Bolani himoya qilish kerakmi yo yo`q?

14:55, 01 dekabr

Ko`chadan, maktabdan yig`lab kelgan, bog`chadagi qitmirdan nuqul shikoyat qiladigan farzandiga achinib nimalardir qilgisi kelgan, dunyoda adolat o`rnatishga bel bog`lagan onlar har bir onada ham bo`lgan. Shu lahzalarda qanday qaror qabul to`g`ri: bolani himoya qilish kerakmi yoki muammolarini o`zi hal qilishga o`rgatishmi?

«O`qituvchi o`g`limni haqoratlabdi…»

— Ikkinchi sinfda o`qiydigan o`g`lim maktabga borgisi kelmay qoldi. Ming tayyorlansa ham, o`qituvchisi past baho qo`yadi. Etmaganiga hammaning oldida «Esing pastmi?» debdi. O`g`lim yig`lab keldi. Borib o`sha «esi bor» o`qituvchining adabini berib kelay desam, keyin alamini bolamdan olishidan qo`rqaman. Jim ketay desam, bu hech qachon tugamaydigandek.

Mashhura

Maslahat: Bunday vaziyatda o`qituvchi bilan gaplashmay iloji yo`q. Bolani ko`pchilikning oldida izza qilish pedagogikaga zid. Shu sababli u bilan gaplashing, muammo nimadaligini biling. Darsiga kirib o`tirish, boshqa bolalarga munosabatini kuzatishga ham haqqingiz bor. Juda bo`lmasa, boshqa sinfga o`tkazib yuborishni maktab direktoridan iltimos qilishingiz mumkin. Lekin farzandingiz xulqi, atrofdagilar bilan muloqotiga ham xolis qarang. Bu hol faqat shu o`qituvchi bilan bo`layaptimi yo boshqalar bilan ham shundaymi? Bolangiz biror muammoga duch kelganida birinchi bo`lib o`zi hal qilishga urinib ko`radimi yoki darrov arz qilishga tushadimi? Agar bu faqat shu o`qituvchi bilan bog`liq bo`lsa, albatta, bolaning yonini olish kerak. Chunki kichkintoy hali kattalar oldida o`zini himoya qilolmaydi, ko`nglidagilarni bildira olmaydi, fikrini to`liq ifodalashda ham ojiz jihatlari ko`p. Shu sababli farzandingizning o`ziga xosligini o`qituvchiga tushuntirish, o`qituvchining ham o`g`lingizdan nima istayotganini bilish lozim. Tajribalardan ma`lum bo`lishicha, o`qituvchi qaysi o`quvchisining ota-onasi bilan ko`p muloqotda bo`lsa, o`sha bolaning o`zlashtirishida yuksalish kuzatiladi. Demak, o`qituvchi bilan aloqalarni tiklang. Bordiyu farzandingizning atrofdagilar bilan munosabatida muammo chiqsa, doim oldingizga arz qilib keladigan bo`lsa, demak, uning o`zi bilan shug`ullanish, bolada mustaqillik, jur`at va irodani tarbiyalash kerak.

Bola maktabda kaltak esa…

— 1-sinfda o`qiydigan o`g`limni maktabda nuqul bolalar urayapti. Albatta, o`lasi qilib kaltaklashayapti deyolmayman, ammo baribir bu odamning dilini xira qiladi. Bugun darsdan qochib keldi, ko`zi to`la yosh, maktabga boshqa bormayman, deyapti. O`qituvchisi bilan o`tgan hafta xabarlashdim, o`g`limni xafa qilayotganlar bilan gaplashib qo`yishga va`da berdi. Ammo ahvol o`zgarmadi. Dadasi «Bu bo`lajak erkak, o`zi hal qilsin, aralashma», deyapti. Savol: ota-onalar maktabga borib boshqa bolalardan farzandlarini himoya qilishlari kerakmi yo bolalarning o`zlariga qo`yib bergan ma`qulmi?

Malika

Maslahat: «Bolalar urishayapti»ni turlicha talqin qilish mumkin. Ba`zida o`quvchilar tanaffusda yo`lakda o`ynay turib bexosdan turtishib ketishadi, bu o`yin jarayonidagi holat va kichik ziddiyatlarga tug`ma moyilligi bor o`g`il bolalarning sho`xligi bo`lishi mumkin. Buni ayrim bolalar o`zlariga nisbatan tajovuz deb qabul qilishadi. Ammo ayrim hollarda bola chindan ham tengdoshlari tomonidan bosim ostida qolishi mumkin. Buning sababini bilish uchun avvalo maktab o`qituvchisini jalb qilgan holda sinfdagi ahvolni, o`g`lingizning tengdoshlari orasidagi mavqei va o`rnini aniqlang. Balki ayrim o`rinlarda uning faolroq bo`lgani ma`quldir. Bolangizning o`ziga nisbatan bahosi va ishonchini oshiring. Uni sport to`garaklariga bering. Bu nafaqat uning o`zini himoya qilishi, balki o`ziga nisbatan ishonchining ortishi uchun ham zarur. Ammo maktablarda shunaqangi tarbiyasi buzuq bolalar bo`ladiki, bu kichkina «zolim»lar atrofdagi tengdoshlarini o`zlariga bo`ysundirishni istashadi. Qilmishlari jazosiz qolishini bilganlari uchun hadlaridan oshaveradilar. O`qituvchilar bu vaziyatga e`tibor bermaydilar yoki o`zlariga muammo orttirishni istamaganlari uchun shunchaki o`zlarini ko`rmaganga olishadilar. Maktab rahbariyatining esa go`yoki bundan muhim muammolari tiqilib yotibdi. Agar shunday vaziyatga duch kelsangiz, kimdir farzandingizni muntazam tahqirlab, ta`qib etayotganini sezsangiz, o`zlari hal qilishadi deb o`tirmang. Chunki doimiy bosim bolangizning o`qishga ko`nglini sovutish bilan birga ruhiyatiga ham jiddiy ta`sir ko`rsatadi. O`qituvchi, maktab direktorini muammoga jalb qiling, kutilgan natijaga erishmasangiz, yaqin atrofdagi boshqa maktabga farzandingizni o`tkazing. Xullas, bu holni shunday qoldirmang.

