Nega ko`nglingiz sultonini seva turib, u bilan birga bo`lishni istamayapsiz?

16:30, 01 dekabr

Sarlavhaga ko`zingiz tushishi bilan qachondir hayotingizda sodir bo`lgan yoki hozir ham mavjud muammoni esladingi-zu, etingiz uvishdi. To`g`ri-da, axir er-xotin munosabatlarida jinsiy yaqinlikning ahamiyati katta. Ammo aynan shu masalada juftingizni yoqtirmay qolsangiz-chi? Aksiga olib, unga buni tushuntirolmasangiz yoki «befarqlik», «o`zgarib» qolganlikda ayblanib, jazolansangiz... Xo`sh, nega shunday bo`ladi? Nega ko`nglingiz sultonini seva turib, u bilan birga bo`lishni istamayapsiz? Buning sababi nima? Keling, echimini topishga urinib ko`ramiz.

 

Ortga qaytamiz...

Xushingizni o`g`irlagan juftingizni qaysi xislatlari uchun sevib qolgansiz? «Ko`rkamligi, hamisha o`ziga qarab yurgani uchun» deb labingizni tishlamang. Bugun hammasi boshqacha bo`lsa, bunga faqat o`zingiz sababchisiz. Ko`zguga qarasa, «Kimga yoqmoqchisiz?» kabi piching qilaverib, mana, shahzodangizni soch-soqoli o`sgan erkakka aylantirdingiz. Shu holatda sizga yaqinlashsa, albatta, rad etasiz-da.

Nimadan norozisiz?

Yaqinlikdan nima qaytarayapti, qappaygan qornimi yoki undan kelayotgan noxush hid? Javob berishga iymanayotgan bo`lsangiz, bu ham sizning muammongiz ekanligini bilib qo`ying. Qorin qo`yishiga olib kelmang edi. Qomatingiz uchun parhezlarni axtaravermay, «Begim to`lishib ketayapsiz, mashq qilib turing» desangiz, asakangiz ketmasdi. Yoki yaqinlik qilishdan avval xushbo`y atirlardan foydalanishni o`rgating edi, ayollik makringizni ishga solib. Axir uddalardingiz. «Sizdan taralayogan iforni juda yoqtiraman» tarzida.

«Asal oyi» tugadi, deysizmi?

To`ydan keyingi birinchi yil davomida jinsiy yaqinlik ikkingiz uchun ham istalgan edi. Juftingizning erkalovchi so`zlaridan o`zingizni dunyodagi eng baxtli ayol bilardingiz. Endi-chi? «Erkalamaydi», «qo`rs», «faqat o`zini o`ylaydi» deysiz. O`ylab ko`ring, qachondan beri shunday? Balki bunga biror holat sabab bo`lgandir? Ehtimol turmushdagi muammolarni yotoqqa aralashtirib, ehtiroslarning so`nishiga olib kelgandirsiz. SIZ deyayotganimizga ranjimang. Chunki erkaklar yaqinlik vaqti boshqa masalalarga chalg`ishni yoqtirishmaydi. Ayollarda esa aksincha.

U sizni xafa qilgan...

Ha, muammoning bu tomoni ham bor. Odatda erkakning biror nojo`ya harakati, xatosi yoki qattiq ranjitishi tufayli unga nisbatan qiziqish so`nadi. Ayniqsa, ayolini haqorat qilsa, kamsitsa yoxud oyoqosti qilsa, hissiyotlar sekin-asta yo`qolib boradi. Bu ayolning ruhiyatiga qattiq ta`sir etishi bilan og`riqlidir. Aynan shu holatlarning tez-tez takrorlanishi yaqinlik borasida muammolarni paydo qiladi.

Agar bu holat sizga tanish bo`lsa, juftingiz bilan suhbatlashing. Muomala-munosabatidan norozi ekanligingizni bildiring. Bunga haqqingiz bor! Shunga yarasha o`zingiz ham munosabatingizni o`zgartiring. O`zgarishlarni siz boshlab bering, u ham ortingizdan ergashadi.

Uyg`unlikni paydo qiling...

10-15 yil ehtiroslarning so`nishi uchun asos bo`lolmaydi. Qaynona-kelin mojarolari, birin ketin farzandlarning tug`ilishi – bular ham muhabbat alangasini so`ndirmasligi lozim. Istasangiz, «asal oyi»ni qaytara olasiz. Ammo buning uchun bir-biringizni eshitishni, tushunishni va sevishni o`rganishingiz kerak. Bir-biringizning qiziqishlaringiz, fikrlaringizni hurmat qilish ham muhim. Siz «bog`dan», u «tog`dan» kelib tursa, uyg`unlik qaerdan paydo bo`lsin?

Muammolar hammada bor!

Eringiz juda sodda. Omadsiz. Puxta emas. Ehtimol sizni yaqinlikdan qaytarayotgan sabablar shulardir? Balki moddiy tomondan imkoniyatining cheklanganligi yoki boshqalarga o`xshab, uddaburon emasligi tuyg`ularingizni imtihon qilayotgandir? Xulosa qilish o`zingizga havola, biroq o`tkinchi narsalarni deb munosabatlarga darz ketkazish... Keskin fikr bo`lsa ranjimang, ammo har bir omadli erkak ortida kuchli ayol turadi. O`sha ayolga aylaning, ko`rasiz, turmush o`rtog`ingiz qanday o`zgaradi!

 

«Erni er qiladigan ham qaro er qiladigan ham xotin». Yuqoridagi fikrlarni o`qigan bo`lsangiz, nega aynan shu maqol bilan tugallayotganimizni tushundingiz. Munosabatlarga avvalgi ehtiroslarni qaytarishga hali ham kech emas. Salgina e`tiborli, salgina uddaburon bo`ling. Gina-kuduratni unuting!

 

Shifokor-seksopatolog Dilmurod ERGAShEV tavsiyalari asosida Marjona tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!