Buxoro viloyati hokimi: “Eskicha fikrlash, eskicha ishlashga hech kimning haqqi yo`q”

13:57, 10 yanvar

Joriy yilning 9 yanvar kuni bo`lib o`tgan navbatdagi hokimlik soati yig`ilishida Buxoro viloyati hokimi O`. Barnoev har bir hudud va soha rahbari oldiga ana shu talabni qo`ydi, deya xabar beradi hokimlik apparati axborot xizmati.

Yig`ilishda viloyat hokimligi apparati xodimlari, shahar, tumanlar hokimlari, ularning o`rinbosarlari, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari, huquq-tartibot idoralari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.

Dastlab viloyat hokimi davlat idoralarida aholi murojaatlari bilan ishlash sifatiga e`tibor qaratdi.

- O`tgan kunlar davomida viloyatning deyarli barcha hududlarida tadbirkorlar ochiq muloqotlar o`tkazdik, kuni kecha esa jismoniy va yuridik shaxslarning qabulini uyushtirdik, - dedi O`. Barnoev. – Murojaatlarni tahlil qilganda ularning aksariyati tegishli hudud yoki tizim darajasida hal etilishi mumkin bo`lgan muammolardir. Faqatgina ayrim shahar va tumanlar hokimlari, tashkilotlar rahbarlarining e`tiborsizligi, sansalorligi, pastga tushib, odamlar bilan gaplashmayotganligi tufayli aholi o`z murojaatini viloyat hokimigacha ko`tarib kelishga majbur bo`lmoqda. Mana masalan, qo`limda tadbirkorning yangi ish boshlashi uchun bankdan kredit ajratishni so`rab yozgan arizasi turibdi. Bank rahbariyati tadbirkorni o`zidan atayin uzoqlashtirish uchun u qabul qila olmaydigan yuqori foizli kreditni taklif etishgan. Holbuki, davlatimiz rahbariyati tomonidan sohaga yuksak darajada e`tibor qaratilayotgan, bir nafar bo`lsada yangi ish o`rni yaratishi uchun ularga ko`plab imtiyoz va imkoniyatlar yaratilayotgan bir vaqtda banklardagi bu kabi byurokratik to`siqlarini qanday izohlash mumkin?!

Endi bunday eskicha fikrlash, eskicha ishlashga hech kimning haqqi yo`q. Viloyat hokimligiga kelgan har bir murojaat ijrosi monitoringi bo`yicha yangi tizim shakllantiriladi. Eng ko`p murojaat kelib tushgan soha yoki hudud rahbari ogohlantiriladi, kerak bo`lsa aynan ana shu masala bo`yicha lavozimidan ozod qilinadi.

Shundan so`ng viloyat rahbari obodonchilik borasida olib borilayotgan ishlarni ham tanqidiy muhokama etib, ko`chalar, turar-joylar, ko`p qavatli uylar atrofini tozalash, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, tuman va qishloq markazlarini yangi me`moriy talablar asosida qayta bunyod etish boraida tegishli ko`rsatmalar berdi.

Viloyat rahbari mazkur masalalar echimini ta`minlash bo`yicha tegishli topshiriqlarni berdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!