«Erim juda qattiqqo`l»

— Erimni juda hurmat qilaman, oilamizda u bosh. Har doim odamlar oldida ham, yolg`iz qolganimizda ham hurmatini joyiga qo`yaman. U — yaxshi ota, farzandlarimiz uchun jonini fido qilishga tayyor, tarbiyasi bilan shug`ullanadi, to`garaklarga olib boradi, darslariga qiziqadi. Ammo bir masalada hech yakdil emasmiz: erim bolalarni jazolaganiga chidab turolmayman. Tunov kuni o`g`lim shkafning tortmasini sindirib qo`yibdi. Otasi urmoqchi edi, qo`ymadim, bolamning yonini olib qattiq gapirdim. Bolaning oldida mening obro`yimni to`kding, deb xafa bo`ldi. Nima qilay, bolamning kaltaklanishiga chiday olmayman-da.  

Farida

Maslahat: Yosh bolani jismoniy jazolash o`zini oqlaydigan usul emas. Bolaga tushuntirish, ibrat ko`rsatish orqali ta`sir o`tkazish mumkin. Buni turmush o`rtog`ingizga tushuntirishingiz kerak. Faqat alohida qolganingizda. Bolaning oldida hech qachon er-xotin ikki lagerga bo`linib ketmasligi kerak. Ota-ona tarbiyada yakdil bo`lmasa, bundan bola foydalanadi. U otasini hurmat qilmay qo`yishi, sizga undan arz qilishi, o`ziga qulay paytda bu ziddiyatni ishga solib, murodini hosil qilishga urinishi mumkin. Yana bir gap, dadasining vajohatidan qo`rqqan farzandingizni yanada qo`rqitishga urinmang. Masalan, «Ko`rdingmi, yana shunaqa ish qilsang, otang ayab o`tirmaydi», demang. Yaxshisi, «Bugun dadang charchagan, aslida u sizlarni juda yaxshi ko`radi», deng. Yuqorida o`zingiz ham buni ta`kidlagansiz. Turmush o`rtog`ingiz bilan ikkingizning ham kayfiyatingiz chog`ligida suhbatlashing. Bolalar tarbiyasida kuch qo`llash hech qaysi qolipga sig`masligini, jismoniy jazo o`rniga bolani biror narsadan mahrum etish (deylik, kompyuterda o`ynashiga, televizor ko`rishni ta`qiqlash, o`rtoqlari bilan aylangani ko`chaga chiqarmaslik) yaxshiroq samara berishini tushuntiring. Bolaning biror yomon qilig`i uchun  agar u shunday jazolarni qo`llasa, ularning bajarilishini o`zingiz nazoratga olishingizni ayting.

 

Onalar fikri

— 7 yashar bola hali o`zini himoya qila olmaydi, shu sababli bolalar o`zlari hal qilib olishadi, degan pozisiyani yoqlamayman. Kattalar bolalarning bog`cha-maktabdagi muammolariga, albatta, aralashishi kerak.

Nazira

— Bola o`zi tengilar bilan munosabatda o`zini himoya qila olishi kerak. Bo`lmasa, butun umr uni panohingizga olib yurishingizga to`g`ri keladi. Kattaroq yoshdagi bola ursa yoki bosim o`tkazsa, aralashish mumkin deb hisoblayman.

Elmira

— Bolalariimzga o`zini xafa qildirib qo`ymaslikni o`rgatishimiz kerak. Har qanday tajovuzga munosib javob bersin. Sport seksiyasiga berasizmi, uyda bokschilar uradigan charm qop osib qo`yasizmi — xullas, bolada doim jasorat bo`lishi kerak.

Tursunoy

— Men hech qachon bolamni xafa qildirib qo`ymayman. Borib o`sha o`qituvchisiga ham, farzandimni xafa qilgan yaramasning ota-onasiga ham kimligimni ko`rsatib qo`yaman. Maktabda hamma mendan qo`rqadi...

Tamara

— Yo`q, aralashmaslik kerak. O`zini himoya qilishni o`rganmaguncha bola shaxs bo`lib shakllana olmaydi. Albatta, mushtga musht bilan javob berishi shart emas-ku! Murosa, diplomatiyani ishga solsin, ziddiyatlarni mustaqil bartaraf etishni o`rgansin.

Lola

Shahnoza SOATOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!