O`zbekiston fevralda Armaniston bilan o`ynaydi

12:38, 01 dekabr

O`zbekiston milliy terma jamoasi 12 fevral kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Armaniston terma jamoasi bilan o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazadi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati ma`lum qildi

O`yin milliy terma jamoaning 9-13 fevral kunlari Turkiyada tashkil qilinadigan o`quv-mashg`ulot yig`inlari doirasida o`tkaziladi.

O`zbekiston Futbol Federasiyasi mart oyida davom ettiriladigan jahon chempionati saralash o`yinlari doirasidagi Suriyaga qarshi o`yin oldidan bir qancha futbol uyushmalariga o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazish borasida o`z taklifini yubordi. 12 fevraldagi taklifga faqat Armaniston Futbol Federasiyasi rozi bo`ldi. Ushbu kelishuvga erishishda ikki federasiya o`rtasidagi yaqin hamkorlik katta ahamiyat kasb etganligini alohida ta`kidlash kerak.

12 fevral FIFA taqvimiga kirmagan sana bo`lganligi sababli ikkala terma jamoa ham legionerlarsiz, ichki chempionatda o`ynaydigan futbolchilardan iborat tarkib bilan o`yinga tayyorgarlik ko`radi.

Samvel Babayan Turkiyadagi yig`inga legionerlarni chaqira olmagani uchun terma jamoaga nomzod bo`lgan milliy chempionatda o`ynaydigan futbolchilarni sinovdan o`tkazadi. “Biz terma jamoaning yaqin kelajakdagi zaxirasini mustahkamlash uchun, jamoa tarkibiga yangi futbolchilarni jalb qilish maqsadida ushbu yig`inni tashkil qilyapmiz”, - deydi Samvel Babayan.

“Milliy chempionatimizda mavsumni ko`tarinki kayfiyatda o`tkazgan futbolchilarni sinovdan o`tkazish bosh maqsadimiz”.

O`zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralash o`yinlarini 23 mart kuni Suriyaga qarshi safardagi o`yin bilan davom ettiradi. Suriya saralashning oxirgi uchrashuvida Eronni qabul qilib 0-0 hisobida durang o`ynadi va 6 jamoadan iborat "A" guruhi jadvalida 5 ochko bilan 4-o`rinni egallab turibdi. O`zbekiston esa Suriyaga qarshi o`yindan oldin Seulda Koreyaga 1-2 hisobida mag`lubiyatga uchragan edi. O`zbekiston terma jamoasi ayni paytda guruh peshqadami Erondan 2 ochko orqada qolgan holda 9 ochko bilan 3-o`rinni band etgan.

O`zbekiston va Suriya o`rtasidagi birinchi davradagi o`yin Toshkentda o`tgan. O`sha uchrashuvda Aleksandr Geynrix tomonidan kiritilgan yagona gol O`zbekistonda 1-0 hisobidagi g`alabani taqdim etgan edi.

Suriya terma jamoasi mart oyidagi O`zbekistonga qarshi o`yin oldidan hozircha o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazishni rejalashtirmayapti.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!