«Ammam onamni ranjitadi...»

10:52, 14 yanvar

— Uch ammam bor. Ularni yaxshi ko`raman. «Onamdan qolgan yodgorlarim» deb dadam ham jigarlarini juda ardoqlaydi. Ammo onam va ammalarim o`rtasidagi sovuq munosabat meni xafa qiladi. Chunki ular uyimizga kelishsa, albatta, onamning ko`nglini og`ritib ketishadi. Qarindoshlarimiznikida yig`in yoki tadbirlar bo`lsa, volidamni yakkalab qo`yishadi. Bir kuni xolamning tobi qochib, uyimiz yaqinidagi shifoxonada davolana boshladi. Onam «Uzoqdan qatnab, qiylanib yurasizmi», deya xolamni ikki kun uyimizda qolishga ko`ndirdi. Bu gap ammamning qulog`iga qaerdan chalingan bilmayman, uyimizga kelib, katta janjal ko`tardi. Otam ammamning, onam xolamning tarafini oldi. Shundan buyon hammamiz qandaydir tushkun kayfiyatda yuribmiz. Men onam bilan ammam yuzko`rmas bo`lib ketishlarini xohlamayman. Ularni ko`rib, biz — opa-ukalar ham kelajakda bir-birimizga shunday bemehr bo`lib qolmasmikinmiz deb xavotirlanyapman.

Z.N., 16 yosh, Toshkent shahri

Qaynonajon: — Bolajonim, kattalar o`rtasida ba`zida mana shunday tushunmovchiliklar ham bo`lib turadi. «Aqlni aqlsizdan o`rgan» degan maqol bor-ku, siz ham qarindoshlaringiz o`rtasidagi kelishmovchiliklarni ko`rib, aka-ukalaringiz bilan yanada ahil yashashga harakat qiling. Yana bir gap, onangizga ammalaringizdan nolimang. Yaxshisi, muammolariga aralashmang, aksincha o`rtada ko`prik bo`ling. Ammalaringizning hurmatini joyiga qo`ying.

Ammajonlarga aytar so`zim: boshingizga tashvish tushganda ham, erta bir kun el-yurtga to`y-tomosha berganingizda ham, aka-ukalaringiz, jigarlaringiz yordamga keladi. Shuning uchun ularning tinchini buzmang. Keliningizni ukangizning ayoli, jiyanlaringizning onasi sifatida ardoqlang. Іatti-harakatlaringiz bilan yoshlarda noto`g`ri taassurot qoldirmang.

Feruza Akromova, ruxshunos: — Singiljonim, siz o`smir yoshdasiz. Balkim, katta deb o`ylayotgan muammongiz oddiygina kelishmovchilikdir. Ushbu vaziyatda  kattalarning munosabatlariga aralashadigan bo`lsangiz, nizolar yanada chuqurlashib ketishi mumkin. Onangizning ko`nglini  o`ylayotganingizni  ham tushunaman. Ammo bu muammolarni ularning o`zlari hal qilgani ma`qul. Bo`layotgan voqealardan to`g`ri xulosa chiqaring.

Saodat Ochilova yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!