«Qizni uyning o`g`risi derlar...»

10:07, 14 yanvar

Sarlavhani o`qib, hayron qoldingizmi? Yo tasdiqladingizmi? Aslida har doim ham ota uyidan kelinlik xonadoniga narsa tashiydigan qizlarni o`g`ri atab bo`lmaydi. Vaziyat taqozosi degan gaplar ham bor. Bugun «Mening oilam»da «o`g`ri» qizlar, ta`magir qaynonalar, qizg`anchiq kelinoyilar va noiloj onalar mavzusini tahlil qilamiz.

«Uning eri ishlamasa, biz boqishimiz kerakmi?»

— Turmush o`rtog`im yolg`iz o`g`il, birgina singlisi bor. Qaynsinglimning turmushga chiqqaniga besh yil bo`layapti, ammo hamon bizning qaramog`imizda. To`g`ri, erimning topish-tutishi yaxshi, qaynota-qaynonam ham ro`zg`orga yordam berishadi. Biroq qachongacha biz uning o`zi-yu, eri, ikki bolasini boqamiz. Uyga kelsa, ro`zg`orning yarmini ko`tarib ketadi. Na so`rashni biladi, na uyalishni. Mana, o`tgan hafta ham mehmonga kelib, uch kun qolib ketdi. Ketganidan so`ng muzlatkichni ochib qarasam, ship-shiydon. Alam ustida qaynonamga «O`tgan kungina bozorlik qilgandik, hech narsa qolmapti-ku», deya aytsam, «Muborak ham ijara uyda qiynalib qoldi, bolalarim yaxshi esin, deydi-da u ham. Kuyovning ishlari yurishib ketsa, yaxshi bo`lib ketar», deb qizini oqlab qo`ya qoldi. Bu ketishda uyimizda baraka qolmaydi-ku! Nima, er-xotin ikkimizning orzu-havasimiz yo`qmi? Umuman qaynsinglim qachongacha bizga boqimanda bo`ladi? Bu odatiga nuqta qo`ymasam, bir umr og`irligini akasiga tashlab yashamaydimi?

Xumora, 32 yosh

Mulohaza: — Xumora, to`g`ri, qiz bolaning kelin bo`lgach ham, ota uyiga moddiy jihatdan bog`liq bo`lishi yaxshimas. Ammo hayot ba`zida shuni talab etadi. Qaynsinglingizga ham kelinoyisining ko`ziga balodek ko`rinish yoqmasa kerak? U ham to`lib-toshib ota-onasidan xabar olib ketishni istar. Biroq qo`li qisqaligi uchun aksini qilar. Kuyovlaringizning ishi yurishmayotgan bo`lsa, buning ustiga, ikki yosh bola bilan ijara uyda qiynalib qolgandir. Siz o`zingizga qarab xulosa qilmang, turmush o`rtog`ingiz yaxshi toparkan, qaynota-qaynonangiz ro`zg`orning bir uchini ko`tarisharkan, boshingizda boshpanangiz bor. Qaynsinglingizning vaziyati esa aksincha. Bag`rikeng bo`ling. Ikki yosh bolasi bilan uyingizda uch kun mehmon bo`lishsa, kambag`al bo`lib qolmaysiz. Sizdan so`rab narsa olmasa, demak, uyalar, uyalganini sizga ko`rsatishni istamas. «Unim yo`q, bunim yo`q», deb sizga aytsa, ko`ngli beshbattar ezilar, yoxud eridan nolib, sizlarga oilasini yomon ko`rsatishni xohlamas. Xullas, qo`li ochiq bo`ling, qaynonangiz, eringizning yuziga qaynsinglingizning harakatlarini solmang, o`zingizga yomon qilasiz. Yolg`izgina qizi, yolg`izgina singlisiga ularning mehribonligi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Yaxshisi, kuyovga yaxshi ish topishga yordam bering. Ya`ni eringiz orqali ta`sir o`tkazing. Qaynsinglingizning ham ishlash imkoni bo`lsa, unga ham opalarcha yo`l-yo`riq ko`rsating. Ishoning, ular sizdan, albatta, minnatdor bo`ladi. Odamlar begonani qo`llab, begonalardan yordamini ayamayotgan bir paytda, eringizning jigariga nisbatan bunday munosabat bilidirishingiz to`g`rimas. Siz uni nochor paytda qo`llang, rizqingiz, oiladagi kelinlik mavqeyingiz yanada baland bo`ladi.  

 

«Uyga qaytganimda, qo`limga qarab o`tirishadi...»

— Turmushga chiqqanimga, mana, besh yil bo`layapti. Hamon yangi kelinlardek ota uyga borganimda to`lib-toshib qaytishim shart. Bo`lmasa, qaynonamning qovog`idan bir hafta qor yog`adi. Mendan katta ikki ovsinim o`ziga to`q oilaning qizlari bo`lgani uchunmi, qaynonam quda tomondan keladigan tog`oralarga o`ch bo`lib qolgan. To`g`risi, ota uyimning moddiy ahvoli unchalik ham zo`r emas. Ikki akam bola-chaqasi bilan bir hovlida siqilib yashayapti. Hozir topgan-tutganlarini o`rtaga tashlab, uy olish tashvishida. Shu sabab katta akam, ikki yildirki, xorijda. Har borganimda ota-onamning boshiga soliq solishim kelinoyilarimga yoqmasligi turgan gap. Ammo nima qilay, men ham uyimning tinchini o`ylayman...

