«Ham ro`zg`or qilay, ham erimning qosh-qovog`iga qaraymi?..»

09:42, 01 dekabr

— Turmushga chiqqanimga o`n yildan oshdi. Lekin shu kungacha nikohimizni rasman qayd ettirmaganmiz. Avvallari erim ichki ishlar bo`limida ishlardi, faoliyatida muammo bo`lmasligi uchun rasman qayd ettirmagan deb o`ylab yurardim. Mana, o`tgan yili nafaqaga chiqdi. Ammo vaziyat o`zgargani yo`q. O`zim tikuvchiman. Shu kungacha ro`zg`or xarajatlari mening elkamda bo`lgan. Chunki turmush o`rtog`imning topgan-tutgani uy qurishga ketardi. Qo`shni tumandan er olib, yangi hovli solgandik, yilning boshida ko`chib o`tdik. Shundan keyin erimga «Uyni bitkazdik. Endi siz ham ro`zg`orga qarashib yuboring» desam, jahl qilib, urish chiqardi. Topganini qaerga sarflayotganini so`rasam, darrov to`nini teskari kiyib oladi. Oxirgi paytlarda salomatligim pand berayotganligi uchun pulimiz hech narsaga etmay qoldi. Oyog`im xastalanib, yaqindagina jarrohlik stolidan turdim. Shuning uchun ham barcha yumushlarga ulgurolmayapman. Xo`jayinim esa qilgan ishlarimdan ayb topish bilan ovora. Agar go`shtsiz ovqat qilsam, og`ziga ham olmaydi. Yana hamma narsa u kishi aytganidek saranjom-sarishta turmasa, to`polon qilishi ortiqcha. O`g`lim ham shu kunlarda «Oyi, dadamsiz, alohida yashaylik. Men maktabni bitirib olgunimcha chidasangiz bo`lgani, keyin o`zim sizga qarayman, ko`nglingiz tusagan narsalarni muhayyo qilaman», degan gaplarni tez-tez takrorlayapti. Hatto, turmush o`rtog`imning qarindoshlari ham, u kishining qandayligini yaxshi bilishadi. Qaynonam esa «Kelin, o`zingiz boshidan o`rgatib qo`ygansiz-da, mana endi, boshingizga chiqib oldi», deydi. To`g`risi, qanday munosabat qilishni bilolmay qoldim. Shu yolg`izgina o`g`limni ota mehriga zor o`stirmaslik uchun ham bariga chidayapman. Ammo sabr kosam to`lib borayapti.

Zaynab, 28 yosh, Qashqadaryo viloyati

 

Qaynonajon: — «Oiladagi inoqlik va totuvlik har qanday qiyinchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Oqila xotin o`z erining haqiqiy ko`makdoshi hisoblanadi. Bunday xotin o`z erining so`zlarini hech qachon erda qoldirmaydi. Mensimasdan qaramaydi. Uni har bir ishda qo`llab-quvvatlaydi. Ammo erga itoat qilishi kerak deb, u boshlagan har xil qabih yo`llardan yurmaydi, aksincha uni qaytarishga harakat qiladi. Badxulq va be`mani erga uchragan ayolning asosiy vazifasi shundan iboratki, u bor kuchini sarflab, barcha chora-tadbirlarni qo`llaganda ham erining tuzalishiga ishonchi yo`q bo`lgach, undan ko`ngil uzish, qutulish yo`lini qidirishi kerak». «Olimat al-Vano»ning ayollarga berilgan nasihatidan ushbu so`zlarni yozishdan maqsad avvalo eringiz bilan ochiq-oydin gaplashib, murosa yo`lini tutishga harakat qiling. Chunki ajrashish juda oson, siz farzandingiz haqqi-hurmati oilani saqlab qolishingiz kerak. Huquq tartibot organi hodimi bo`lgan eringizga Oila Kodeksining qonuniy nikoh to`g`risidagi moddasini yana bir karra eslating. Juda bo`lmasa, mahalla faollaridan foydalanib, maqsadga erishing. Qonun barchamiz uchun ustivor ekanligini unutmanglar. Sizga mustahkam iroda, oilaviy totuvlik tilaymiz.

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Qaynonanangiz to`g`ri aytibdi. O`zingiz “erkak” bo`lib ro`zg`orning barcha og`ir-engilini bo`yningizga olganingizdan keyin tanbal erga umuman ish qolmagan. Endi vaziyatni o`zgartirish uchun shu vaziyatga nisbatan nuqtai nazaringizni o`zgartiring. Buning uchun o`zingizga bir savol berib ko`ring «Shu erkak sizga kerakmi?» Voqealarning keyingi rivoji esa javobingizga bog`liq bo`ladi. Agar u chindan ham sizga kerak ekan, barcha moliyaviy masalalarda mas`uliyatni elkangizdan soqit qilib, eringizga yuklang.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!