sochga zarari borligini e`tiborga oling. Shuningdek, qon tomirlarining birdaniga torayishiga olib keluvchi qahva, achchiq choy singari ichimliklar sochlarga salbiy ta`sir ko`rsatishini ham yodda tutish kerak. 
  3. Yuqumli kasalliklar. Shamollash bilan bog`liq va har qanday infeksion kasallik soch to`kilishiga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun ham sog`aygach,  darhol mutaxassis ko`rigidan o`tib, kerakli muolajalarni olish maqsadga muvofiqdir.
  4. Homiladorlik. Bu davrda ayol kishining sochlari yanada ko`proq jilolanadi. Chunki homilador ayol organizmidagi qo`shimcha estrogen gormoni faollashadi. Tug`uruqdan so`ng (ayniqsa, dastlabki 3 oyda) esa organizmdagi estrogenlar miqdori keskin tushib, erkaklik gormoni (androgen) ko`paygani sabab, soch follikulasining oziqlanishi buziladi va soch to`kilishi kuzatiladi.
  5. Gormonal buzilishlar. Ayol organizmida estrogenlar bilan birgalikda erkaklik gormoni — androgenlar ham mavjud. Ular soch follikulasiga ta`sir o`tkazib, oziqlanishiga xalal beradi. Endokrin xastaliklar, tuxumdon, buyrak usti bezlaridagi o`zgarishlar, klimaks, gormonal kontraseptiv vositalarni noto`g`ri qo`llash kabi omillar ham soch to`kilishiga olib kelishi mumkin.
  6. Nasliy unsurlar va androgen allopesiya. Bu ko`proq erkaklarda uchraydigan muammo bo`lib, ba`zan ayollarda ham uchrab turadi. Ya`ni ayol organizmida erkaklik jinsiy gormonlari miqdori oshsa, ushbu muammo yuzaga keladi. Xastalikni davolash uchun mutaxassisga murojaat qilish zarur.
  7. Seboreya. Bosh terisi kasalligi bo`lib, teri yog` bezlarining noto`g`ri ishlashi oqibatida sochda qazg`oq paydo bo`ladi. Uning yog`lilik darajasi oshib, sho`rlashish va qichishish alomatlari kuzatiladi. Seboreya yog`li va quruq bo`lib, har ikkisi ham soch to`kilishiga olib keladi. Kasallik sababli bosh terisi teshikchalari tiqilib qolgach, soch piyozi noziklashib boraveradi. Seboreya kasalligi klinik muolaja qilinadi. Uni o`zbilarmonlik, turli giyoh va niqoblar bilan davolashga urinish muammoni chuqurlashtirishi mumkin. Shuningdek, shaxsiy gigiena vositasi bo`lmish tarog`ingizni boshqa birovga ishlatish uchun zinhor bermang. Negaki, ko`pgina kasalliklar boshga taroq orqali yuqadi.
  8. Kimyoviy bo`yoqlar, fen va maxsus dazmol (utyujok) sochni jiddiy jarohatlaydi.

Test

To`kilgan sochingizni diqqat bilan tekshiring. Agar uning uchida mayda qoramtir qopchasimon nuqta ko`zga tashlanmasa – xavotirga o`rin yo`q. Bunday nuqta bor bo`lsa, sochingizni 3 kun mobaynida yuvmang. Uch kun o`tgach esa boshning qoq o`rtasi va chakka sochlaringizning bir tutamini ushlab, tortib ko`ring. Qo`lingizda 5 donadan ortiq soch tolasi qolsa, demak sochingiz nima sababdan to`kilayotganini aniqlashingiz lozim.

Soch uchun himoya:

  1. Bosh terisida qon aylanishini yaxshilash uchun uqalashni kanda qilmang;
  2. Oqilona ovqatlaning. Jumladan, E vitaminiga boy mahsulotlar sochning tez o`sishini ta`minlaydi. Tuzli, yog`li, dudlangan taomlar esa sochingiz bilan birga umumiy salomatligingizga ham zarar keltiradi.
  3. Yuvilgan soch kirlanganiga nisbatan kam to`kiladi. Shuning uchun ham soch yuvishda ishlatiladigan vositalarning o`zingizga mosini tanlang. Soch yuvganingizdan so`ng qichishish yoki biroz achishish his qilsangiz, soch uchun mo`ljallangan gigiena vositalarini o`zgartiring.
  4. Sport bilan shug`ullaning, u butun tanadagi qon aylanishini yaxshilaydi va kayfiyatni ko`taradi.
  5. Sochlar doimiy bo`yash, turli kimyoviy ta`sirlar va turmaklardan charchaydi. Shu sababli ularga vaqti-vaqti bilan dam bering:
  • Uyda sochlaringizni yoyib yuring.
  • Fen ishlatganingizda uni sochingizdan 20 sm uzoq tuting.
  • Sochlaringizni ko`pi bilan 2 oyda 1 marotaba bo`yang.
  • Nozik, sinuvchan sochlarni kimyoviy yo`l bilan jingalak qilish uchun avval uning normal holatini tiklab olish zarur. Yog`li sochlarni esa kimyoviy jingalak qilish (yoki tekislatish) yilda 2 marotabadan ko`p tavsiya qilinmaydi.
  • To`yib uxlash va maroqli hordiq chiqarishni o`zingiz uchun odat qiling va sochingiz sizdan minnatdor bo`ladi!

 Dermatolog-trixolog Sherzod MAHMUDOV tavsiyalari asosida

Madina ZARIF tayyorladi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!