Umrning to`rt fasli

11:31, 23 fevral 2016

Hayotdagi rango-rang fasllar umrimiz davomida bizga hamroh bo`ladi va bu fasllar ichida eng og`iri to`rtinchisi, qarilik fasli deyishsa avvallari tushunmas edim  yoki tushunishni istamasdim.  

Hali maktabga ham chiqmagan damlarimni xotiralarim qa`riga cho`kib ketgan qutilardan titkilaganimda, negadir yoz kunlari ko`z oldimga kelaveradi.  O`zimga o`xshagan mayda, sho`x, tishlari tushib yoki qurtlab ketgan, eskiroq kiymlarda,  qo`llariga tayoqnimi, koptoknimi ushlab olgancha yugurib yurgan do`stlarimni elas-elas eslayman. Hozir ular, qorin qo`ygan, uxlaganda quloqni qomatga keltirib yuboradigan darajada hurrak otib, uch-to`rt qadam yursa pishillab qoladigan, chollarga aylanishgan

Buvim bilan buvamning qo`llarida o`sganim uchun, ularga mehrim bo`lakcha edi. Buvamning elkasiga o`tirib olib, futbol tomoshalariga borganimiz,  buvimning pishirgan taomlarini, qo`llarimni yuvmay paqqos tushirishlarim hozir miyamda aylanayotgan xayollarim orasida suzib yurarkan, beixtiyor o`sha damlarga bir zumga bo`lsa-da,  qaytgim keldi.  

—  Buvi, buvi menga ertak aytib bering!

— Albatta bolaginam.

 —  Buvajon, meni elkangizga o`tqazib, samolyot qiling!

 —  Qani kelaqol, uchamiz, xo`sh qalay zo`rmi?

 —  Zo`r, zo`r. Buvajon baliq oviga boraylik.

 —  Albatta boramiz,  mittivoy.

 —  Buvi men ketdim o`ynagani...

 —  O`g`lim, faqat ehtiyot bo`l. Ko`p sakrama, ko`p yugurma!

Ular menga hech yo`q deyishmasdi. Erkaliklarimga javoban, hech ho`mrayishmagan. Ba`zan o`ylanib qolaman, shuncha sabrni qaerdan olishgan ekan.  Shuncha mehrni,  muhabbatni-chi? !  

Ota-onamning yolg`iz farzandi edim.  Ular,  shaharma-shahar qandaydir,  menga nomal`um ishlar bilan yurishardi.  Ba`zi-ba`zida,  ularni qo`msab yig`laganlarimni hisobga olmaganda, bobom va buvim bilan juda baxtli yashaganman... 

***

—  Ovqat tayyor bo`ldi,  qani yuring!

—  Yaxshi,  hozir boraman.

Hamshira qiz ovqatga chaqirib kelmaganida, och qolganimni ham sezmay,  o`tiraverardim.  O`zim uchun ajratilgan mo``jazgina honadan chiqib, yo`lak bo`ylab yurdim. Tikka qilib qurilgan zina juda baland, tusha olmayman chog`i.  Kimdur kelib yordam bersa yahshi bo`lardi. Ko`zim, besh qadamlar nariroqda turgan kursiga tushdi. Og`ir qadam tashlab bordim-da,  o`tirib oldim.  Yopiq turgan derazadan,  ko`cha tomon shundoqqina ko`rinib turibdi.  Јo`l ushlashib ketayotgan yigit va qizning mamnun chehrasida bir olam umid yiltillayotganini ko`rib entikib ketdim. Ular taxminan yigirma yoshlar atrofida bo`lishsa kerak». Esimda, men endigina yigirmaga kirgan kezlarim.  Kuch-g`ayratim, qiziqqonligim ko`zlarimda aks etgan, erga ursa ko`kka sapchiydigan, haqiqiy shunqor edim. O`sha vaqtlarga nazar tashlasam,  umrimning bahorini juda qattiq qo`msayman.  Endigina,  instituga  kirgan yillarim,  maftunkorlikda tengsiz,  yoshlik,  go`zallik nafasi ufurib turgan qiz bilan tanishgan edim. U juda betakror edi.  Uzun, tun kabi tim qora sochlari,  sochlariga hamohang qoshlari, sutga chayilgnday oppoq yuzi,  uzun kipriklari ostidagi qahva donasidak jigarrang koz`lari. Yorqin, eng nurafshon tonglarning quchog`ida, har kun u bilan uchrashish uchun shoshilarkanman,  yuragimda tug`yon urayotgan farahbahsh tuyQulardan ettinchi osmonga uchar edim.  

—  Aytchi,  sen meni ertaga ham,  xuddi bugungiday seva olasanmi? -derdi u o`sha qahva donalaridak ko`zlarini sho`x o`ynatib.

