Tongda bajarishdan voz kechish kerak bo`lgan 6 ta odat

15:40, 08 fevral 2016

Har bir odam erta tongdan biror narsani odat tusiga kiritgan bo`ladi. Agar bu odat buziladigan bo`lsa, uning arzirli sababi bo`ladi. Masalan, ishga kech qolayotgan bo`lsangiz yoki yaqin odamingizning biror muammosini hal qilishingiz kerak bo`lsa kun tartibingiz izdan chiqadi. Ammo shunday odatlar ham borki, ulardan vaqtida qutulganingiz ma`qul.

 Quyidagi odatlarni tongda bajarishdan voz kechganingiz ma`qul:

1. Uyg`otkichni o`zgartirish

Uyg`otkich jiringlagandan keyin yana besh daqiqa uxlashni istab, uni yana 10 daqiqadan keyin jiringlashga qo`yish odatidan voz keching. Chunki o`n daqiqida baribir to`yib uxlay olmaysiz, aksincha uyg`onishingiz qiyin bo`lib, kuni bilan charchoqni his etasiz.

2. Jismoniy mashg`ulotlarni keyinga qoldirish

Ko`pchilik odamlar sog`lom bo`lish uchun jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullanishadi, sport mashg`ulotlariga qatnashadi, hech bo`lmaganda uyda gimnastika mashqlarini bajarishadi. Ba`zida ertalab jismoniy mashq qilishdan erinib, uni tushdan keyinga qoldirasiz. Hech qachon dangasalik qilmang, kun oxirida charchab qolganingizdan jismoniy mashqlarni ko`ngildagiday bajara olmaysiz, uni yaxshisi ertalab, uyqudan uyg`onganda bajarganingiz ma`qul.

3. Uglevodlarga boy nonushta

Negadir hamma nonushta uchun suli yormasi foydali, deb hisoblaydi. Ammo uni iste`mol qilgandan keyin ko`p o`tmay, ochlik hissini sezasiz, kaloriyali, kuchliroq ovqat eyishni istab qolasiz. Chunki suli yormali bo`tqalar tezda hazm bo`ladi. Yaxshisi, ertalabki nonushtaga qovurilgan go`sht yoki tuxum, yogurt, tvorog iste`mol qiling. Bu taomlar kun davomida sizni to`q tutadi.

4. Nonushtadan keyin tish tozalash

Ko`pchilik nonushta qilib bo`lgach, tish tozalashni afzal ko`radi. Mantiqan fikrlansa, tish ovqat eyilgandan keyin tozalanishi kerak. Ammo bu noto`g`ri. Ovqatlanish vaqtida tish emal qavatini yumshatuvchi kislota vujudga keladi. Shuning uchun ovqatlanib bo`lgandan keyin tishni darhol yuvish tavsiya etilmaydi, bunda tishning emal qavati zararlanishi mumkin. Yaxshisi uni uyqudan uyg`ongan zahoti tozalash zarur.

5. Uyg`ongan zahoti pochta va xabarlarni tekshirish

Bu odat ertalabdan qattiq hayajonga tushishingizga sabab bo`ladi. Hali yaxshi uyg`onmay turib, xabarlarga to`laqonli javob yozishga tayyor bo`lmaysiz, buni yaxshisi nonushtadan keyinga qoldirganingiz ma`qul.

6. Qaynoq dush

Ertalabdan qaynoq dush qabul qilish organizmning uyg`onishiga xalal beradi, uni battar bo`shashtirib yuboradi. Yaxshisi, uyquni ochish, qon aylanishini yaxshilash, tetik bo`lish uchun sovuq dush qabul qilish kerak.

Kun davomida sizga yaxshi kayfiyat bag`ishlovchi biror odat o`ylab topishni unutmang. Yolg`iz qolib, musiqa tinglash, oynadan tashqarini tomosha qilib, nonushta qilish sizga bir olam quvonch bag`ishlashi mumkin. Shoshilayotgan bo`lsangiz ham o`zingiz uchun biror daqiqa vaqt ajrating.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 20:40, 08 fevral 2016
2013