«Erimning o`limiga o`zim aybdorman»

17:00, 30 noyabr

Qo`ng`iroq qilgan ayol «boshimdan o`tgan voqealarni gapirib bermoqchiman, iloji bo`lsa, to`lig`icha chop etinglar», dedi. Albatta, bunga rozi bo`ldik. Qayg`u hikoya siz — azizlarni ham befarq qoldirmasa kerak…

Keyin og`ir xo`rsinib, gap boshladi:

— Yaqinda turmush o`rtog`im olamdan o`tdi.

Uning g`amginligini tushunib, hamdardlik bildirdim.

— Erim jazmanining uyida, uning qo`lida jon bergan... — dedi suhbatdoshim alam bilan yig`larkan.

Nima deyishni bilmay qoldim, aslida bunday vaziyatda nima deyilishini bilmasdim. Suhbatdoshimning kundosh azobida qovrilayotgani sezilib turardi. Xullas, indamay turishni afzal bildim.

— Odamlarning malomatidan bosh ko`tara olmay qoldik. So`nggi kunlarida meni bu sharmandalikka chidashga giriftor etib ketgan erimdan nafratlandim. Ishonsangiz, ko`zimdan bir tomchi ham yosh chiqmadi… Ta`ziya bildirishga kelganlar ham xuddi meni masxara qilayotgandek, ustimdan kulgani kelgandek tuyulaverdi… Lekin aslida bo`lib o`tgan voqeaga o`zim aybdorman! — dedi suhbatdoshim kutilmaganda.

Cho`chib tushdim, nahotki o`zi uyushtirgan bo`lsa?

— Hayron bo`lmang, — dedi u meni holatimni ko`rib turgandek. — Aslida erim jazman orttirishiga, u bilan yashirincha uchrashib yurishiga va o`sha erda jon berishiga men aybdorman! Faqat buni kech tushundim. Turmush o`rtog`im dunyodan o`tgandan keyingina ko`zim ochildi. Endi u kishini qaytarib bo`lmasligini bilaman, lekin boshqalarga saboq bo`lsin deb gapirib bermoqchiman…

Turmush qurganimizga o`ttiz yil bo`libdi, lekin  umrimiz faqat hoyu-xavas bilan o`tib ketibdi. Yoshligimizda uy-joy qilaylik debmiz, keyinroq bolalarni o`qitish, uylantirish, uzatishni o`ylabmiz… O`ylab qarasam, erim men uchun faqat pul topadigan mashina ekan! Biror marta uning ham yoshi o`tib borayapti, u ham charchasa kerak, uning ham yaxshi gap eshitgisi, o`zi qurgan uy-joylarda xotirjam yashagisi kelsa kerak deb o`ylamabman. Faqat xoyu-havasning ketidan quvibman. Ishdan qaytgandan toki ishga ketguncha faqat pul, pul, pul debman! Bu ayol buncha pulni nima qilarkan, deb o`ylayapsizmi, hozir bilib olasiz. Qizimni uzatganimda oshxona, yotoqxona va hatto mehmonxona mebellarini ham olib berganman. Aslida hammasini olishim shart emasdi. Lekin Falonchixondan qolib ketishni istamaganman. «Uning eri kimu, siz kimsiz, adasi, qizimiz o`ksimasin, hamma narsaning eng yaxshisini qilamiz», deb tinimsiz qulog`iga quyardim. Eng yaxshisini qilish uchun esa ikki xissa ko`proq ishlashi kerak.

Keyin o`g`limiz o`qishga kiradigan bo`ldi. «Pismadonchixonning o`g`li «medisinskiy»ga kirarmish, bizniki qolib ketsinmi? Yo`q, hech qanaqa «politexnika»ni bilmayman, do`xtir bo`ladi!» O`g`limning qiziqishi bormi, yo`qmi, so`rab o`tirmay tibbiyot institutiga hujjat topshirtirdim, zo`rg`a shartnomaga ilindi. Nima bo`lsa ham obro` ketmasin, kontrakt bo`lsa ham o`qitamiz, dedim. O`qitdik. Bu orada qizimizga beshik olib bordik. Nevaram maktabni bitirguncha etadigan kiyim-bosh qilib borganim etmagandek, qudalarimga ham bosh-oyoq sarpo qildim. Qudam «kelishib harajatni kamroq qila qolaylik» degandi urishib berdim. To`yga borganlarning barchasiga bir xil sovg`a tarqatamiz, dedim. Yuz dona bir xil chinni servis sotib olib, to`yga kelgan barcha qarindosh-urug`larga berib chiqdik!  Mehmonlarning og`zi lang ochilib qoldi! Qizimga esa tilla bilaguzuk va zanjir sovg`a qildim... Hamma qoyil qoldi. Shundan keyin ko`pchilik mendan o`rganib, to`yga borganlarning oldiga sarpo qo`yadigan bo`ldi.

To`ydan keyin erim «xotin aka, endi biroz dam olsak ham bo`lar»,  — dedi hazillashib. Men esa:

— Dam olishga balo bormi, dadasi, o`g`lingizni uylantirishimiz, kichik qizingizga sarpo yig`ishimiz kerak hali, — dedim kulib. — Biram bemalolxo`jasiz-ey, — deb koyib ham qo`ydim.

— Shuncha dabdabaning nima keragi bor? Shu to`yni kamxarjroq qilsak ham bo`lardi-ku, — dedi.

