«Turar-joy o`gay opa-ukalar o`rtasida qanday taqsimlanadi?», «Qariya vafot etdi, uy hujjatlari esa menda...» kabi savollarga mutaxassis javoblari

15:56, 11 yanvar

Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA hamda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi xodimi Zafarjon XO`JAEV javob beradilar.

Eslatib o`tamiz, mutaxassis izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«HADYa QILINGAN UYDA KELINNING HAQQI YO`QMI?»

— Erim bilan bo`lak yashaymiz. Ikki nafar farzandimiz bor. Ba`zi kelishmovchiliklarni deb ayni dam ajrim yoqasiga kelib qoldik. Oilamiz taqdiri uzil-kesil hal bo`lganicha yo`q hali, ammo bolalarim bilan qaerga boramiz deya havotirdaman. Yashab turgan uyimizni erim onasiga hadya qilgan. Ajrashadigan bo`lsak, farzandlarimning ulushini talab qilishga haqlimanmi? Yoki indamay ko`chaga chiqarib yuboraverishadimi?

Gulnor Jumaeva, Surxondaryo viloyati

— Uy mulkdori qaynonangiz bo`lsa, farzandlaringiz bilan birga ulushga ega bo`lmasangiz-da, oila a`zosi sifatida shu uydan foydalanish huquqiga egasiz. Savolingiz mazmunidan bir qancha muddatdan beri qaynonangizga hadya qilingan uyda yashamayapsiz. Turar-joydan foydalanish huquqingizni yo`qotmaslik uchun ayni dam farzandlaringiz bilan uyga kirib yashashga harakat qilishingiz lozim. Qarshilik bo`lganida esa fuqarolik sudiga uyga kiritish haqida da`vo talabi bilan murojaat etishga haqlisiz.

 

«KUYoVIM ROZI BO`LMASA, NIMA QILAMIZ?»

— «Kasalchin ekan, hadeb shifokorga yuguraveradi» degan iddao bilan kuyovim qizimni tashlab ketdi. O`shanda u besh oylik homilador edi. Hasan–Husan nabiralarimning tug`ilishi ham oilani saqlab qololmadi, xullas ajrashishdi. Kuyovim ajrimdan oldin o`g`illari uchun ikki xonali kvartira olib bergandi, hozir ham aliment to`lab keladi. Ammo qizim yolg`iz boshi bilan qiynalib qoldi, topgani ro`zg`orga arang etadi. Harna yordam bo`lsin deb, ikki xonali kvartiraning bir xonasiga ijarachi qo`ymoqchi edi. Lekin ijara shartnomasini tuzish uchun erining ham roziligi kerak ekan. Kuyovim bo`lsa, «Men sudda aytganman, uy olib beraman, moddiy ta`minotiga qarashaman, deb, biroq meni tinch qo`yasizlar» deb, ikki enlik qog`ozga imzo chekishni rad etayapti. Juda boshim qotib qolgan, bu vaziyatda nima qilish mumkin? Agar kuyovim ko`nmasa, ijara shartnomasini tuzolmaymizmi?

Zarifa Sirojiddinova, Toshkent shahri

— Nizoli uy nikohdan ajrashishdan oldin sotib  olinganligi sababli ham er-xotinning birgalikdagi mulki hisoblanib, turar-joydan foydalanishda ularning roziliklari talab etiladi. Savolingizning mazmunidan, nizoli uy er-xotinning  nikoh munosabatlari tugagan davrda, sobiq xotini va farzandlari bilan uy-joy masalasini hal qilish uchun kelishuv maqsadida sotib olib berilgan. Shuning uchun ham fuqarolik sudiga ko`rsatilgan holatlarni asos qilib, kuyovingizning uydagi ulushini tugatishni so`rab da`vo arizasi bilan murojaat eting.

 

«QARIYa VAFOT ETDI, UY HUJJATLARI ESA MENDA...»

— Poytaxtda tahsil olish davomida bir kampirnikida ijarada yashagandim. Qariyaning hech kimi yo`q, yolg`iz edi. O`qishim tugagach, ota-onamning yoniga ketdim. Yaqinda qaytib kelsam, kampirning vafot etganini aytishdi. O`sha paytlari ayol uy hujjatlarini menga berib qo`ygandi. Hozir uyda hech kim yashamayapti. Ayting-chi, mana shu uyga nisbatan vorislik qilsam bo`ladimi? Buning uchun qaerga murojaat qilinadi?

Ismi sir tutildi.

— Mulkdorning vafotidan keyin uning vorislari bo`lmasa, shu xududdagi mahalla fuqarolari yig`ini tomonidan turar-joyga egalik huquqini belgilash haqida ariza qo`zg`atiladi. Uy hujjatlarini sizda ekanligi vorislik huquqini belgilashga asos hisoblanmaydi.

 

«QO`ShNIMNING UYIGA SUV TOShIRIB YuBORDIM...»

— Kran jo`mragi ochiq qolib, birinchi qavatda yashaydigan qo`shnining uyiga suv toshdi. Ta`mirtalab holatga kelganini bilib, hamma harajatini ko`taraman dedim. Ammo u ko`nmayapti. Sudga beraman deb turib olgan. Nima qilishni ham bilmay qoldik. Tinch yo`l bilan hal etsa bo`lmaydimi?

