Farhod Tojiev Malayziyaning “T–Tim” jamoasi bilan shartnoma imzoladi

21:56, 13 yanvar

O`zbekistonlik futbolchi Farhod Tojiev Malayziya Superligasi vakili “T–Tim” jamoasi bilan shartnoma imzoladi, deya ma`lum qiladi O`zbekiston futbol federasiyasi matbuot xizmati. 

Kelishuv muddatiga hozircha aniqlik kiritilmagan. 2016 yilning birinchi davrasini Toshkent viloyatining “Olmaliq” klubida o`tkazgan futbolchi yozda erkin agentga aylangan edi. Dekabr oyida 30 yoshli hujumchi “T–Tim” ko`rigida bo`lib, nazorat o`yinlarida maydonga tushdi va bir nechta gol urishga muvaffaq bo`ldi.

Tajribali hujumchining yangi jamoasi 2016 yilgi mavsumda Malayziya Superligasida 7-o`rinni egallagan edi. Mazkur klubda yana bir o`zbekistonlik futbolchi – Dilshod Sharofutdinov to`p surmoqda. “T–Tim” Farhod Tojiev uchun begona klub emas. 2015 yilda u mazkur jamoa sharafini himoya qilib, 13 o`yinda 14 ta gol kiritishga erishgandi.

Terengganu shtati sharafini himoya qiluvchi “T–Tim” klubi 2006 yilda tashkil topgan. Ayni vaqtda klubga indoneziyalik Rahmad Darmavan bosh murabbiylik qilmoqda. “T–Tim” klubining Malayziya Superligasida ko`rsatgan etgan eng yaxshi natijasi 2009 yilda qayd etilgan bo`lib, jamoa mamlakat vise-chempioni bo`lgan edi.

Ma`lumot uchun, Farhod Tojiev faoliyati davomida Qozog`istonning “Taraz” (2006), Toshkentning “Paxtakor” (2007–2009 va 2010–2012), Xitoyning “Tyanjin Teda”, G`uzorning “Sho`rtan” (2012), Toshkentning “Lokomotiv” (2013–2014), Malayziyaning “T–Tim” (2015) va Toshkent viloyatining “Olmaliq” (2016) klublarida to`p surgan.

O`zbekiston milliy terma jamoasi safida 2008 yili debyut qilgan Farhod Tojiev jami 20 o`yinda maydonga tushib, 7 ta gol kiritgan. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!