Eski jo`va, Aviasozlar, Sergeli dehqon bozorlari zamonaviy qiyofada ta`mirlanadi

07:45, 18 fevral 2016

Joriy yilda poytaxtimizdagi Eski jo`va, Aviasozlar, Sergeli dehqon bozorlari zamonaviy qiyofada ta`mirlanadi.

“Toshkent qishloq xo`jalik mahsulotlari ulgurji bozori” aksiyadorlik jamiyatida qurilish ishlari davom etmoqda. Usti yopilib, yirik savdo kompleksiga aylanadigan bozorning ixtisoslashgan pavilonlarida yuklarni mashinalardan tushirmasdan savdo qilish uchun sharoit yaratiladi. 

Toshkent shahar hokimligida “Toshbozorsavdo” uyushmasining 2015 yildagi faoliyati sarhisobi va 2016 yildagi ustuvor vazifalariga bag`ishlangan matbuot anjumanida shular xususida so`z yuritildi. 

Bugungi kunda “Toshbozorsavdo” uyushmasi tizimida 20 ziyod aksiyadorlik jamiyati va mas`uliyati cheklangan jamiyat mavjud. Ular yigirma bitta asosiy va oltmishdan ortiq kichik bozorlarni (shoxobchalarni) o`z tarkibiga birlashtirgan. 2015 yilda bozorlar va savdo komplekslarida yig`ilgan daromad 130,3 milliard so`mni tashkil etgan. 

Bozorlarda raqobatni rivojlantirish, aholiga qishloq xo`jaligi mahsulotlarini uzluksiz va arzon narxlarda etkazib berishda «Elga xizmat» sho``ba korxonasi muhim o`rin tutmoqda. Poytaxtimizdagi 12 dehqon bozori va ularning shoxobchalarida oltmishdan ziyod savdo nuqtasi tashkil etilgan. Ularda piyoz, kartoshka, guruch, go`sht, tovuq go`shti, dukkakli mahsulotlarning uzluksiz va arzonlashtirilgan savdosi yo`lga qo`yilgan. 

Dehqon bozorlarida go`sht, tuxum va tirik baliq mahsulotlarining mo``tadil narxlarini ta`minlash maqsadida chorvachilik va baliqchilik fermer xo`jaliklariga, “Parrandasanoat” uyushmasi korxonalariga bozorlarining eng qulay joylaridan savdo nuqtalari ajratib berilgan.

2016 yilda bu boradagi ishlar sifatini yanada oshirish choralari ko`rilmoqda. Xususan, bahorda qishloq xo`jaligi mahsulotlarining uzilishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida Surxondaryo viloyatida 250 gektarda uyushma buyurtmasi asosida ertapishar kartoshka, piyoz va boshqa qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirilmoqda. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!