Shohista, 26 yosh

Mulohaza: — Shohista, uyning tinchini o`ylagan ayol, avvalo, boshqaning oilasining tinchiga soya solmaydi. O`zingiz hammasini tan olib, tushunib turibsiz, lekin och qornim, tinch qulog`im qabilida ish tutib kelayapsiz. Ongingizga «Uyga qaytganimda qo`lim to`lib qaytmasam, qaynonam urishadi, keyin oilam darz ketadi. Ota-onam, akalarim esa meni tinch yashashim uchun ta`minlab turishlari shart», degan tushuncha o`rnashib qolgan. Sizga shu tushuncha bilan yashash va harakatlanish qulay. Chunki ortiqcha tashvishlar, ortiqcha urinishlardan holisiz. Qaynonangizga yoqish uchun harakat qilmaysiz, u kishining og`zini tog`ora bilan yopsangiz bas. Akalaringizning qiynalganini bilsangiz ham, ota-onangizga soliq solishdan to`xtamaysiz. Axir boshqa ilojingiz yo`q-da. Yo`q. Aslida bor. Ikki ovsiningizdan kam bo`lmaslikni o`ylab, tog`orani to`ldirib kelishni to`xtating. Asta-asta. Bir borganingizda ovqat emas, oddiy shirinlik ko`tarib kelishdan boshlang. Qaynonangizni sekin-sekin o`rgating. Agar haqiqatda ko`zi och ayolga kelin bo`lgan bo`lsangiz, ota-onangiz, akalaringizning hisobidan emas, eringiz yoki o`zingizning hisobingizdan amalga oshiring bu «poraxo`rlik»ni. Faqat me`yori bilan! Umuman, siz kelin sifatida o`zingizni boshqa tomonlama, mehnatingiz, shirinso`zligingiz, uddaburonligingiz bilan yuzaga chiqara olsangiz, «tog`ora o`yinlari»ga barham berishingiz mumkin.

 

«Qizimni ko`zim qiymaydi...»

— Aslida hamma gap o`zimda. Qizimni erka, tantiq qilib tarbiyalaganman. Uzatganimdan keyin tarbiyada tuzatib bo`lmas xatolarga yo`l qo`yganimni bilib, tilimni tishlab o`tiribman. Uyga kelsa, jonim bezillab turadigan bo`lgan. Ko`ziga nima chiroyli ko`rinsa, qo`liga nima ilinsa, ko`tarib ketadi. Bermasam, xafa bo`ladi. Kichik o`g`ilimni uylantirsam, deb olib qo`ygan sarpolarimning boshiga etib bo`ldi. Mana, keyingi hafta qaynopasi qizini uzatayapti. Kelin yanga bo`layapman deb, nafaqa pulimni oxirgi tiyinigacha olib ketdi. Kelinim buni bilgach,  janjal ko`tardi. «Menga nuqul, kelin, siz to`xtab turing, to`y qilib olaylik, deb aytasiz, na biror joyim og`risa, davolanishga pul berasiz, na ust-bosh olishimga ruxsat. Bunaqa bo`ladigan bo`lsa, erimning oyligini ham, dekret pulimni ham bizdan olmang», dedi. O`g`lim ham xotinining gapiga kirib, «Singlim uyga tinch kelib ketsa, kelsin, bo`lmasa, uyida o`tirsin. Men ham mashina olmoqchiman, bo`ldi, to`yga emas, mashinaga pul yig`aman», deb aytdi. Bu gaplardan juda xafa bo`ldim. Bir boshim bilan o`stirgan bolalarim nahot bir-biriga qayishmasa? Nahot ko`rpani hamma o`zi tomonga tortsa, birimiz ikki bo`lmasligini tushunishmasa?

Marg`uba, 49 yosh

Mulohaza: — Ha, ko`rpani hamma o`z tomoniga tortsa, uyingiz uy bo`lmaydi. Bu tortishishni aslida o`zingiz boshlab bergansiz. Ya`ni bolalaringizga munosabatda adolat qilolmayapsiz. Tashingizda tan olmasangiz-da, ichingizda, men qizimni ta`minlab o`tiribman, kelinning ham ota-onasi bor, degan fikr hukmron. Shuning uchun joni og`risa ham, «Kichik o`g`limni uylantirishim kerak, chidang», deysiz, biror nimaga ehtiyoj tug`ilsa ham, shu gapni takrorlaysiz. Sizga qolsa, uni ham ota-onasi ta`minlasa. Aslida-ku qizingizning bu qilig`idan o`zingiz ham kuyib o`tiribsiz. Yaxshimas, xunuk odatligini tan olayapsiz. Nega uni to`xtatmaysiz? Xafa bo`ladi, debmi? Chegarani chiroyli qilib chizib ko`rsatib bering. Bir kun xafa bo`lar, ikki kun xafa bo`lar, uchinchi kun, onasisiz-ku, tushunadi. Oilangizdagi tinchlikni, moddiy muvozanatni saqlash uchun erkatoyingizning istaklarini chegaralamasangiz bo`lmaydi. Buning ustiga, qizingiz erining uyiga narsa tashib obro` topmaydi. Uning ham xonadonining tinchi buzilishi mumkin. Hamma qaynonalar ham ta`magir emas. Hamma kuyovlarga ham xotinining hamon akalariga bo`yinturuq ekanligi yoqmaydi. Bu erkakning g`ururiga tegadi.

O`g`lingizning gaplariga kelsak, u ham jahl ustida gapirgan. Buni xotinining izmiga yurishga o`yib, hosil bo`layotgan jarlikni kattalashtirmang. Buni oilaviy byudjetni qayta rejalashtirishim va o`g`illarim bilan bamaslahat sarflash payti kelibdi, deb tushuning. Umuman o`g`illaringizga moddiy tomonlama erkinlik beradigan payt etdi. Shu bilan mas`uliyatni ularning bo`yniga yuklashingingizga imkon tug`iladi.

MUXLISA 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!