O`smir yoshidagi o`g`limda oiv aniqlandi... OIVdan himoyalanish va oldini olish choralarini haqida

10:23, 01 dekabr

— O`smir yoshidagi o`g`limda OIV aniqlandi. Qachon va qaerda yuqqanini aniq bilmayman. Balki stomatolog qabuliga borganimizdami, yoki xatna qildirganimizdami?.. Farzandim hozir maktabga boradi, bu xastalik haqida etarlicha ma`lumotga egamiz. Sizdan so`ramoqchi bo`lganim, uning jamiyatga moslashib ketishi uchun nimalar qilishimiz mumkin? Sport turlari bilan shug`ullanish masalasi qanday? Bolam kelgusida chet davlatlarida o`qiy oladimi? Shu borada ma`lumot bersangiz.

Ismi sir tutiladi

Mushtariyimizning murojaati yuzasidan Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokor o`rinbosari Nodira NOSIROVAga yuzlandik: — Orttirilgan immunitet tanqisligi virusi aniqlandi degani, hayot tugaganidan dalolat bermaydi. Bunday bemorlar ham huddi boshqalar singari hayot kechirishga, mehnat qilish va turli hizmatlardan foydalanishga haqlilar. Ularning huquqlari qonun tomonidan kafolatlangan. Qolaversa, zamonaviy preparatlar virus rivojlanishini to`xtatib qo`yadi. 

OIV va OITS farqi nimada?

OIV — insonda immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi virus nomi. OITS esa shu virus oqibatida yuzaga keluvchi xastalik belgilarining namoyon bo`lish bosqichidir. Bu virus hech qaysi a`zoni zararlamagani uchun klinik belgilar darhol yuzaga chiqmaydi. Kasallikning to`rt bosqichi mavjud va odatda 1-2 bosqichlar klinik belgilarsiz kechadi. Ba`zi hollarda bo`yin limfa tugunlarining kattalashuvi kuzatilishi mumkin. Oxirgi ma`lumotlarga ko`ra, virus 3 yildan 8 yilgacha “uyquda” bo`ladi. 2-bosqichda esa besabab haroratning ko`tarilishi, bo`yin limfa tugunlarining kattalashishi bezovta qiladi. 3-bosqichda klinik belgilar o`zini oshkor eta boshlaydi. Bunda turli virusli, bakterial, zamburug`li  yoki onkologik xastaliklar belgilari seziladi. 4-bosqichda bemorda xotira va aql-zakovatning o`zgarishi, sababsiz ich ketish, tana haroratining ko`tarilishi, vazn yo`qotish kabi belgilar namoyon bo`ladi. So`nggi yillarda yurtimizda 4-bosqichga o`tish hollari kamdan-kam kuzatilmoqda. Bu esa davlatimizning OIVni aniqlash va dori-darmon vositalari bilan ta`minlash siyosati to`g`ri yo`lga qo`yilganligining yaqqol isbotidir. 

Yuqish yo`llari-chi?

Ko`pchilik virus faqat jinsiy yo`l orqali yuqadi deb o`ylaydi. Bu ham to`g`ri, albatta. Jinsiy yo`l bilan, ya`ni biologik suyuqliklar organizmga tushishi oqibatida ham xastalikka chalinish mumkin. Aslida, virus bemor organizmidagi barcha biologik suyuqliklar tarkibida bo`ladi. Shu jumladan so`lak va ko`z yoshda ham. Ammo so`lak va ko`z yosh boshqa insonni zararlashi uchun juda ko`p miqdorda tushishi lozim. Bundan tashqari parenteral — teri butunligining buzilishi oqibatida virusning organizmga tushish hollari ham uchramoqda. Ya`ni ayollarimiz manikyur, pedikyur, tatuaj qildirganida, bir martalik shprisdan ko`p marta foydalanish sababli virusga chalish hollari yuzaga keladi. Uchinchi yo`li esa virusning ko`krak sutidan bolaga yuqishi sanaladi.

Spirt virusni o`ldiradimi?

Odatda, manikyur va pedikyur mutaxassislari mijoz ko`z o`ngida foydalaniladigan asbob-uskunalarga spirt yordamida ishlov berishadi. Bu to`g`ri, albatta. Ammo spirt uchuvchan modda, mutaxassis avval ham shu spirtda foydalangan va idishning qopqog`ini yopishni unutgan bo`lishi ham mumkin. Shuning uchun ayollarimizga faqatgina o`zingizga tegishli bo`lgan manikyur-pedikyur asboblarini xarid qilishni tavsiya etamiz.

Xastalangan ayol sog`lom farzand dunyoga keltiroladimi?

So`nggi statistik ma`lumotlarga ko`ra O`zbekiston Respublikasida OIV bilan xastalangan homiladorlarning 98,8 foizi sog`lom naslni dunyoga keltirmoqda. Buni qarangki, virus jinsiy suyuqlikning hujayrasida emas, suyuq qismi tarkibidan o`rin olgan. Ya`ni tuxum va urug` hujayralar toza bo`ladi. Urug`langan hujayra esa yo`ldosh (stirillangan himoya qobig`i)ning ichida rivojlanadi va virusga chalinmaydi. Natijada, bola OIV bilan xastalanmay tug`iladi. Bundan tashqari, yurtimizda yo`lga qo`yilgan ARV profilaktikasi, homilador ayolda xastalikni erta aniqlash va zarur choralarni ko`rish sog`lom farzandni dunyoga keltirishda yaxshi samara bermoqda.

