“Yangi ovozlar” teletanlovining yakuniy saralash bosqichi bo`lib o`tdi

11:00, 30 noyabr

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida "Yangi ovozlar" teletanlovining yakuniy saralash bosqichi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “O`zbekkino” milliy agentligi, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi hamda Yoshlar madaniyat va san`at markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyihada xonandalikka ishtiyoqi baland yigit-qizlar ishtirok etdi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarga keng yo`l ochish, ularning iste`dodini to`g`ri yo`naltirish, iqtidor sohiblarini har jihatdan qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish borasida boshlab berilgan ezgu sa`y-harakatlar bugungi kunda ham izchil davom ettirilmoqda. O`zbekiston Respublikasining 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida"gi qonuni bu borada ko`plab imkoniyatlar eshigini ochmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Yoshlar madaniyat va san`at markazi hamkorligida o`tkazilayotgan "Kuyla, yoshligim", "Yulduzcha", "Yoshlik parvozi" kabi loyihalar navqiron avlodning milliy san`atimizga bo`lgan mehrini kuchaytirish, musiqa orqali ularda Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g`oyasiga sadoqat, ibratli an`ana va qadriyatlarimizga hurmat tuyg`usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

"Yangi ovozlar" teletanlovini o`tkazishdan maqsad yoshlar uchun ijodiy maydon yaratish, ularning mahoratini oshirish, jahon va o`zbek milliy xonandaligi an`analarini targ`ib etish va rivojlantirish, yangi ovoz sohiblarini, shuningdek, turli janrlar, chet tillarida kuylay oladigan yosh iste`dodlarni izlab topish va ularni professional san`atga jalb etishdan iboratdir. Mazkur loyiha 18-30 yoshdagi havaskorlar va professional tayyorgarlikka ega bo`lgan ishtirokchilar o`rtasida o`tkazildi. 

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teletanlovda ishtirok etish istagini bildirib, hujjat topshirgan yoshlarning soni 400 nafardan ziyodni tashkil etdi. Mazkur loyihada ishtirokchilar bir necha bosqichda saralanishi ularning iste`dodi qirralarini mukammalroq ochish, ijodini puxta tahlil etish va o`rganishda alohida ahamiyat kasb etdi. 

Ikki kun davomida o`tkazilgan yakuniy saralash bosqichida yoshlarning ijodiy ishlarini ko`rib chiqish uchun nufuzli ekspertlar guruhi jalb qilindi. Teletanlov navbatdagi bosqichida 45 nafar ishtirokchining musiqiy dasturi hakamlar hay`ati e`tiboriga havola etildi. 
Ijodiy loyiha doirasida mohir rejissyor va xonandalar ishtirokida mahorat saboqlari, konsertlar, ijodiy muloqotlar bo`lib o`tdi. Musiqiy dasturi eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar g`oliblikni qo`lga kiritdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!