Yuragimda saqlaganlarim: “Kelinoyi, meni kechiring!”

14:21, 01 mart 2016

Tahririyatga qo`ng`iroq qilgan muxlisamiz, “Kelinoyimdan gazeta orqali uzr so`ramoqchiman. U kishi dunyodagi eng sabrli ayollardan biri”, dedi. Muxlisamizning yuragida asragan so`zlarini tinglab, to`g`risi, ko`zimiz yoshlandi... 

Kecha Ravshan o`n besh yoshga to`ldi. Hamma qarindosh-urug`lar kun sovuq bo`lishiga qaramay, uning tug`ilgan kuniga kelishdi. Oldinlari, jiyanim chaqaloq paytida deyarli barcha oyoq kiyim sovg`a qilardi. “Ilohim, yurib ketsin”, deya. “Hali yaxshi bo`lib ketadi, zo`r shifokor bo`ladi”, deb yaxshi niyatlar bildirishardi. Kecha ham mehmonlar sovg`a-salomlar bilan kelishdi. Endi ular orasida oyoq kiyimlar yo`q. Tilaklar bildirishganda uzoq umr tilashdi, ammo kimningdir ovozi qaltiragan, kimningdir ko`zi yoshlangan... Onam mung`ayib “rahmat, rahmat”, deb bir chekkada o`tiribdi. Siz esa hali choy, hali yana nimadir olib kelish uchun mehmonxonayu oshxona o`rtasida ovorasiz. O`zingizni ish bilan ovutgandek, chalg`itgandek bo`lasiz. Mehmonlarga “Dasturxonga qarab o`tiringlar”, deyishdan nariga o`tolmaysiz. Biz ham pishirgan pishiriqlaringiz, tayyorlangan salatlaringizni maqtab qo`yamiz. 

O`n besh yil... Bu shunchaki raqamlar emas... Siz bu kunlarning har birini umid bilan, dard bilan o`tkazayapsiz... 

Akam bilan sevishib oila qurdingiz. Uyga kelin kelganida o`n yoshli qizaloq edim. Xuddi hind kinolaridagidek chiroyli kelinchakni tomosha qilgim kelaverardi. Siz esa ko`pincha uyalib xonadan chiqmasdingiz. Men esa eshikdan mo`ralaganim-mo`ralagan edi. Keyin Ravshan tug`ildi. Chaqaloqni qo`limga olgim, qo`g`irchog`imni o`ynatgandek o`ynatgim kelardi. Onam bo`lsa men tugul, hatto sizga ham ishonmasdi nevarasini. Asli Ravshanning ismi boshqacha edi. Keyin qismat otam qo`ygan ismni o`zgartirishga majbur qildi. Chunki “Chaqaloqqa ism og`irlik qilayapti, o`zgartirib ko`ringlar, balkim tuzalib ketar”, deyishdi kattalar. Yaxshi bo`lib ketsin, ravshanlashsin hayoti deb Ravshan deya atay boshladik uni. Chunki Ravshan chaqaloqligida qattiq shamollab qolib, asab tolalari shikastlangandi. Keyin u hech o`ziga kelmadi. Endi yuraman, gapiraman, deb turganida shifoxonaga yotdi-yu, tuzalmadi. Hatto bir muncha muddat umuman yig`lamay qolgani ham ham esimda. Avvalari chaqaloqni ovutolmay halak bo`lardingizlar, endi esa oylab uning bir marta yig`lashiga mahtal bo`lib o`tirardingizlar. Shu bilan hammasi boshlandi. Oylab shifoxonalarda davolanishlar, qaerda zo`r tabib bor ekan degan xabar eshitsangizlar, olib borishlar... 

Kelinoyi, o`zim ham bir xonadonga kelin bo`lib, sizni yanayam tushundim. O`g`lim tug`ilgach esa aslida men o`ylangandan ham sizga ko`proq qiyin ekanligini bildim. 

Tan olaman, ba`zida sizdan xafa bo`lardim. Yosh bo`lgan ekanman-da... To`y-tomoshalar bo`lsa, onam “Mahliyo, uyda o`tirib siqilib ketdi, u bora qolsin. Sen jiyaningga qarab o`tir”, deb meni tashlab ketishsa, arazlab qolardim. Buning ustiga, Ravshan faqat siz bilan otasiga ko`nar, bir zum ko`rinmay qolsangiz, chinqirib yig`lashni boshlardi. Men atigi bir-ikki soat ichida uni ovutolmay, ovqatini edirolmay qiynalib ketardim. Bora-bora unga qarashga o`rgandim. Siz keyin yana uch farzandli bo`ldingiz, ko`z tegmasin, jiyanlarim sog`-salomat. Ularning hammasini onam ikkalamiz katta qildik. Sizning esa o`n besh yildan bunyo umringiz Ravshanning parvarishi bilan o`tayapti. Oliy ma`lumotli bo`lsangiz-da, ishlay olmadingiz. Oxirgi paytlarda ruhingiz tushib ketganiga onam “Ravshanga o`zim qarayman, kelin ishga tushsin”, dedi. Bir haftacha ishladingiz-da, keyin yana bolanigizni ko`zingiz qiymadi. Men ham “Kelinoyi, ishlang. Biroz chalg`irdingiz” desam, “Akangizning ishi yaxshi-ku! Men Ravshanga qaray qolay. Shundoq ham oyimga qiyin. Kichkinalarimga o`zi qaraydi, bolalarning darslarini ham dadasi qildiradi. Men kattamdan ortmayman. Hozir uni ham oyimning elkasiga yuklasam, qiynalib qoladi. Ravshanning jussalari ham kattalashgan, endi u kishi ko`tara olmaydi. Aqalli ovqatini o`zi eyolsa edi, biroz osonroq bo`lardi”, dedingiz. 