—  Men seni, ertaga ham,  bugun ham,  qarib,  mana shu qora sochlaringa oq oralaganda ham, benuqson yuzingga dog`lar,  ajinlar tushib ketganda ham xuddi bugungiday, ehtimol yana ham kuchliroq sevaveraman, — derdim qat`iy ohangda. 

Uni deb qancha yigitlar bilan it-mushuk bo`lganimni aniq hisobini ham aytib bera olmayman.  Yodimda,  unga biz bilan bir oliygohda o`qiydigan yana to`rt-besh yigit ham oshiq edi. O`shanda,  gurug-guruhlarga bo`linib, o`z ko`nglimizda ne-ne janglar qilmagaanmiz. Qiyshiq kiyilgan qalpoqlar,  yoqasi ko`tarilgan kostyumlarda, og`izga qistirilgan sigaretalardan tortgancha,  go`yo dunyoning eng katta muommosini hal qilayotgan mushkityorlar singari,  tutardik o`zimizni.  Berahmlik olovi yonib turgan ko`zlarimizni dadil tikkancha, yoqalarimizdan olardik. Bejizga bu davrni bahorga qiyoslashmasa kerak. Bahor kabi o`zgaruvchan, hissiyotlarga to`la, yorqin va go`zal davr.

Universitetning ikkinchi bosqichida o`qib yurgan kezlarim, bizning guruhga, malakali,  ancha-muncha ilmiy ishlar qilgan aniq fanlar doktori kelgan. U og`ir-bosiq, tarbiyali, mudom yuzida sokin tabassum bilan yuradigan erkak edi. Men va do`stlarim uning darslarida deyarli uxlab o`tirar edik.  

—  Siz, — dedi o`sha professor ma`ruzalaridan birida,  menga ko`rsatkich barmog`ini qadab, — ha,  ha siz birodar,  iltimos o`rningizdan turing. 

Istamaygina o`rnimdan turib,  mag`rur nigohlarimni unga qaratdim

—  Nima uchun eshtishni xohlamayapsiz birodar? Men juda ko`p kuzatdim,  har safar yo uxlab yo do`stlaringiz bilan nimalarnidur muhokama qilib o`tirasiz. 

—  Chunki siz aytayotgan gaplar sariq chaqaga ham arzimaydi! — dedim surbetlik bilan.

—  Nima uchun birodar? — dedi u hamon tabassumini yo`qotmay

—  Bizga mana shu narsalar kerakligiga ishonmayman

—  Shundaymi?  — dedi u yana xotirjam holatda. O`zini sokin tutayotgani tobora izzat-nafsimga tegib borardi. 

—  Shaxsan menga sizning ma`ruzalaringizning keragi yo`q. Biz muhimroq ishlar qilishimiz mumkin. Dunyoni o`zgartirish uchun harakat qilishimiz kerak. Bizlar, mana shu to`rt devor ichida o`tirib emas, yuksak ishlarda o`zimizni ko`rsatishimiz kerak.  Men bir narsaga tushuna olmayman,  nima uchun sizlar,  ko`zoynaklaringizni taqqancha,  qo`lingizda dunyo-dunyo sarg`ayib ketgan qog`ozlaringizni ko`tarib bizlarga nimalarnidir tushuntirishga urinasizlar. Safsatalaringiz boshni og`ritishdan boshqasiga yaramaydi-ku,  axir.  

—  Demak,  bu sizning qat`iy fikringiza,  birodar, — dedi u yana holatini o`zgartirmay. U menga yosh bolani gapini inobatga olmay,  erkalatib gapirayotgan odamday ko`rinib ketdi. 

—  Qat`iy! 

U miyig`ida kulgancha, boshini sarak-sarak qildib, yonimga yaqinlashdi.  Chunonam yaqinlashdiki,  hatto men,  u hozir quloqlarimga shivirlasa kerak deya o`ylardim.  Lekin,  u ko`zlarimga tikilib,  juda jiddiy gapirdi. 

—  Siz,  vaqt o`tib osmonlarga parvoz etishga,  dunyoni o`zgartirishga,  samoviy yuksalishlarga intilmay ham qo`yarsiz!  Gaplarimni ham mag`zini chaqarsiz. Unutmang sizning miyangizning hajmi ham boshqalarnikidan qolishmaydi, shunchaki siz hozir «Bahor davri»dasiz, — dedi va yana indamaygina ma`ruzasini davom ettirdi. 

O`shanda,  katta e`tiborga ega,  mavqeyi juda baland odam,  tuxumdan endigina chiqqan yigitchaga,  naqadar sabr bilan muomila qilganiga tasanno aytish kerak.  Hatto,  o`z fanidan o`rta baho ham qo`yib bergan edi, garchi mening boshim bo`m-bo`sh bo`lsa-da...

—  Siz nega bu erda o`tiribsiz,  ovqatga tushmaysizmi? 

