Ravshan Ermatov hamkasblarining xatosiga qanday munosabat bildirishini aytdi

23:02, 21 fevral 2016

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O`zbekiston futbol federasiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov bilan yoshlar o`rtasida muloqot o`tkazildi. 

Tadbir davomida Ravshan Ermatovga uning shaxsiy hayoti va hakamlik faoliyati to`g`risida turli savollar berildi.

Xususan, hakamning farzandlari bilan munosabatlari to`g`risidagi savoliga Ermatov quyidagi javobni berdi.

—Imkon qadar oilada otalik burchimni ado etishga harakat qilaman. O`zimizni o`zligimizni, asrab kelinayotgan qadriyatlarimizni, qadimiy merosimizni farzandlarimga o`rgatishga o`zimni otalik vazifam deb hisoblayman va shunga harakat qilaman. Menimcha farzandlarimga mehribon otaman.

Shuningdek, Ravshan Ermatov sportni tanlamaganida ham boshqa yo`nalishda fidoiy, adolatli, mas`uliyatli xodim bo`lishini ma`lum qildi.

Hamkasblari tomonidan yo`l qo`yilgan xatolik paytida qanday yo`l tutishi haqidagi savolga esa Dunyoning eng yaxshi hakami quyidagicha javob qaytardi, deb yozadi “Kamolot” YoIH sayti:

— Hakamlarga o`yin paytida oson tutib bo`lmaydi. Sababi uning yuragi o`yin paytida sekundiga uch marta uradi. U hamma narsani nazorat qilib turgan holda, albatta, nimanidir nazardan chetda qoldirish mumkin. Lekin e`tirozlarim bo`lsa, o`yindan keyin samimiy munosabat bilan, albatta, aytib o`taman.

Ravshan Ermatovning futbol bo`yicha barcha nufuzli xalqaro turnirlarda hakamlik qilayotgani ana shu e`tibor samarasidir. O`zbek o`g`loni 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014 yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb e`tirof etilgan. Xalqaro futbol uyushmalari federasiyasi uni 2011 yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” sifatida tan oldi. 

Ravshan Ermatov 2010 yili Janubiy Afrika Respublikasi va 2014 yili Braziliyada o`tkazilgan futbol bo`yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etib, jami 9 uchrashuvda hakamlik qildi va bu borada jahon rekordini o`rnatdi. 

Mashhur futbol hakami Ravshan Ermatov yaqinda futbol olamining nufuzli mukofotlaridan biri – “Globe Soccer Awards – 2015” sovrinini qo`lga kiritdi. 

Ravshan Ermatov Prezidentimiz Islom Karimov farmonlariga muvofiq mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, xalqaro maydonda o`zbek futboli nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlariga qo`shgan munosib hissasi uchun 2010 yili “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2014 yilda “El-yurt hurmati” va 2015 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlandi. 

– Futbol olamining eng nufuzli musobaqalarida ona Vatanimiz –O`zbekiston nomidan qatnashish menga cheksiz g`urur-iftixor bag`ishlaydi, – deydi Ravshan Ermatov. – Zero, iste`dodli yoshlarning Vatanni xalqaro maydonlarda madh etishdek ezgu orzulari ro`yobiga yo`l ochib berayotgan, keng imkoniyatlar yaratayotgan yurtimizning obro`-e`tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo`shish har birimizning farzandlik burchimizdir. 

Tadbirda qatnashgan yoshlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!