Hali qirqqa kirmay oqargan sochlaringiz, ajin qo`ngan yuzlaringizga qarab, sabringizga hayron qolaman. Men bolam tishi chiqayotganda kechasi bilan uxlamay yig`lab chiqsa, chiday olmayman. Siz esa necha yillardan buyon ilk murodingizning bir bor ona deyishiga mahtal yashayapsiz.

Bir marta ko`nglingizni qattiq ranjitganman. To`g`risi aytay, aybimni bilsam-da, og`iz juftlab uzr so`rolmayman sizdan. Shu mavzuda gap ochsam, qalbingiz yana tirnalishini bilaman... 

To`yim bo`lish arafasi edi o`shanda. Shu kuni dugonalarim uyga kelgandi, kelinlik liboslarimni kiyib ko`rsatayotgandim. Sarpomdagi ko`ylaklarimdan biri biroz kattaroq bo`lgan ekan, tikuvchilikdan xabar bo`lgangiz sabab “O`zim to`g`rilab beraman, menga bera qoling”, deb xonangizga olib kirib ketdingiz. Keyin yana chiqib, dugonalarimga qo`shilib liboslarni tomosha qilishda davom etdingiz. Kechki payt Ravshanga sharbat ichirish uchun xonaga kirsam, ko`ylagim uning oldida parcha-parcha bo`lib yotibdi. Avvaliga hech narsani tushunmadim. Keyin siz ko`ylakni jiyanimning yoniga tashlab chiqib ketganingizni bildim. Ravshan narsa yirtishni yaxshi ko`rardi. Shuning uchun ko`pincha uning oldiga qog`oqlar qo`yardik. U esa qo`liga tushgan libosimni titib tashlabdi. Ko`ylakni ko`targancha oldingizga chiqdim. 

Kelinoyi, sal balandroq joyga qo`ysangiz bo`lmasmidi? — dedim. O`zimni bosishga harakat qilsam ham, ovozim baland edi. 

Voy, Zilola, shoshib xonamga olib kiribman-da, — dedingiz. 

Qachon shoshmay ish qilgansiz? Quda tomon olib kelgan mato edi, — dedim bir parcha narsaga ichim kuyib. 

Sizning ham jahlingiz chiqib ketdi. 

Bitta ko`ylak ekan-ku! Akangiz kelsin, pul olib, qaytadan xuddi shunday qilib tiktirib beraman. Men ham atay qilmadim. Shundoq ham jonimdan to`yib yuribman. Sizning gapingiz ortiqcha! — deya xonangizga kirib ketdingiz. Keyin uydan avvaliga Ravshanni urishganingiz eshitildi. Baqir-chaqir ovozga hovlida o`toq qilib yurgan onam yugurib keldi. 

Kelin, nima bo`ldi? Nega bolani urishyapsiz? 

Onam hamma narsaga chidashi mumkin. Ammo Ravshanga kimdir achinish bilan qarashiga ham chiday olmaydi. Sizning o`shanda asabiylashib aytayotgan gaplaringiz u kishining ham jonidan o`tib ketdi. Keyin siz jimib qoldingiz. Kechki payt ovqatga chiqqaningizda ko`zlaringiz yig`idan shishib ketgan ekan. To to`yimgacha menga gapirmadingiz. To`yim kuni esa uydan chiqib ketayotganimda katta oppoq ro`mol sovg`a qildingiz-da, yuzimdan o`pib qo`ydingiz:

Zilola, rahmat sizga, bolalarimni katta qilishdingiz. Kelinoyim qilsin deb, ishlarga qo`l urmay o`tirmadingiz. Qadrladingiz meni. Iloyim, borgan joyingizda qadr toping. Baxtingiz to`kis bo`lsin! Bir etak farzand ko`ring, hammasi sog`-omon bo`lishsin! — dedingiz ovozingiz titrab...

Kelinoyi, niyatlaringiz yo`ldoshim bo`ldi. Baxt ham, qadr ham topdim. Shukr, bolam omon. Kelinlik uyimga keslangiz, meni og`zingizdan bol tomib maqtab ketasiz. Lekin Ravshanni, jiyanlarimni katta qilishganim, yumushlaringiz osonlashtirganim bilan dardlaringizni ololmayman. Ravshanga ko`zim tushsa, kimdir og`iz ochsa, yuragim o`rtanib ketadi. Siz esa o`n besh yildan buyon shu dardni har lahza his qilib yashayapsiz. Men shu sinovlarga sabr qilayotganingiz uchun siz bilan akamga hali mukofotlar yog`ilishiga ishonaman. Xudodan, bolalaringiz rohatini ko`rishingizni so`rab qolaman. Iloyim, kichik farzandlaringiz sog`lom, barkamol bo`lib o`sishsin, rohatini ko`ring ularning... Meni esa kechiring...

Shoira VAFOEVA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 13:11, 11 mart 2016
Илохим Равшан тузалиб кетсин. сизга ота онасига факат бахт соглик тилиман жудаям таъсирли вокеа экан.
Гость 21:54, 09 mart 2016
Жудаям тасирли Илохим дунега кеган хар бир чакалок сог саломат тугилсин Шунча сабир бардош эвазига Оллохими мукофотлари егилсин дард берган Оллохими шифосихам беради