«Kalsiy tanqisligini qanday engish mumkin?»

17:26, 29 noyabr

— Yoshim 25 da. Turmushga chiqmaganman. Keyingi paytlarda tishlarim emirilayotgani bois shifokorga murojaat qildim. Menda kalsiy darajasi ancha past ekan. Kalsiy bilan boyitilgan vositalarni qabul qilgandan keyin ham bu ko`rsatkich me`yoriga kelgani yo`q. Nima qilsam bo`ladi?

Guljahon, Farg`ona viloyati. 

Savolga shifokor-terapevt Shahnoza SAIDOVA javob beradi:

— Kalsiy etishmasligi charchoq, asabiylik, talvasa, ozg`inlik, rangparlik, qo`l uvishishi, yurak muammolariga olib kelishi mumkin. Tanqislik kuzatilgan odamlarning soch va terisi haddan ziyod quruq, yoriluvchan, suyaklari mo`rt bo`lib qoladi, burni tez-tez qonaydi. Kalsiy darajasini me`yorga keltirish uchun kamida 2 oy vaqt talab etiladi. Shifokor maslahati va nazorati ostida kalsiy bilan boyitilgan dori vositalarni qabul qilish, ko`proq ochiq havoda sayr etish va kunjut urug`i, pishloq, mosh, loviya, no`xat, tuxum sarig`i, baliq moyi, suli, salat bargi, bodom, xandon pista, sho`rdanak, sholg`om va gulkaram kabi mahsulotlarni ko`proq iste`mol qilishingiz kerak. Kremli pishiriqlar, yog`li qovurma ovqatlar, gazli ichimliklar, ayniqsa, achchiq qilib damlangan choy kalsiyning qonga singishiga yo`l qo`ymasligini ham unutmang.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!