Dorini o`z vaqtida ichish muhim

Zamonaviy tibbiyot ushbu xastalikni davolashda ancha ildamlab ketdi. Bugungi kunda virusning zararli ta`sirini to`xtatish imkoniyatini beruvchi antiretrovirus dori-darmon vositalari ishlab chiqarilmoqda va yurtimizda bepul tarqatiladi. Yagona sharti ularni o`z vaqtida qabul qilib turishdir. Chunki kimyoviy moddalarning qondagi miqdori kamaysa, viruslarga qarshi kurasholmay qoladi. Natijada, xastalik yana rivojlanaveradi. Avvallari bemorlar bir kunda 5 donadan 3 mahal preparat qabul qilishgan bo`lsa, bugungi kunda 24 soatda 1 dona tabletka qabul qilishning o`zi kifoya.

Sport bilan shug`ullanish  mumkin emas!

Odatda OIV virusi bilan xastalangan kishilarga og`ir jismoniy harakatlar tavsiya etilmaydi. Chunki organizm qancha charchasa, immunitet shuncha tushib ketadi. Shu jumladan, sport turlari bilan shug`ullanish organizmga zo`riqish berib, immunitetni sustlashtiradi. OIV bilan hastalangan bemorlar ertalabki badantarbiya, ushu yoki yoga bilan shug`ullanishlari mumkin.

“Turmush o`rtog`im chet eldan qaytdi...”

Bugungi kunda chet davlatiga chiqayotgan yurtdoshlarimizga maxsus ijtimoiy reklama roliklari orqali OIV va OITS haqida to`liq ma`lumot berilmoqda. Qolaversa, ular mamlakatimizga kirish va chiqishdan avval turli tahlillardan o`tishadi. Biroq noqonuniy yo`llar bilan o`zga yurtlarga chiqib-kirayotganlar ham uchramoqda. Afsuski, ularning salomatligini nazoratga olishning imkoni yo`q. Shuning uchun har bir inson oilasi va solamatligi uchun mas`uliyatni his etishi, o`z ixtiyoriga ko`ra tekshiruvlardan o`tishi lozim. Ammo oilamni boqaman deb, begona yurtlarda ter to`kib qaytgan insonga rafiqasi “O`zingizni tekshirtiring” deyishga iymanadi-da. Agar ayol turmush o`rtog`iga tekshiruvdan o`tish kerakligini aytishga tortinsa, oilaviy poliklinika shifokorlarini ogohlantirib qo`yishi mumkin. Shifokorlar hammasini to`g`ri tushuntiradilar, shu tariqa o`zingiz va farzandlarining salomatligini himoyalagan bo`lasiz.

Ota-onalar ogoh bo`ling!

Ba`zida turmush qurishdan avval o`tiladigan  tibbiy tekshiruvlarda yoshlardan birida OIV borligi aniqlanadi. Ammo muhabbat deya ikki yosh kelishib, ota-onasiga aytmay, turmush qurishga axd qilishadi. Garchi OITSga qarshi kurash markazi xodimi tomonidan har ikki yosh ogohlantirilib, dalolatnoma tuzilsa-da, ota-onalar bexabar qolib ketishlari mumkin. Farzandi xastalikka chalinganini kech anglashgach, boshlarini qayga urishni bilmay qolishadi. Buning oldini olish uchun esa ota-onalarga farzandingizning tibbiy ko`rik va tahlil natijalarini o`z ko`zingiz bilan ko`ring, ularni nazoratga oling, eng muhimi ogoh bo`ling deymiz.

Tibbiy xizmat ko`rsatishni rad etishsa

OITSga chalingan bemor o`zi haqida ochiq aytganida, ba`zan stomatologiya yoki boshqa tibbiy xizmatlarni ko`rsatishdan bosh tortish holatlari ham uchrab turadi. Albatta, bu O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo`lib, xizmat ko`rsatishdan bosh tortgan mutaxassisdan yozma ravishda hujjat talab qilish huquqidan foydalanish mumkin.  

Xorijda  o`qish qanday?

O`zbekiston Respublikasining 2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to`g`risida»gi qonunga asosan OIV bilan zararlangan bemorlarning O`zbekiston Respublikasiga hududiga kirishi va  chiqishida hech qanday cheklovlarga yo`l qo`yilmaydi. Agar bemor chet elda o`qish yoki ishlashni istasa, bu masala borayotgan davlati qonunchiligiga asosan tartibga solinadi.

Immunitetni ko`tarish uchun nima qilish kerak?

Odatda, boshqa kasalliklarni tezroq engish uchun immunitetni mustahkamlash tavsiya etiladi. Biroq OIV bilan zararlangan bemorlarga immunitetni ko`taruvchi hamda immunitet ishlab chiqarilishini ko`paytiruvchi dori vositalari (immunostimulyator, immunomodulyatorlar) tavsiya etilmaydi. Chunki immunitet ko`payishi bilan birga zararli virus ham jadalroq rivojlanadi. Lekin xech narsa qila olmas ekanman, deb qo`l qovushtirish kerak emas. Organizmga ko`maklashishi uchun sog`lom turmush tarziga rioya etish lozim. Ya`ni to`g`ri ovqatlanish, vaqtida dam olish, me`yorda mehnat qilish, toliqishlardan himoyalanish kerak.  Shuningdek bemorlarga quyosh nurlari ostida yurmaslik, oftobdan himoyalangan holda ishlash tavsiya etiladi. Spirtli ichimlik va tamaki mahsulotlari esa qat`iy ta`qiq ostida. Dori qabul qilish chog`ida esa xom piyoz, xom sarimsoq, tarkibida uksusi bor mahsulotlarni iste`mol qilish mumkin emas. Ular dorining ta`sir vaqti qisqarishiga olib kelishi mumkin. 

Saodat OChILOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!