ShHT kuzatuvchilar missiyasi O`zbekistonga keldi

09:48, 01 dekabr

30 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini kuzatish bo`yicha missiyasi kuzatuvchilari mamlakatimizga keldi. Missiyaga ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov rahbarlik qilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti markaziy portalida qayd etilishicha, ShHT missiyasi O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga xalqaro kuzatuvchilar taklif etilishini uni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o`tkazishga bo`lgan intilishning yaqqol ifodasi, deb baholaydi.

ShHT missiyasi o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga hamda Prezident va/yoki parlament saylovlarida hamda referendumlarda ShHT kuzatuvchilar missiyasi to`g`risidagi nizom asosida siyosiy betaraflik va davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga rioya qilgan holda amalga oshiradi.

Missiya tarkibiga ShHTga a`zo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro va saylov organlari, shuningdek, ShHT kotibiyatining 20 nafar vakili kiritilgan.

ShHT missiyasi o`z faoliyati davomida mumkin qadar ko`proq saylov uchastkalariga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Missiya Markaziy saylov komissiyasi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida uchrashuvlar o`tkazadi. Shuningdek, saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro tashkilotlar missiyalari a`zolari, xorijiy mamlakatlar kuzatuvchilari bilan muloqotlar o`tkazishni rejalashtirgan.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, ShHT saylovlarni kuzatish sohasida katta tajriba to`plagan. Bu borada 2004 yildan buyon Tashkilot tomonidan 37 ta missiya shakllantirilgan bo`lib, ularning 5 tasi O`zbekistonda ish olib borgan.

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov ShHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari R.Alimov bilan uchrashdi.

Muloqot chog`ida Missiya rahbari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishtirildi.

Qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik ishlari saylov to`g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ochiq va oshkora olib borilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!