«Onam yoqtirganimni olib bermayapti...»

09:57, 01 dekabr

— Bir qizga ko`ngil qo`ygandim. Mana vaqti-soati kelib, uydagilarga ham aytdim. Otamga farqi yo`q. Ammo onam sovchilikka borib, qizning oliy ma`lumotli emasligini aytib keldi. Menimcha, inson imon-etiqodi bilan aziz. Onam «U qizni olib bermayman», deb oyoq tirab turib olgan. Men to`yga tayyorgarlik ko`rib yurgandim. Qizning ham bo`yi etib qolgan. Dadasi boshqasiga uzatib yuborishi mumkin. Har kuni «Nima bo`larkan?» deb qo`rquvda yuraman. Shariatda bunday holatda nima qilish kerak? Hozir orqaga chekinsam, qo`rqoqning ishini qilgan bo`laman.

 

Savolrga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob beradi.

 

— Aslida, yigit o`zi uylanayotgan qizni ko`rishi, yoqtirsagina unga sovchi qo`yishi mumkin. Ammo to`ydan oldin ikki yosh guvohlarsiz gaplashib, bir-birlarini «sinov»dan o`tkazishlari mutlaqo joiz emas. To`g`ri, uylanish arafasida biror qizni ko`z ostiga olib, unga uylanishni niyat qilish mumkin. Ammo oraga shariat qaytargan ishlar qo`shilib ketmasligi kerak. Bu masalaning birinchi jihati. Keyin, aslini olganda, nikohda ota-onaning o`rni muhim sanalmaydi. Ya`ni, nikoh to`g`ri bo`lishi uchun ota yoki onaning roziligi shart emas. Ularning roziligisiz ham boshqa shartlar mavjud bo`lsa, nikoh to`g`ri hisoblanaveradi. Ammo dinimizda ota-onaning roziligi ustun ekani, Allohga ibodat qilishdan keyin ota-onaga yaxshilik qilishga buyurilganini inobatga olsak, ularning roziligini olish zarurligi ma`lum bo`ladi. Ya`ni uylanayotgan yigit yoki turmushga chiqayotgan qiz, albatta, ota-onasi roziligini oladi. Ular qarshilik qilishsa, yoqtirgan qiziga uylanish yoki yigitiga tegib ketaverish Islomga zid, balki tagidan chirib borayotgan ommaviy madaniyatga xos illat sanaladi. Biz Evropaga taqlidan o`z xohishimizni hamma narsadan ustun qo`ymasligimiz kerak. Shunday ekan, bu masalada ota-onaning ra`yiga ham qaraladi. To`g`ri, nikohda yigit va qizning huquqlari ta`minlanadi, hech kim o`ziga yoqmagan odamga turmushga chiqmaydi yoki uylanmaydi, ammo baribir bunda ota-onaning rozigi bilan ish tutish kerak.
Yana bir narsa: nikohda tenglik masalasi bor. Masalan, yigit ilmli, qiz esa ta`lim ko`rmagan bo`lsa, keyinchalik orada tushunmovchilik chiqishi, hatto, oila buzilib ketishi ehtimoli mavjud. Shu sabab, hatto, ikki oilaning iqtisodiy holati ham teng bo`lishi ma`qul ko`riladi. Aslida, nikoh to`g`ri bo`lishi uchun boylik, husn, ilm kabilar shart emas. Biroq imon va odob-axloq bilan bir qatorda ilm, ma`lumot, kasb-hunar va boshqa jihatlarning ham tengligi quriladigan oila mustahkamligini ta`minlaydi.  

Sizga maslahatimiz, o`sha qizni haqiqatan o`zingizga munosib va ma`qul ko`rsangiz, buni ota-onangizga yotig`i bilan tushuntiring. Vaziyatni tushunsalar, sovchilikka borib, so`rab-surishtirish, ikki tarafning bir-biriga to`g`ri kelish yo kelmasligini aniqlash imkoniyati tug`iladi. Lekin ota-onangiz «Bu qizni senga olib bermaymiz», deyishsa, ularni ranjitishdan ehtiyot bo`ling.

Onangizga ma`qul kelmagan qiz bilan kechadigan keyingi hayotingiz haqida ham o`ylang. Chunki onangizning qarshiligiga qaramay o`sha qizni nikohlab olgan taqdiringizda xotirjam, tinch-omon hayot kechirish mushkul. Shularni hisobga olib, avvalo o`zingizga, qolaversa, ota-onangizga ma`qul qizni tanlang. Aniqrog`i, volidangizga ma`qul kelgan qizlar ichidan o`zingizga yoqqaniga uylaning. Zero, dilxiralikdan ko`ra o`zaro rozilik bilan to`y qilinsa, yaxshi bo`ladi.

muxlis.uz saytidan olindi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!