—  Men haligi,  haligi bu zina juda baland ekan.  Birortasi o`tib qolishini kutayotgan edim,  yordam berar…

—  Keling,  sizga yordam beraman,  qani elkamga suyaning,  ana bo`ldi yuravering…

Bu erdagilarning bari juda mehribon-da. Shifokor ko`rib qolib,  yordamlashmaganida,  aniq och qolar edim. Lekin, ovqatim sovib qolibdi.  Essizgina,  o`g`lim yoqtiradigan taom ekan. Qani endi,  hozir meni ko`rgani kelsa,  eb olardi.  Mening yolg`iz o`g`lim.  

O`shanda kuz edi.  Rafiqam,  menga o`g`il hadya qilganida,  quvonchdan o`zimni qo`yarga joy topolmagandim.  Uning qo`lchalari,  oyoqchalari chunonam mitti ediki.  Puchuqroq burni,  ko`rinar-ko`rinmas sarg`ayib turgan qoshlari,  doim so`lak oqib turadigan lablari,  ko`zlari-chi,  ko`zlari!  Ular benuqson edi.    Yuzimni yuziga tekkizib,  jannat iforlari kelib turadigan hidlariga to`ymasdim.  Goh menga, goh onasiga qarab talpinganlarida, ilk qadamlarini qo`yib, quchog`imizga chopib kelayotganlarida, juda bahli bo`lganman.  Afsuslar bo`lsinki,  biz farzandli bo`lish bahti bilan bir qatorda farzand dog`ini ham totib ko`rdik. 

—  Qizingizga qon quyish kerak,  ahvoli juda og`ir, - dedi-da shifokor operasiya honasiga yugurib ketdi

—  Biror nima qilish kerak,  nimadir qilishimiz kerak.  Biz undan ayrilib qolishimiz mumkin.  Ey,  Xudo qizimni asra,  asra, — rafiqam telba misoli, yo`lak bo`ylab borib kelar, men esa xayollarimni jamlay olmasdim. 

—  Xudo haqqi bir nima qilsangizchi, — dedi u ohiri,  menga baqirib

Shu bilan,  donor qidirib tanish-bilishlarimning yoniga chopdim.  Yarim kechasi bor do`stlarimni yig`ib kelganimda esa, qizimning joni uzilib bo`lgan edi.  Xona eshigiga suyangangan kuyi, rafiqam o`tirar,  qilt etmasdi.  Tanasi muzlab,  jajji qo`llari qattiq bo`lib qolgan qizimni bag`rimga bosdimu,  o`kirib-o`kirib yig`ladim.  Qizimning o`limidan so`ng rafiqamni o`ziga kelishi qiyin bo`ldi.  Biz naqd ikki yil,  «it yotish-mirza turish» hayotini boshdan kechirdik.  U  hech bir ish qilishni istamas,  na uyga na bolalarga va na menga qarardi.  Faqatgina,  o`lib qolmaslik uchungina o`zini majburlab non,  suv erdi xolos.  Tonglari shiftga qarab,  tushlikkacha o`rnidan turmas,  kechalari alahsirab chiqardi.  Nazarimda,  mutloq hayotdan sovugandi. 

—  Sen bu ishing bilan qizimizni ortga qaytarolmaysan.  Iltimos meni qiynayverma, — deya Xudoning zorini qilardim unga.  

Ochig`i,  ham ro`zg`orga,  ham bolalarga qo`shib rafiqamga qarash,  ba`zan malol kelardi.  Lekin,  hech qachon xiyonat yo`liga yurmaganman.  Bolalar tarbiyasi uchun ham vaqt ajratishim onson bo`lmadi. O`g`lim yoshligidan,  nihoyatda sho`x bo`lgan. Injiqlik qilmasligi uchun, nima desa bajo qilar,  bitta bo`lgani uchunmi,  mehrim bo`lakcha edi unga. 

Vaqt o`tishi bilan,  rafiqam o`ziga kela boshladi.  Qizimizning vafotidan keyingi og`riqlarni unutish uchun,  ikkimiz ham harakat qildik.  Bir kuni,  o`g`limning tug`ilgan kunida, u xarxasha qilavergani uchun xiyobonga bordik.  Uydan chiqar mahalimiz,  rafiqam:

—  Hech oyog`im tortmayapdi,  balki bormasmiz, — deb qoldi.  Qo`yarda-qo`ymay,  uni deyarli sudrab ketdim.  Rafiqmning ko`ngli,  doim sezuvchan edi.  Ehtimol,  ayollarda oltinchi hissiyot borligi rostdir.  Xarxashalarda davom etayotgan o`g`limni ovutaman deb,  hammamiz xiyobondagi yangi keltirilgan arg`imchoqlardan biriga chiqdik.  Arg`imchoq tepaga ko`tarilib,  texnik nosozliklar tufayli qotib qoldi.  O`g`limga andarmon bo`lib turganimda,  rafiqamning nolali chinqiriqidan hayratga tushdim

—  Qizi-i-i-im!

