Siz yaxshi onasiz! Mana buning 10 isboti...

09:26, 01 dekabr

1. Hayotingizdan ma`no qidirmaysiz, chunki bu ma`no qo`chog`ingizda yotibdi, yoki atrofingizda aylanmoqda, yoki “oyi”, deya sizni chorlamoqda. Boshingiz aylanib ketdimi? Baxtdan ham odamning boshi aylanadi, bilsangiz.

2. Oilada endi kim bosh ekanligi sizga va eringizga ham ma`lum. Kuningizni jajji “rahbaringiz”ning kun tartibiga ko`ra rejalashtirasiz. Bunga esa hech kim qarshilik bildirmaydi!

3. Har qanday ko`rinishda, semiz yoki oriq bo`lsangiz ham shirintoyingiz uchun dunyodagi eng go`zal ONAsiz.

4. Shirintoyingiz uxladi, endi siz erkin qushsiz. Istasangiz ovqat pishirasiz, istasangiz kir yuvasiz va hatto uy yig`ishtirishingiz mumkin. Bu ishlar sizga xuddi maroqli hordiqdek tuyuladi.  

5. Ha, aytgancha, hamma yotgan holda uxlasa, siz tik turgan holda ham uxlay olasiz. Shuningdek, siz 5-10 soniyada ovqat eyishga ham ulgurasiz. 

6. Sizni olamning global muammolari emas, “osmonning qaerda tugashi” va “quyoshning nima uchun botishi”, “turmush o`rtog`ingiz bilan to`yingizda shirintoyingiz qaerda bo`lganligi”  va “bolalar qaerdan tug`ilishi” haqida savollar ko`proq qiziqtiradi.

7. Ishlaysizmi, degan savolga: — Ha, har kuni, kuniga 24 soat davomida: enaga, oshpaz, farrosh, o`qituvchi, murabbiy, shifokor, quruvchi, qo`riqlovchi, suratkash, raqs tushuvchi bo`lib ishlayman. Ishimni sevaman, shuning uchun mehnat ta`tili olmayman. Oylik maoshim hammanikidan ko`p  – sevgi to`la o`pichlar va mehr to`la jajji qo`llar! Axir men ONAman, deya olasiz!   

8. Do`konlarga kirish bo`yicha alohida qoidalaringiz mavjud. Asosiysi, har gal shu va`daga aldanishingizga qaramay, bolangizdan 2-3 marotaba: hech narsa so`ramayman, deyishini talab qilasiz. Do`kondan bola o`yinchoq, siz esa jahl bilan chiqasiz-u, doimgidek: “Ikkinchi marta seni biror joyga olib bormayman!” deya o`zingizga va`da berasiz.

9. Bolalar kasalliklari bo`yicha ilmiy ish yozishingiz mumkin. Bu ilmiy ish “Bolaning bemorligini ko`zidan bilish mumkin”, degan yozuvlar bilan boshlansa, ajab emas.

10. Har qancha charchagan bo`lsangiz-da, tunni uyqusiz, kunduzni yuz marotaba takrorlangan bir savolga javob berib o`tkazangiz ham, dilbandingizning “oyijon”, degan yig`isi sizni o`rningizdan sapchitishga qodir.  

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!