Nomsiz barmoqqa uzuk taqish mumkin emasmi?

11:48, 02 dekabr

— Bir tanishim dinimizda qo`lning nomsiz barmog`iga uzuk taqish mumkin emas, deb aytdi. Men shu barmog`imga kumush uzuk taqib yurardim. Endi ikkilanib qoldim, tanishim aytgan so`zlarda jon bormi?

 

Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob berdi:

 

— Ko`pincha, etarlicha diniy bilimga ega bo`lmagan kishilar aslida ruxsat etilgan narsalarni mumkin emas deyishlari sabab turli tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Abu Burdadan rivoyat qilingan hadisda «Ali ibn Abu Tolib «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) meni manavi va manavi barmog`imga uzuk taqishdan qaytarganlar», deb o`rta va undan keyingi barmog`iga ishora qildi» (Muslim va Nasoiy rivoyati).

Bu rivoyatda erkak kishi o`rta va undan keyingi barmog`iga uzuk taqishi mumkin emasligi aytilmoqda. O`rta barmoqdan keyin nomsiz yoki ko`rsatkich barmoq keladi. Rivoyatda bulardan qay biri nazarda tutilgani boshqa o`rinlarda zikr qilingan. Abu Burdadan rivoyat qilinadi: «Men Alining «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) meni ko`rsatkich va o`rta barmoqqa uzuk taqishdan qaytarganlar», deb aytganini eshitganman» (Nasoiy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Demak, musulmon kishi o`rta va ko`rsatkich barmog`iga uzuk taqmaydi. Jimjilog`iga, yana nomsiz barmog`iga uzuk taqish mumkin.

muxlis.uz saytidan olindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!