Eng kichik qizimiz uning qo`lidan tushib ketgan edi. O`sha damdagi holatimni tasvirlashga ojizman.  Yuragimdagi tug`yonlarni bosa olmasdim.  Nimalar bo`layotganini idrok etolmay,  bir o`g`lim va bir qizimni bag`rimga bosgancha titrardim.  Rafiqam o`ziga kelolmadi,  ikkinchi qizimizning o`limidan keyin u qaytib o`ziga kelmadi.  Qizimizni erga qo`yib qaytgan kunimizni hech unutolmayman.  O`sha kuni,  kechqurun rafiqam o`zini juda sokin tutdi.  Yana ahvoli og`irlashib qolishini o`ylab,  qo`rqqanim sabab,  bu sokinlik meni biroz tinchlantirar,  shu bilan birga hayratga ham solardi. 

—  Ahvoling yaxshimi?  Ya`ni sen,  haligi yana avvalgiday bo`lib qolmaysan-a?  — dedim qo`rqibgina,  u uxlashga kirib ketayotganida

—  Yo`q,  men endi u holga boshqa tushmayman, - dedi u yuzimdan silab qo`yarkan

—  Biz birga bu sinovni ham engib o`tamiz.  Ishon,  birgalikda engib o`tamiz! 
—  Ha,  ha albatda.  Ishonaman!  - dedi u,  hatto jilmayib. 

Men, to o`sha kundan boshlab «Ishonaman» degan so`zga ortiq ishonmaydigan bo`ldim.  Xonamizga kirganimda, u qo`lida bir quti yurak dorisi bilan ko`zlarini o`sha doim termulib turadigani,  shiftga qadagancha jonsiz yotardi. Do`stlarimni aytishlaricha, men o`sha payt, hatto yig`lamabman ham.  Tong otib,  ular kelishganida,  meni jasadga termulgan alfozda topishibdi.  Ehtimol,  o`sha tun men uning ko`zlariga,  yosh qotib qolgan ko`zlariga qarab eng gullagan bahor onlarimni eslagandirman.  

Bilmayman,  aynan nimalarni o`ylaganmanu,  nimalarni his qilganman.  Xotiram o`chib,  o`sha qismlar havoga uchganday eslashga ojizman.  Lekin,  bir narsani aytishim mumkinki,  rafiqamning bu ishidan qattiq ranjigan edim.  U meni tashlab ketgani,  irodasizlik qilgani yoki sabrli bo`lolmagani uchun emas,  ikki qora ko`zlarini unutgani uchun.  Har ne bo`lganda ham ota-onalar farzandlari uchun ham yashashga majbur. O`lim so`ngi chora bo`lolmaydi.  Jonga qasd etish esa,  kuchsizlikdan nishon.  Men unga yordam bera olardim.  Balki,  hozir tirik bo`lganida,  farzandlarimiz mehrsiz va qalbsiz,  bebosh bo`lib ketmasmidilar.

Umrimning qishiga kelib,  bu erlarda yolg`iz o`tirmagan bo`larmidim.  Ilk bora,  o`g`lim meni bu dargohga olib kirayotganida,  darvoza ustidagi lavhni o`qib tamom bo`layozganim esimda.  «Qariyalar uyi».  Naqadar sovuq so`z,  sovuq maskan,  og`riqli manzil.  Balki,  bunga ham o`zim aybdordirman.  Men doim,  tarbiya deganda bolalarni erkalash,  urishish kerak bo`lsa kaltaklash degan tushunchalarni bilardim.  

Nahotki,  ota-ona farzandini,  bir kun yolg`iz qolish uchun bor mehrini berib boqsa.  Axir,  mening ko`zlari qahva donalaridak rafiqam,  shu farzand deb atalmish mo``jiza dog`idan joniga qasd qilmadimi!  Balki,  o`sha qizlarimiz uchun jonini jabborga bergan rafiqam,  bir kun kelib uni ham uloqtirishlari mumkinligini xayolining bir chekkasiga ham keltirmagandir. 

Ovqatdan biroz totidim-da,  o`zim uchun ajratilgan honaga bir amallab kelib,  yotdim.  Men ham shiftga qaradim.  Xayollarim yana meni olib ketdi.  Qalbim to`lib, bolaligim o`tgan beg`ubor yozni, rafiqamni uchratgan farhbahsh bahorni,  qo`limda jon bergan bolalarim va rafiqam nafaslari qolib ketgan kuzni esladim.  Endi yagona tilagim bor,  xolos.  Bu fasl ham tezroq o`ta qolsaydi...

Moxigul Diyorxo`jaeva

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!