Farzand o`z onasidan otasi uchun o`ch olsa...

14:38, 02 dekabr

Sizdan ona va qiz o`rtasidagi munosabat qanday bo`lishi kerakligi haqida so`ramoqchi edim. Bir tanishim onasiga gap qaytaradi, tengma-teng olishadi, uy yumushlarini volidasining gardaniga yuklab qo`ygan. Onasiga sira rahmi kelmaydi. Undan bunday muomalasining sababini surishtirsam, «Onam kichkinaligimda hammaning oldida urardi, urishardi. Yana otamni pisand qilmagan, qarindoshlar, qo`shnilar oldida ham kamsitardi. U kishi hech bir erkak chidab turolmaydigan gaplarni aytardi. Lekin otam o`ta og`ir, vazmin, sabrli kishi bo`lgani uchun indamasdi. Otamdan ham xatolik o`tgandir balki, lekin onamning bunday muomalasi bilan xato tuzalib qolmaydi-ku! Otamning o`rniga men gapiraman», deya javob qildi. Eng achinarlisi, o`sha qiz ota-onaga yaxshilik qilish qay darajada muhimligi biladi, ammo ilmiga amal qilmaydi. O`sha tanishimga qanday nasihat qilsam bo`ladi?

 

Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob beradi.

 

— Islom dini biz mo`min-musulmon bandalarni har bir tirik jonga rahm-shafqatli bo`lishga undaydi. Hatto, chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Shunday ekan, yaratilgan jonzotlar ichida eng sharaflisi hisoblangan inson zotiga ikki karra ko`proq hurmat ila munosabat qilish lozim. Insoniyatning eng yaxshi vakillari bo`lmish musulmonlar boshqa e`tiqoddagilarga nisbatan yaxshi muomalaga munosibroqdirlar. Musulmonlar ichida yaqin qarindoshlar, qo`ni-qo`shnilarga o`zgalardan ko`ra ko`proq muruvvat ko`rsatiladi. Ota-ona esa inson bolasi yaxshilik qilishi kerak bo`lgan eng muhtaram zotlardir. Ota-ona qaysi dinda, qanday martaba va yoshda ekanidan qat`i nazar, ularning ko`ngillarini og`ritmaslik shart.

Ona ilgari farzandlariga mehr ko`rsatolmay, yaxshi tarbiyalay olmagani bu boshqa masala. Onaning ba`zi xatolari sabab unga yaxshilik qilish vazifasi farzand gardanidan soqit bo`lmaydi. Balki farzand o`zini dunyoga keltirib, boqib katta qilgan onasini e`zozlashi lozim. «Onam menga mehr bermagan», «Yoshligimda tashlab ketgan», «Otamga hurmatsizlik qiladi» kabi bahonalar ketmaydi. Zero, farzand harchand urinmasin, onasining homiladorlik vaqtida, qolaversa to`lg`oq tutganda chekkan bir lahzalik og`rig`ining haqini ham ado etolmaydi.

Siz aytgan singlimizga shuni ta`kidlaymizki, ota-onaning o`rtasidagi masalaga farzand aralashmagani ma`qul. Sababi ota gapirishi mumkin bo`lgan gaplarni  qiz onaga aytishga haqli emas. Ota o`z ayoliga boshliq. Qiz esa ular uchun farzanddir, demak, ularning aytganini qilishi kerak. Shunday ekan, er-xotin o`rtasidagi ba`zi tushunmovchilikni deb onani yomon ko`rish noto`g`ri. Bu ish shariat ko`rsatmalariga teskari! Unutmaylik, Rasuli akram (sollallohu alayhi va salam) Asmo binti Abu Bakr (roziyallohu anho)ni kofir onasiga rahm-shafqat ko`rsatishga, unga yaxshi muomalada bo`lishga buyurganlar.

muxlis.uz saytidan olindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!