Ismi sir tutildi.

— Kelib chiqqan muammoni har qanday holatda ham kelishuv yo`li bilan hal qilishga harakat qiling. Bu nizo sud orqali hal etilganida, sizdan etkazilgan zarar to`liq undirilishi bilan bir qatorda, da`vogarning sudga murojaati uchun ketkazgan barcha harajatlari, jumladan, davlat boji, mutaxassis va advokat uchun to`lov kabilar ham  undirilishi mumkin.

 

«OTA-ONA NOGIRONLIGI BOLA PULIDA AHAMIYaTLIMI?»

— Umr yo`ldoshim uchinchi, men bo`lsam ikkinchi guruh nogironimiz. U kishi hech qaerda ishlamaydi. Yaqinda farzandimga ikki yoshgacha nafaqa pulini olish uchun mahallaga murojaat qilgandim. Ilgari ota-onaning biri yoki har ikkisi nogiron bo`lsa, jami oylik daromadi qancha bo`lishidan qat`iy nazar, bola puli belgilanardi, desam, «Hozir bunday emas» deyishdi. Chindan ham shundaymi? Aniqlik kiritsangiz?..

Sayyora Qodirova, Toshkent shahri

— Vazirlar Mahkamasining «Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida»gi 2013 yil 15 fevral, 44-son Qaroriga asosan quyidagi bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega. Bular: ota–onasining ikkisini ham yo`qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug`ullanayotgan oilalar; ota–onadan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo`lgan oilalar; 14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erkaklar); nogiron bolasi (bolalari) bo`lgan oilalar;  bolani (bolalarni) to`liq bo`lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar). Bunda bolaning amalda to`liq bo`lmagan oilada ona (ota) tomonidan tarbiyalanishini fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi belgilaydi; ota–onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo`lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida hisobda turgan oilalar va yolg`iz nafaqaxo`rlar.

 

«IJROChILARGA KIM BAS KELOLADI?»

— Ikki yil oldin jiyanim bir nafar farzandi uchun aliment undiruviga bergandi. Ammo haligacha qaror ijrosi ta`minlanmadi. Ijro departamentiga ham uchrashdi, foydasi yo`q. «Qarzdorni topolmayapmiz» deya hali uni, hali buni bahona qilishadi. Bolaning otasi hech qaerga ketmagan, ammo nega ijrochilar buni bilishmaydi? Ushbu vaziyatda kimga murojaat qilsa bo`ladi?

Ismi sir tutildi.

— Ijro bo`linmasi tomonidan etarli darajada yordam berilmagan holatda ijrochining harakatidan norozi bo`lib, yuqori turuvchi ijro bo`linmasiga, prokuratura yoki fuqarolik sudiga shikoyat keltirish mumkin.

 

«TURAR-JOY O`GAY OPA-UKALAR O`RTASIDA QANDAY TAQSIMLANADI?»

— Oilada to`rt nafar farzandmiz. Ikki ukam o`gay otamning farzandlari, ya`ni onamiz bir, otamiz bo`lak. Men o`n yil oldin turmushga chiqqanman, o`tgan yili qizlik uyimning «propiska»sidan ham chiqdim. Olti yil burun onam vafot etdi. Yaqinda esa o`gay otamni ham berib qo`ydik. Ukam, ota-onamizdan qolgan uyni to`rt farzand bo`lishib olsak, qanday bo`larkin deyotgandi. Shu masala yuzasidan fikringizni bilmoqchi edim, ulushlar taqsimoti qanday hal etiladi?

Iqboloy Boltaeva, Samarqand viloyati

— Turar-joy marhum onangiz bilan otangizning birgalikdagi nikoh davrida olingan bo`lsa, siz onangiz va o`gay otangizdan tug`ilgan farzandlar bilan birgalikda volidangizga tegishli bo`lan ulushgagina merosxo`r bo`la olasiz. Otangizga tegishli ulushga esa undan dunyoga kelgan farzandlar, hayot bo`lsa, ota-onasi merosxo`r hisoblanishadi.  

 

«QARZI YO`Q, AMMO ChETGA ChIQARIShMAYaPTI!»

— Ukam birinchi oilasi bilan ajrashgan. Bir nafar farzandiga aliment to`laydi. O`tgan yili bir necha oy aliment to`lovi ushlanib qolganiga, sobiq xotini sudga arz qilgan ekan. Uylandi, bolali bo`ldi, shunga biroz kechikdi, desak tushunmaydi. Xullas, aliment qarzini uzdi, hozir oyma-oy to`lab borayapti, ammo xorijga chiqishi taqiqlangan. Sud tomonidan qo`yilgan taqiqni qay tariqa bekor qilish mumkin? Axir qarzdorligi yo`q-ku?

Madina Karimova, Xorazm viloyati

— Agar qarzdorlik mavjud bo`lmasa, xorijga chiqishni taqiqlash haqida qaror chiqargan ijro bo`linmasiga murojaat etib, ushbu taqiqni echish to`g`risida ariza keltirish lozim. Ijro bo`linmasidan ijobiy natijaga erishilmaganida esa fuqarolik sudiga, ijro bo`linmasi harakatidan norozi bo`lib, shikoyat keltirish mumkin.

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!