Lola Karimova o`zbek palovi YuNESKOning madaniy merosi ro`yxatiga kiritilganini ma`lum qildi

15:39, 02 dekabr

Lola Tillaeva-Karimova o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida  o`zbek palovi YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro`yxatiga kiritilganini ma`lum qildi.

“Azizlar, o`zbek palovi madaniyati va an`analari YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro`yxatiga kiritildi.

Biz ushbu yangilikdan nihoyatda xursandmiz. Buning ahamiyati nimada va bu nimani anglatadi, deb so`rashingiz mumkin.

Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro`yxati millatlar, jamoalar, guruhlar va shaxslar tomonidan tan olingan an`analar, urf-odatlar, bilimlar va ularga tegishli vositalar, asarlar va madaniy makonlarni asrashga yo`naltirilgan. Mazkur ro`yxat ushbu nufuzli xalqaro tashkilot tomonidan tasdiqlanadigan juda muhim hujjatdir. 

Bizning YuNESKOdagi Doimiy vakolatxonamiz faoliyati mobaynida, ya`ni 2008 yildan to 2016 yilgacha bo`lgan davr ichida, YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga shuningdek Navro`z bayrami, Shashmaqom, Katta ashula, Askiya san`ati, Boysun madaniy muhiti kiritildi. 

Ro`yxatga kiritish jarayoni ikki yil va undan ortiq vaqtni talab etadi. 

Hozirda bizning vakolatxonamiz yangi loyihalar ustidan ish olib bormoqda, va an`anaviy taomimiz bo`lmish palov bilan bog`liq urf-odatlar YuNESKOning ro`yxatidan joy olgani to`g`risidagi xabardan biz juda mamnunmiz. 

Palov o`zbek xalqining kundalik hayotida hamda to`y va marakalar, ehsonlarda o`rtaga tortiladigan taomdir. O`zbek an`analariga ko`ra, mezbon o`rtaga palov tortganidan keyingina mehmonlarga ketishga ruxsat beriladi. Asrlar osha avloddan avlodga o`tib kelayotgan palov bilan bog`liq urf-odatlar xalqimizning madaniyati va qadriyatlarining muhim qismi hisoblanadi”, — deb yozdi Lola Karimova.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!