Darrov sinalgan usulni qo`lladim. Ya`ni ko`z yoshi to`kib, «biz ko`rmagan kunlarni bolalarimiz ko`rishsin. Qiynalishmasin. O`zimga so`ramayapman-ku», deb diydiyo qildim.

— E-e… bilganingi qil, — degancha erim qo`l siltab chiqib ketdi. Ko`p o`tmay hali o`qishni bitirmagan o`g`limni uylantirish tashvishiga tushdim. Shunda erim birinchi marta qattiq e`tiroz bildirdi:

— Onasi o`qishni tugatsin, ishlasin, keyin uylantiramiz. O`zi kontraktga o`qisa, — dedi.

— Yo`q! Men qachon kelin ko`raman? Orzu-havaslarim bor, mening ham. Ana, dugonalarim kelin olib, huzur qilib o`tirishibdi…

Erim yana bilganingni qil deb qutildi.

Men-ku, bilganimni qilaman, lekin pul topish uning vazifasi-da! Erim endi kechalari ham ishlaydigan bo`ldi. Har zamonda yuragim sanchib qo`yayapti, desa, hammaning ham yuragi sanchadi, bitta siznikimas» deb, beparvolik qildim. O`g`limni ham uncha-buncha joydan uylantirmadim. Qudam ham o`zimga o`xshab orzu-havasligina ekan. Undan qolmay deb ancha qiynaldim. Erim bilan necha marta urishib qoldik. Lekin kelinning qarindoshlari oldida past ketmay deb harakat qildim.

Sarpolar, mebellar, to`y harajatlarini hisoblash, hech kimda yo`q jihozlarni qidirish bilan ovora bo`lib turmush o`rtog`im mendan uzoqlashib borayotganini sezmabman ham. Chunki ko`zimga puldan boshqa narsa ko`rinmasdi. Kelinni ham tushirib keldim. Endi bittagina tashvishim kichik qizimning sarposini yig`ish edi… Oxirgi marta erim «onasi shu italyan mebelini o`rniga oddiyrog`ini olib, biror sanatoriyga borib dam olib kelaylik» dedi. Gapirdiyu baloga qoldi. Hali shuncha kamchiligimiz turganda dam olishga balo bormi, dedim va zarur narsalarni sanab ketdim...

Faqatgina sovuq xabar etib kelgandan keyingina ko`zim ochildi. Eng yomoni — turmush o`rtog`imga «Tez yordam» chaqirishgan kunda o`g`lim amaliyotchi-navbatchi bo`lgan. Aytilgan manzilga shifokori bilan birga kirib borgan o`g`lim bir ahvolda yotgan dadasini ko`rgan… — Suhbatdoshim yig`idan o`zini to`xtata olmadi.

— Lekin yuragi xuruj qilib qolgan dadasi «Tez yordam» etib borguncha, jon bergan… Dadasi begona ayolning yotoqxonasida o`lib yotganini ko`rgan o`g`lim nima ahvolga tushganini tasavvur ham qila olmayman... O`shandan buyon hech kim bilan gaplashmaydi, bitta xonaga kirib ustidan qulflab olgan. Shifokorlar shok holatida deyishdi. Ishqilib o`zini bir nima qilib qo`ymasin, deb yurak hovuchlab o`tirdim.

Eringiz jazmaninikiga borib, o`lib qolibdi degan gapni eshitganimda o`zimda ham shunday bo`ldi. Alamim bo`g`zimga toshdek tiqilib qoldi. Lekin uch kundan keyin o`g`lim birinchi marta tilga kirib, «oyi, nimalar qilib qo`ydingiz», deganda ko`zim ochildi. O`g`lim shunaqa yig`ladiki, hammaning yuragi sel bo`ldi… Men ham yig`ladim, hoyu-havaslarimning qurboni bo`lgan erimga kuyib, to`lib-to`lib yig`ladim. Qachon oxirgi marta yaxshi gapirganimni, bir joyim og`riydi desa e`tibor berganimni eslay olmay yig`ladim. Shunchalik ko`zimni boylik ko`r qilibdiki, xotin bo`la turib erim qachon jazman orttirganini ham, u bilan yashirincha uchrashib yurganini ham sezmabman! Aslida ellik beshdan o`tgan erkak o`ziga jazman topsa, bu uyidan mehr ko`rmaganidan, oila tashvishlaridan to`yib ketganidan emasmi? U endi qirchillama yigit emaski, yosh jazmanlarni ko`ngli tusagan desam. Erimga mehr, e`tibor kerak bo`lganda, men nima qildim? Kimdandir o`zish istagida yondim. Er-xotin yosh o`tgan sayin bir-biriga suyanib qoladi, deyishadi, erim ham menga suyanmoqchi bo`lgandir, lekin men boshqa muhim narsalar bilan band bo`lganman... Albatta, farzandlarning orzu-havasini ko`rish hammaga ham nasib etsin, lekin haddan ortiq dabdaba, odamlarga boylikni ko`z-ko`z qilish uchun barcha me`yorlarni buzish shartmidi? Endi pushaymon qilyapman, lekin foydasi yo`q. Bolalarimning ham boshi egildi. Dadasini keksayganda ardoqlab o`tirganimda, pul, pul deb uydan sovutmaganimda shu gaplar yo`q edi…

 

Dilfuza SOBIROVA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!